"Lokomotiv"ning xorvatiyalik hujumchisi: "Jamoani yana asosiy ligaga qaytishida yordam bermoqchiman, moslashish uchun vaqt kerak" (intervyu)

  • 8 yanvar, 2023, 18:14
  • 0
  • Futbol

O‘zbekistonda mavsum yakuniga etgan va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni etakchi futbolchilar tark etmoqda.

Shu bilan bir qatorda jamoalar o‘z tarkibiga bir qancha futbolchilarni qo‘shib olmoqda. Jumladan, yangi mavsumni Pro-ligada boshlaydigan Toshkentning "Lokomotiv" klubi Singapur klubidan xorvatiyalik hujumchi Shime Jujulni o‘z safiga qo‘shib oldi. 

SPORTS.uz sayti jurnalisti Shohrux Zoirov bu transfer borasida futbolchining o‘zi bilan bog‘lanishga qaror qildi. Shime nima sababdan aynan O‘zbekistonni tanlagani, mamlakatimiz futboli borasida nimalarni bilishi haqida quyidagi intervyu orqali batafsil tanishib chiqishingiz mumkin. 

shime

- Xayrli kun, Shime! Birinchi savol odatiy. Nima uchun aynan O‘zbekistonni tanladingiz?

- Sizga ham kun xayrli bo‘lsin! Menga Xorvatiyadagi agentlar "Lokomotiv"dan taklif borligini aytishdi. Ular menga liga va klub haqida ajoyib maslahatlar berishdi. Men doim yangilik qilishdan qochmaganman. Shu sababli taklifni ko‘p o‘ylab o‘tirmadim. 

- Klubga tashrif buyurishdan asosiy maqsadingiz nima? 

- Men "Lokomotiv"ni yana asosiy ligaga qaytishida yordam bermoqchiman. Ko‘p gollar urishni istayman, albatta. Qo‘limdan kelgancha, o‘zimning eng yaxshi o‘yinimni namoyish etishga harakat qilaman. 

- Bu erga kelishdan oldin O‘zbekiston haqida nimalarni bilardingiz?

- Ochig‘i, ko‘p narsa bilmasdim. Bu erdagi futbol, tabiat, odamlar bilan ham endi tanishaman. Umid qilamanki, bu erga tezda ko‘nikib ketaman.

zuzul

- O‘zbekistonda Xorvatiyadan kam futbolchilar to‘p tepadi. Deyarli yo‘q, desak ham xato bo‘lmaydi. Bu sizga noqulaylik tug‘dirmaydimi?

- Menga moslashish uchun vaqt kerak. Bu iloji boricha kam vaqt oladi, deb o‘ylayman. Klubga va uning muxlislarini xursand qilishga tayyorman va buning uchun borimni beraman. 

- "Lokomotiv"dan tashqari ham qandaydir takliflar bo‘ldimi?

- Ha, 2-3 ta takliflar bor edi. Ammo men aynan shu jamoada ishonchli loyiha borligini ko‘rdim. Tabiiyki, tanlov borasida ko‘p ham o‘ylanib o‘tirmadim. 

file

- Siz uchun qaysi uslubda to‘p tepish osonroq?

- Men tezkor va vertikal futbolni afzal ko‘raman. Masalan, Yurgen Kloppning "Liverpul"iga o‘xshash uslubni ma’qul ko‘raman. 

- Sizga bitta futbolchining o‘yini yoqadi va uning ismi...

- Mario Manjukich. Menga uning o‘yinlarini kuzatish yoqardi. Uning har o‘yindagi harakatlarini qadrlash kerak. Mario - idealimdagi hujumchi sanaladi.

 

Shohrux Zoirov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!