“Barsa” etakchisiga jiddiy xaridor chiqdi

“Chelsi” tajribali futbolchi Tyago Silva o‘rniga yuqori darajada o‘ynay oladigan markaziy himoyachi qidirmoqda.

39 yoshli braziliyalik o‘yinchi klubni tark etishini ma’lum qilgan va yurtiga qaytib ketmoqchi.

“Aristokratlar” uning o‘rniga “Barselona” va Urugvay terma jamoasi vakili Ronald Arauxoni olib kelishni mo‘ljallayapti. Kataloniyaliklar moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, ayrim yulduzlari bilan xayrlashishni rejalashtirgan. Ular orasida Arauxo ham bor.

TBR Football nashri londonliklar futbolchining agentlari bilan aloqaga chiqqani va uning atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib turgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Ronald Arauxoning kataloniyaliklar bilan shartnomasi 2026 yilning yarmigacha davom etadi.

Transfermarkt portali uning narxini 70 million evroga baholamoqda. Ronaldga “Manchester Yunayted” ham jiddiy qiziqish bildirgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!