O‘zbekiston Kubogida ishlagan hakamlardan 4 nafari diskvalifikatsiya qilindi

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi 1-turiga doir hakamlarning ishini ko‘rib chiqqan O‘zbekiston futbol hakamlari markazi bir nechta vaziyat bo‘yicha xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini aniqladi.

Jumladan, O‘zFHMning O‘zbekiston Kubogi 1-turi yakunlariga ko‘ra, yuzaga kelgan 5 ta bahsli vaziyatlar yuzasidan O‘FA Hakamlar qo‘mitasi qarori:

1. Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston Kubogi N guruhi doirasida bo‘lib o‘tgan «Andijon» – «Dinamo» bahsi birinchi yordamchi hakami Ruslan Serazitdinov o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatolari tufayli uchrashuv nazoratchisi tomonidan 7,4 (qoniqarsiz) bahosiga loyiq ko‘rildi. Unga ko‘ra, O‘FA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan Ekspert-hakamlar komissiyasining chiqargan xulosasi, uchrashuv nazoratchisining qo‘ygan bahosi inobatga olingan holda Ruslan Serazitdinovga Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3.3-bandiga muvofiq, barcha musobaqalardan 2024 yil 3 iyunga qadar, ya’ni Superliga bahslaridan 5 ta tur hamda O‘zbekiston Kubogi bahslaridan 2 ta tur uchrashuvlariga chetlatish, o‘yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 75% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo‘llanildi;

2. O‘zbekiston kubogi N guruhi 1-turidan o‘rin olgan «Nasaf» – «Navbahor» bahsi bosh hakami Temur To‘xtasinov o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatolari tufayli uchrashuv nazoratchisi tomonidan 7,4 (qoniqarsiz) bahosiga loyiq ko‘rildi. Unga ko‘ra, O‘FA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan Ekspert-hakamlar komissiyasining chiqargan xulosasi, uchrashuv nazoratchisining qo‘ygan bahosi inobatga olingan holda bosh hakamga Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3.3-bandiga muvofiq, barcha musobaqalardan 2024 yil 3 iyunga qadar, ya’ni Superliga bahslaridan 5 ta tur hamda O‘zbekiston Kubogidan 2 ta tur uchrashuvlariga chetlatish, o‘yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 75% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo‘llanildi;

3. O‘zbekiston Kubogi D guruhi 1-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv» – «Zomin» bahsi bosh hakami Ibrohim Ismoilov o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatolari tufayli uchrashuv nazoratchisi tomonidan 7,9 (qoniqarli) bahosiga loyiq ko‘rildi. O‘FA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan bosh hakamga Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3.1-bandiga muvofiq, barcha musobaqalarning 1 ta tur bahslaridan chetlatish, o‘yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 25% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo‘llanildi;

4. O‘zbekiston Kubogi E guruhi 1-turidan o‘rin olgan «Lokomotiv-BFK» – «Chig‘atoy» bahsi bosh hakami Akmal Rahimov o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatolari tufayli uchrashuv nazoratchisi tomonidan 7,9 (qoniqarli) bahosiga loyiq ko‘rildi. O‘FA Hakamlar qo‘mitasi tomonidan bosh hakamga Hakamlar tartib-intizom kodeksining 2.3.1-bandiga muvofiq, barcha musobaqalarning 1 ta tur bahslaridan chetlatish, o‘yin uchun belgilangan hakamlik maoshidan 25% miqdorida olib tashlash jarima-intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zFHM matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шоим Зарипов
17/04/2024 06:52
Тухтасиновни батамом хайдаш керак эди чунки гирт саводсиз соткин хакам ишига нолойик инсон куй бокиб юрсин .