O‘zbekiston Kubogi. "Qiziriq" "Bunyodkor"ni o‘z stadionida qabul qila olmaydi

"Qiziriq" 2024 yildan e’tiboran Liga a’zosiga aylandi. U O‘FA tomonidan o‘tkazilgan pulka musobaqasida g‘olib chiqqani uchun shartli ravishda "Qiziriq" birinchi ligaga qo‘shib olindi. 

Endilikda "Qiziriq" 2024 yilgi mavsum davomida Liga tomonidan qo‘yilgan talablarni bosqichma-bosqich yaxshilab borishi kerak. Ya’ni, uning 2025 yilgi mavsumda ham Liga a’zosi bo‘lib qolishi talablarning qanday bajarilgani bilan chambarchas bog‘liq hisoblanadi. Jamoaning yangi a’zo ekanligidan kelib chiqib, mavjud kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etib borilishi uchun imkon beriladi.

Aprel avvalida Liga mutaxassislari "Qiziriq" jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan maydonda bo‘ldi. U hozircha minimal talablarga javob bermaydi. Stadion akti tayyor emas. Shuni inobatga olgan holda jamoaning O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi 2-turi doirasidagi "Bunyodkor" bilan o‘yini Toshkentda bo‘lib o‘tadi. "Qiziriq", shuningdek, 14 aprel kuni "Jayxun" va 28 aprel kuni "Sho‘rtan" mehmoni bo‘ladi.   

"Qiziriq" Birinchi liganing ilk turini 17 aprel kuni o‘z maydonida "Jizzax" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bellashuv uchun Liga tomonidan stadionga dastlabki talablar belgilab beriladi. Ularning qay tariqa bartaraf etib borilishidan kelib chiqib, "Qiziriq" keyingi uy uchrashuvlarini o‘z maydonida o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Liga stadion bilan bog‘liq o‘zgarishlarni sezmasa, u holda "Qiziriq" Birinchi liga uchrashuvlarini ham safarda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zPFL matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Javoh Bektoshev
11/04/2024 22:06
Biz Qiziriq klubini uz maydonida oʻynashni xohlaymiz