Andijonlik muxlislarga respekt yoxud "Burgutlar"ning o‘yini haqida

Superliganing 6-turi Andijondan boshlandi. Bu o‘yinga qiziqish katta bo‘ldi. Klub matbuot xizmati tomonidan etarli darajada anonslar berildi va muxlislarni yanada qiziqtirish uchun ancha ishlar olib borildi. Boz ustiga har uchrashuvda “Bobur arena”dagi fantastik muhit hammaning e’tiborida bo‘lib kelayotgandi. Shuning natijasida Qozog‘istondan ham o‘yinni yoritish uchun OAV vakillari tashrif buyurdilar.

Kutilganidek, stadiondagi muhitga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Uchrashuvni esa bevosita stadiondan Davron Fayziev hamda Xayrulla Hamidov tandemi sharhlab bordilar. Bu bejiz emasdi. Negaki, “Andijon” va uning muxlislari dovrug‘i ancha yoyilib borayotgandi. “Bobur arena”dagi dahshatli atmosfera bois o‘yin boshlarida raqib a’zolari biroz esankirab ham qoldilar. Muxlislar bilan to‘lgan stadionda to‘p surishning gashti baribir boshqacha.

O‘yin taqdirini birgina gol hal qildi. Ushbu gol esa “So‘g‘diyona” jamoasi tomonidan kiritildi. 65-daqiqada legioner o‘yinchi Doriev imkoniyatdan foydalanib gol urdi. Albatta, bahs davomida “Burgutlar”da imkoniyatlar bo‘ldi, ikkala bo‘limda ham. Biroq hujumlarni oxiriga etkazishda aniqlik etishmadi. Masalan, zaxiradan maydonga tushgan Armin Boshnyakda hisobni tenglashtirish uchun qulay vaziyat yuzaga keldi. Biroq uning zarbasi darvozaga to‘g‘ri bormadi.

Shu tariqa, “Andijon” chempionatdagi ilk mag‘lubiyatiga uchradi. Lekin jamoaning ashaddiy ishqibozlari o‘z futbolchilarini qarsaklar bilan kuzatdilar va ularga dalda bo‘ldilar. Andijonlik muxlislarga shunchaki respekt! Futbolda g‘alaba va mag‘lubiyat hamisha yonma-yon. Shunchaki, bu safar “Andijon”ning o‘ylagan rejalari o‘xshamadi.

Keyingi turni jamoamiz 12 may kuni Farg‘onada “Neftchi”ga qarshi o‘tkazadi.  

“Andijon” – “So‘g‘diyona” – 0:1 (0:0).

4 may. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 18012 tomoshabin.

Hakamlar: Olim To‘ychiboev, Xusniddin Shodmonov, Shavkat Rahmatov

Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov

VAR: Ahrol Risqullaev

AVAR: Maksim Nexochin.

Nazoratchi: Zokir Qodirov

Komissar: Bekzod Aripov

“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Ilhom Alijonov, Levan Arveladze (Ilhom Abdug‘aniev, 71), Farhod Bekmuratov (Muhammadkarim Toirov, 46), Sherzod Esanov, Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 71), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiev, 59).

“So‘g‘diyona”: Milan Mitrovich, Sardor Qulmatov (Otabek Axadov, 90), Islom Qobilov, Oleg Zoteev, Stanislav Andreev (Mirjalol Abdumutalov, 77), Jasur Yoqubov, Xondamir Mustafoqulov, Nodir Soyibov, Vladimir Yovovich, Samandar Mavlonqulov, Lyupcho Doriev (Aleksey Nosko, 90+4).

Gol: Lyupcho Doriev, 65 – 0:1.

Ogohlantirishlar: Farhod Bekmuratov, 38. Islom Mamatkazin, 70. Ilhom Abdug‘aniev, 83 – Vladimir Yovovich, 17. Samandar Mavlonqulov, 26. Jasur Yoqubov, 55. Ivan Boshkovich, 56. Islom Qobilov, 79. Otabek Axadov, 89. Xondamir Mustafoqulov, 90+6.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!