Suzish. Ertaga Samarqandda Osiyo chempionati boshlanadi

Avval xabar berganimizdek, ertaga Samarqand shahridagi eshkak eshish kanalida ochiq suv havzasida suzish bo‘yicha kattalar o‘rtasida X Osiyo chempionati bahslari boshlanadi.

Qit’a chempionatining birinchi kuni 5 kilometr masofaga suzish bo‘yicha musobaqa o‘tkaziladi.

Erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan musobaqada 24 nafar, xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan bahslarda esa 16 nafar sportchi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Erkaklar o‘rtasida tashkil etiladigan musobaqada Vatanimiz sharafini Abdujalil Abdug‘aniev, Vyacheslav Shkretov va Nikita Kornilov (Bekmurod Kenjaev zaxira sportchi) himoya qilishadi.

Umuman erkaklar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan tashqari Ummon, Tojikiston, Qozog‘iston, Yaponiya, Iordaniya, Eron, Bangladesh, Hindiston, Xitoy Taypeyi, Gonkong, Iroq, Quvayt va Falastin terma jamoasi a’zolari ham startga chiqadilar.

Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan bahslarda esa O‘zbekiston sharafini Parizoda Iskandarova, Anastasiya Zelinskaya hamda Muslima Jumaboeva himoya qiladilar.

Mazkur musobaqada, shuningdek, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy Taypeyi, Gonkong, Iordaniya, Yaponiya va Bangladesh terma jamoasi a’zolari ham sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!