Lutfulla To‘raev: "Murabbiylikka qadam bosdingizmi, siz o‘zgarishingiz kerak" (1-qism)

Muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan futbolchi Lutfulla To‘raev bu yildan butsalarini mixga ilishga qaror qildi va o‘zini endi murabbiylikda sinab ko‘rmoqda.

To‘raevning oxirgi klubi “Neftchi” bo‘lib qoldi. U erda bir necha mavsumni o‘tkazdi. Endilikda Lutfulla ushbu klubda murabbiylar shtabiga qo‘shildi.

Sports.uz jurnalisti murabbiylikka qadam bosgan To‘raev bilan suhbatlashdi. Unda bir qator mavzular qamrab olingan bo‘lib, suhbatni ikki qismga bo‘ldik.

- Futbolchilik faoliyatingizni yakunlashingizni kutmaganlar ko‘p bo‘ldi va yana maydonda to‘p surishingizni o‘ylashgandi ham. Hammasi qanday sodir bo‘ldi: tasodifanmi yoki avvaldan rejalashtirib qo‘yganmidingiz?

- Ikki yil Farg‘onada o‘ynagan bo‘lsam, 1,5 yil Vitaliy Grigorevich qo‘li ostida to‘p surdim. 2022 yil ikkinchi davrasida menga shu taklifni bergandi. Qachondir futbolni tugatasan, litsenziyaga o‘qish kerak, seni o‘z shtabimda ko‘ryapman deb taklif bergandi. 2023 yilni boshida jarohat oldim, operatsiya bo‘ldim. Shundan keyin yana o‘ynadim. Tugatishimga operatsiya biroz bo‘lsa ham ta’sir qildi. Levchenko bilan gaplashdim va natijada faoliyatimni tugatishga qaror qildim. Murabbiylik faoliyatimni boshlashni niyat qildim. Atrofimda yaxshi insonlar jamlangandi. Levchenko va uning shtabidagilar ajoyib va ular bilan ishlashga qaror qildim. Albatta, menga futbolchilik faoliyatimni davom ettirishim yuzasidan takliflar bo‘ldi. Ammo organizmimni qiynamay deya tugatishni xohladim.

lutfulla1

- Futbolimizda o‘zingizga yarasha statusga egasiz. O‘ylashimcha, Lutfulla To‘raev shunchaki futbolni tugatib qo‘ya qolishi to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, rasman e’lon qilib, qandaydir xayrlashuv uchrashuvi tashkillashtirish rejangiz yo‘qmi?

- Turkiya yig‘inidan yaqinda qaytdik. 2024 yilgi Superligamiz boshlanish arafasida. Shunga tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘risi, bu narsa xayolimda bor ediyu, biroq hali o‘ylab ko‘rmagandim. Biroq xayrlashuv o‘yinini o‘tkazish niyatim bor.

- Faoliyatingizda siz bilan birga o‘ynagan futbolchilardan iborat ramziy terma jamoangizni aytib bera olasizmi?

- Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Anzur Ismoilov, Xayrulla Karimov, Vitaliy Denisov, Aziz Haydarov, Odil Ahmedov, Jasur Hasanov, Rustam Qodirov, Shuhrat Mirholdirshaev, Kamoliddin Murzoev. Murabbiylar ikkita: Vadim Abramov bilan Vitaliy Levchenko.

lutfulla7

- “Neftchi”da murabbiy rolidagi ishingiz va vazifangiz nimadan iborat?

- Futbolni endi tugatganim uchun o‘yinchilar bilan yaqinmiz. Murabbiylar shtabi va futbolchilar o‘rtasida ko‘prik, bog‘lovchi, ko‘proq.

- Murabbiylikda o‘zingizni qanday his qilyapsiz yoki hali ham xayolingizda futbolchi sifatida tasavvur qilyapsizmi?

- Futboldan keyin hali ham o‘yinchiman degan narsa ko‘p o‘yinchilarda bo‘ladi. Murabbiylikka qadam bosdingizmi, siz o‘zgarishingiz kerak. O‘zgarmasangiz bo‘lmaydi. Bu narsaga hayotni o‘zi ham majbur qiladi.  

- Jamoadoshlaringiz sizni murabbiylikka o‘tganingizni qanday qabul qilishdi?

- Futbolchilarni ko‘pchiligi hali yana o‘ynasangiz bo‘lardi deb aytishdi, tanishlarim va yaqinlarim ham. Ikki yil ketma-ket jarohat oldim, organizmga dam berish vaqti keldi, deb hisobladim. Tugatgach, yana qanaqa insonlar bilan ishlashimga ham bog‘liq bo‘lib qoldi. Hamma yaxshi qabul qilishdi. Lekin futbolchilarning ko‘pchiligi yana siz bilan o‘ynash niyatim bor edi (kuladi) deb aytishadi.

- Odatda futbolchilar murabbiylarga murojaat qilayotganlarida ularni otasini ismini qo‘shib gapiradilar. Siz bilan qanday bo‘lyapti?

- Hali o‘rganmagan, lekin unisiga ham, bunisiga ham bo‘lyapti. Murabbiylar shtabidagi barcha menga ustozdek.

lutfulla3

- Sizda murabbiylik bo‘yicha qanday litsenziya bor?

- “S” litsenziyasiga o‘qiganman. Shu yili “B” uchun o‘qiyman. O‘zimni ham ko‘p narsani o‘rgangim kelyapti. “S” litsenziyasiga o‘qiganimda bolalar futboli haqida bildim. Katta futbolda o‘ynab yuraverib bolalar futbolini tushunmas ekanmiz. Birorta o‘yinchini u erga olib borib qo‘ysangiz yaxshi tushunmaydi. O‘qishi kerak. O‘sha kurslarda o‘zim uchun ko‘p narsa oldim.

- Futbolchilik faoliyatingizda siz uchun eng yoqimli va yoqimsiz o‘yin qaysilar?

- Yutqazsangiz hammasi yoqimsiz bo‘laveradi. Har bir yutgan o‘yin esa bayram bo‘ladi, kayfiyat ko‘tariladi. 2012 yili “Bunyodkor” safida JAR stadionida Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalida Janubiy Koreyaning “Ulsan Xyunday” klubiga yutqazganmiz. Yutganimizda final O‘zbekistonda bo‘lishi kerak edi. Afsus, “Ulsan” g‘alaba qozongan va final Koreyada o‘tgan. O‘sha eng alamlisi bo‘lgan. O‘shanda yarim finalga chiqqanimiz katta gap edi. Yutganimizda esa OChL finali O‘zbekistonda o‘tardi. Yoqimli xotiraga kelsak, 2011 yili “Nasaf” bilan OFK Kubogini yutganmiz. Chempionatda ikkinchi o‘rinni egallaganmiz. Aslida bu dunyoga kelganimizni o‘zi xursandchilik.  

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
02/03/2024 11:55
Балли Лутфулла! Мураббийлик ишларингда ҳам муваффақиятлар тилаймиз. Хайрлашув ўйинига келсак, - шарт эмас, деб ўйлайман.