"Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi: "Selektsiya ishlarini davom ettiryapmiz"

O‘zbekiston Kubogi doirasida “Qo‘qon-1912” o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga 0:2 hisobida mag‘lubityaga uchradi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov ishtirok etdi.

- O‘yin biz kutgandek bo‘ldi. “So‘g‘diyona”ni bilasizlar, o‘tgan yili ham, bu yil ham oldiga katta maqsadlar qo‘ygan. O‘tgan safar ham aytgandim, bugungi uchrashuvda tarkibda rotatsiya qilib, hammani tekshirib olmoqchi edik. Hali mavsum uzoq, o‘yinlarimiz ko‘p. Bizda 25 ga yaqin futbolchilar bor. Hammasini ko‘rib olishimiz kerak. Uchrashuvga kelsak, “So‘g‘diyona” yaxshi jamoaligi ko‘rinib turibdi. Lekin tablodagi hisob o‘yinga mos bo‘lmadi. Men boshqa narsa kutgandim. Futbolchilarimiz ham qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi. O‘yinchilarimizga e’tiroz yo‘q. Nimagaki, qaysi biridir hali o‘ynagani yo‘q, ular iqtidorli yoshlar. Yigitlarga imkoniyat berib ko‘rdik. Tajriba o‘z so‘zini aytdi. Bo‘sh zonalar qoldirmadik. Kecha buning ustida ishlagandik. “So‘g‘diyona”ning o‘yinini ko‘rib tahlil qilgandik. Bugungi uchrashuvda 8-raqamdagi legioneri yaxshi taassurot qoldirdi. Futbolchimiz Zafar birinchi bo‘limda jarohat olib maydonni tark etdi va o‘ng tomonimizda biroz muammo kuzatildi. Bugun individual mahorat o‘z so‘zini aytdi.

- Bugun “Qo‘qon-1912” “So‘g‘diyona”dan bir bosh ustun o‘yin namoyish etdi. Lekin jamoa gol ura olmadi. Yigitlarni o‘ziga bo‘lgan ishonchi etishmadimi yoki omad sabablimi?

- Futbolda eng katta rol o‘ynaydigani omad. O‘zingiz aytib turibsiz, futbolchilarimizga e’tiroz yo‘q. Muxlislar ham, sizlar ham ko‘ryapsizlar. Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bir bosh ustun o‘ynadi deyapsiz, ko‘rinibdi, rahmat. Yigitlarda ishonchsizlik emas, ozgina muvozanatni yo‘qotishdi. Chunki o‘zlariga bo‘lgan ishonch biroz oshib ketdi. Xatoimiz tufayli gol o‘tkazib yubordik. Birinchi bo‘limda 2-3 ta yaxshi imkoniyatlarimiz bor edi. Ikkala bo‘limda deyarli bir xil o‘ynadik. O‘tgan yili pro ligada o‘ynadik, ko‘rdik. Shunga qarab futbolchilarni yig‘ganmiz. To‘g‘ri, yangi jamoa, ammo yomon futbolchilar emas. 5-6 ta uchrashuvlar o‘tdi. To‘g‘ri, ozgina qiyinchilik bor futbolchilarda, buni tushunaman. Vaqti keladi, hammasi o‘rniga tushadi.

- Boshqa klublarda ham 2-3 tadan qo‘qonlik futbolchilar o‘ynab yurishibdi. Bu yil albatta Superligaga chiqamiz. O‘sha yigitlar bilan gaplashib, selektsiyani davom ettirib tursa bo‘ladimi?

- Xudo xohlasa, niyatimiz bor. To‘g‘ri aytdingiz, biz oldimizga katta maqsad qo‘yganmiz. Jamoada hali bunday infrastruktura bo‘lmagan. Hamma narsa oldinga qarab siljiyapti. Biz ham to‘xtab turganimiz yo‘q. Hali birinchi davragacha ancha bor. Lekin selektsiyani qishdayoq boshlaganman. Qo‘qonlik yoshroq, iqtidorli o‘yinchilarga taklif bilan chiqamiz. Rizqi qo‘shilgan bo‘lsa keladi. Bundan tashqari ham selektsiya ishlarini davom ettiryapmiz. Bizga yana 2-3 ta sifatli o‘yinchilar kerakligi ko‘rinib qolyapti.

- Agar Serbiya yoki shunga o‘xshash mamlakatlardan o‘yinchi olish kerak bo‘lsa, hech bo‘lmasa Lyupche Doriev darajasida bo‘lsa...

- Xudo xohlasa, harakat qilamiz. Rahbariyat, murabbiylar shtabi maslahat qilamiz. Boshqalar O‘zbekistonda futbol sal pastroq deb o‘ylaydi. Lekin O‘zbekistonda futbol juda o‘sgan, pro ligada ham, Superligada ham. Oddiy jamoa qolmadi. Oldinga o‘sish bo‘lyapti. Federatsiyamiz ham yaxshi ishlayapti. Deyarli barcha jamoada infrastruktura bir xil bo‘lyapti, sharoitlar yaxshi. Raqobat kuchli bo‘lyapti. Ishlash va izlanish kerak. Yoshroq, o‘zbek futboliga mos tushadigan, kuchli o‘yinchilarni topishga harakat qilamiz.

- Kecha “Andijon” – “Dinamo” uchrashuvi zo‘r bo‘ldi. Bunday o‘yinlarni ko‘rib maza qilamiz...

- Hozir hamma o‘yinlar yaxshi bo‘lyapti, yomon uchrashuvlarni o‘zi yo‘q, pro ligada ham, Superligada ham. Hamma tayyorlanyapti, murabbiylar ishlayapti, futbolchilar ham. Biz ham yanada sifatliroq qilishga harakat qilamiz.

- O‘tgan yili yaxshi o‘ynagan Asadbek Zokirjonov bu yil negadir ko‘rinish bermayapti?!

- Asadbek Zokirjonovni qishda yuragi bilan bog‘liq muammosi bo‘lgan. Shifokorlar ruxsat bermagan. Deyarli bir oy shug‘ullanmadi. Qishki yig‘inda bir haftani o‘tkazib yuborsa ham bu chempionatda bilinadi. Asosiy yuklamalarni olish kerak, u olmadi. Mana, endi shifokor ruxsat berdi. Uni ham tarkibga qo‘shyapmiz. Yosh, iqtidorli. Shu yo‘nalishda ketsa albatta imkon beramiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!