Asror Aliqulov: "Bu o‘yin ko‘p narsani hal qiladi"

Pro liganing 7-turida “Mash’al” safarda “Do‘stlik” mehmoni bo‘ldi. Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda muborakliklar 2:4 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Lekin bu oson bo‘lgani yo‘q. Sababi, “Do‘stlik” futbolchilari jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Shunga qaramay, tajribaliroq hisoblangan “Mash’al” uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyin “Mash’al” ustozi Asror Aliqulov ayrim savollarga javob qaytardi.

- “Do‘stlik” jamoasini pro ligada turnir jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqib futbolchilarga sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik, bu o‘ynovchi jamoaligi, to‘pni yaxshi nazorat qila olishini va tarkibida yaxshi futbolchilar borligini uqtirgandik. Ko‘rdingiz, qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Baribir boshida hisobda ortda qoldik. Imkoniyatlar yaratishga yo‘l qo‘ydik. Ammo o‘yinchilarimiz o‘zlarida kuch topishdi. Bugungi g‘alaba uchun futbolchilarimga minnatdorchilik bildiraman. Uzoq yo‘l bosib kelgan muxlislarimizga ham rahmat aytamiz. Bu futbol va barchasi muxlislar uchun. “Mash’al” jamoasiga kimlar xizmat qilayotgan bo‘lsa, barchasini g‘alaba bilan tabriklayman.

- Jamoangiz o‘yini qanaqa taassurot qoldirdi?

- Birinchi navbatda o‘yin boshlarida yigitlarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch va maydonga moslashish qiyinroq bo‘ldi. To‘p nazorati va to‘pni o‘ziga bo‘ysundirishda muammolar bo‘ldi. Hisobda oldinga chiqqanimizda biroz tinchlangandek ko‘rindik. Baribir yana standartdan gol o‘tkazib, biroz ishonchni yo‘qotib qo‘ydik.

- Bu yog‘iga ham “Mash’al”ni og‘ir taqvim kutib turibdi. Safarda yana ketma-ket ikkita o‘yini bor. Shu haqida fikringiz?

- Har bir uchrashuv og‘ir. “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu o‘yin ko‘p narsani hal qiladi. Shu bois yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, muxlislarni xursand qilish uchun hamma mehnatni qilamiz.

- Fursatdan foydalanib, 9 may xotira va qadrlash kuniga ham tilaklaringizni bildirsangiz...

- 9 may xotira va qadrlash kuni bilan futbolga xizmat qilayotganlarni va barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Kimlardir oramizda yo‘q.

- “Mash’al” ustunlik qilib turgan paytida hisobni tenglashtirdi. Keyinchalik yana shunaqa ustunlik qilib turganida penaltidan gol urdi. Yana shunday ustunlik chog‘ida avtogol bilan hisobda oldinga chiqib oldi. Buni adolatli desa bo‘ladimi?

- Ustunlik hamma vaqt ham sizga natija bermasligi mumkin. Futbolchilarga ustunlik holatida qarshi hujumga tayyor bo‘lish haqida uqtiramiz. Standart holatida o‘zimizga gol urib qo‘yganimiz bu futbolchining individual xatosi. O‘sha vaziyatda ishonchliroq harakat qilishi mumkin edi. Ikkinchi o‘tkazilgan golda sustkashlikka yo‘l qo‘ydik. Bu tomonlama “Do‘stlik” futbolchilari ham yaxshi ijro ko‘rsatishdi. Raqib haqqoniy gollar urdi.

- Hisob 1:0 paytida “Do‘stlik” futbolchisi birga-bir vaziyatdan gol ura olmadi. Bir daqiqadan so‘ng “Mash’al” hisobni tenglashtirdi. Bu vaziyatda “Mash’al”ga omad keldi, desa bo‘ladimi? Agar hisob 2:0 bo‘lganida o‘yin qanaqa kechgan bo‘lishi mumkin edi?

- Omad keldi deyish mumkin. Raqib o‘yinchisi yakkama-yakka holatda gol ura olmadi. Lekin 2:0 bo‘lganida ham qo‘lni tushirmasdik. Chunki futbolchilarni har doim oxirigacha kurashishga undaymiz. Hisob qanaqa bo‘lishi, 2:0 dan chiqib ketamizmi-yo‘qmi, buni hech kim aniq ayta olmaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!