Superliga joriy yilgi mavsumi shiddatli o‘tdi, deyish mushkul. Ammo yakun istalgan liga intrigasidan kam bo‘lmadi. So‘nggi soniyalarda xalqaro maydon uchun chiptani ilib ketgan "So‘g‘diyona", bor umidi kubokda qolgan "Nasaf", Superligada qolish masalasining "Mash’al" va "Surxon" o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvda hal bo‘lishi va hokazo. Biz bugun e’tiboringizga yakunlangan mavsum ramziy terma jamoasini taqdim etishni niyat qilganmiz. Barcha nomzodlar SPORTS.uz jurnalistlarining talqini bo‘yicha tanlab olingan.

Murabbiy: Piter Xyuistra "Paxtakor"

Ha, Xyuistrani mavsumning eng yaxshi murabbiyi, deb topdik. Bunga sabablar etarlicha. Avvalo, u amalga oshirgan ishlar xususida ikki og‘iz. U Jaloliddin Masharipov, Igor Sergeev, Eren Derdiyok kabi yulduzlar tark etgan klubni shohsupada olib qoldi, turli sabablar bilan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Egor Krimets, Doston Hamdamov, Odil Hamrobekov kabi yuqori darajadagi futbolchilar yarim mavsum o‘tkazdi. O‘z navbatida, bu jamoa uslubiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Unga raqobat tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mutaxassislar faoliyatiga nazar tashlasak, umumiy bir jihatga ko‘zimiz tushadi. Ya’ni, Berdiev, Qosimov, Baqoev bir necha yildan beri amaldagi jamoasini boshqarib kelmoqda. Bu eng katta va yakunda barchasini hal qilgan faktor.

IMG_0016

Darvozabon: O‘tkir Yusupov "Navbahor"

Superligamizning ayni damdagi eng kuchli posbonlaridan biri haqli ravishda ramziy jamoadan o‘rin oldi. O‘tkazilgan 26 o‘yinning 11 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishni uddalagan Yusupov "lochinlar" uchun almashtirib bo‘lmas futbolchi hisoblanadi. So‘zimizga uning joriy mavsum barcha uchrashuvlarni asosiy tarkibda boshlab, biror marta zaxiraga olinmaganligi isbot bo‘la oladi. O‘zining ishonchli o‘yini bilan Srechko Katanetsning e’tiboriga tushgan O‘tkir bundan buyon milliy terma jamoa asosiy tarkibi uchun ham kurash olib boradi. To‘g‘risi, bunda unga jiddiy raqobat tug‘dira oladigan darvozabon yo‘q!

yusupov_3

Markaziy himoyachi: Ivan Yosovich "Qo‘qon-1912"

"Qo‘qon-1912"dan futbolchi olish kimgadir g‘alati tuyulishi tabiiy. Biroq ramziy jamoamizda Ashurmatov jamoasidan bir vakil bo‘lmasligi adolatdan bo‘lmasdi. Serbiyalik himoyachi orqa chiziqda ishonchli harakat qilishdan tashqari, hujumda ham faol o‘ynaydi. 32 yoshli futbolchi joriy mavsumda 5 ta gol va 2 assist muallifiga aylandi. O‘rtamiyona klub himoyachisi uchun yomon natija emas. To‘g‘ri, qo‘qonliklar kam gol o‘tkazib yuborganligi bilan maqtana olmaydi. Ammo ramziy jamoamiz 3 ta markaziy himoyachidan tashkil topganini hisobga olib, ulardan biri hujumkorroq bo‘lishiga ko‘z yumaqoldik.

IMG_6310

Markaziy himoyachi: Anzur Ismoilov "Paxtakor"

Chempionatimizning eng tajribali futbolchilaridan biri hisoblanadigan Ismoilov bu mavsumda ham barqaror o‘yin namoyish etdi. Uzoq yillar elkama-elka to‘p surgan Egor Krimetssiz mavsumda Anzur yosh sheriklarini har tomondan qo‘llab turdi. Marlen Chobanov, Shahzod Azmiddinov, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev kabi o‘smirlar uning tajribasiga tayanib, erkin harakat qildi. "Sherlar"ning chempionligi ham ko‘p jihatdan Anzurning ishonchli o‘yiniga bog‘liq. Boisi, Xyuistra jamoasi bir nechta muhim uchrashuvlarda gol o‘tkazib yubormadi. 

ftyagk

Markaziy himoyachi: Luka Chermel "So‘g‘diyona"

Jizzaxliklar bu mavsum yangi tarix yaratdi. Baqoev tuzgan jamoa ustunlaridan biri serbiyalik futbolchi hisoblanadi. "So‘g‘diyona" mudofaasiga javob beradigan Chermel standart vaziyatlarda o‘z omadini raqib jarima maydoni ichida sinaydi. Bosh murabbiyning taktikasiga mos tushuvchi 26 yoshli futbolchi joriy mavsum 13 o‘yinda jamoasi bilan darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

IMG_8359

Yuqoridagi 3 himoyachi qolgan raqiblarini kichik ustunlik bilan ortda qoldirdi. Ramziy jamoa mudofaasi uchun ularga kurash tug‘dirishga asosiy da’vogar Husniddin Aliqulov jarohat olib, eng kerakli paytda jamoasiga yordam bera olmadi, Eshmurodov va "Nasaf" keragidan ko‘proq gol o‘tkazib yubordi. Sardor Rahmonov va Bobur Yo‘ldoshev stabil o‘yin ko‘rsatmadi. Xullas, markaziy himoyachi pozitsiyasi bo‘yicha e’tiroz bo‘lmasa kerak. 

IMG_0285_1

Markaziy yarim himoyachi: Erkin Boydullaev "Qizilqum"

Boydullaev - "Qizilqum"ning tom ma’nodagi etakchisi. U kezi kelsa, hujumga o‘tib darvozasi ishg‘ol etadi. Boshqa paytda esa, maydon markaziga javob beradi. U kiritgan gollar eslansa, xayolga birinchi navbatda burchak va jarimadan berilgan ajoyib zarba keladi. Umuman olganda, tajribali Boydullaev shu yoshida ham yuqori darajani saqlab turgani e’tirofga loyiq. Aktamov jamoasi etakchisi ramziy termamizning ham etakchilaridan biri, deyish mumkin.

Markaziy yarim himoyachi: Yovan Jokich AGMK

Erkinning yoniga undan biroz yoshroq futbolchi qo‘yishga qaror qildik. AGMK vakili to‘liq mavsumni bir xil tempda o‘tkazdi. Yakkakurashlarda faolligi bilan ajralib turuvchi Jokich raqib hujumlarini ancha yaxshi to‘xtata oladi. Shuningdek, bitta pas bilan jamoasi urinishini ham boshlab berishga qodir futbolchi olmaliqliklarning medal uchun kurashishida muhim rol o‘ynadi.

Maydon markazini o‘z ishining ustalariga to‘liq ishonib, kreativ qanot futbolchilari tomon yo‘l olamiz.

IMG_0423

Chap qanot yarim himoyachisi: Sherzod Nasrullaev "Nasaf"

Berdiev jamoasi mavsum avvalida o‘z yulduzlaridan ayrilgan, o‘rtamiyona klub darajasiga ancha yaqin kelib qolgan edi. Shunga qaramay, "Nasaf" yana kambek qila oldi. Muxlislar o‘z suyuklilaridan ko‘prog‘ini kutgandi va 4-o‘rin ular uchun etarli emas, aslida. Biroq uzoq kutilgan kubok barcha g‘amni tarqatib yubordi. Nasrullaevga kelsak, u mavsum davomida tinmadi. "Ajdar"ning chap qanoti hisoblangan futbolchi gol+pas tizimida 9 ochko jamg‘ardi. Sherzod MTJdagi joyni Sayfievdan tortib olishga qodir, nazarimizda. Ko‘p narsa endi Katanetsning qaroriga bog‘liq.

IMG_0851 (1)

O‘ng qanot yarim himoyachisi: Xurshid G‘iyosov "Bunyodkor"

"Nasaf"nikiga o‘xshash holat "qaldirg‘ochlar"ga ham tegishli. Farqi, poytaxtliklar uzoq yillar jamoa boshqaruvida bo‘lgan Abramovsiz mavsum o‘tkazdi. Umuman olganda, Maqsudov epladi. U bir necha asosiy tarkib futbolchilarisiz ham raqobatbardosh jamoa tuza oldi. Xurshid G‘iyosov o‘sha "Bunyodkor"ning etakchisi! Bu pozitsiyaga Toshkent klubining yana bir vakili Farrux Ikromov yaqqol da’vogar edi. Ammo unga jarohati pand berib qo‘ydi. G‘iyosov ko‘rsatgan bir maromdagi o‘yin "qaldirg‘ochlar"ga mavsum mobaynida asqatdi.

IMG_8019 (1)

Hujumchi ortida: Dragan Cheran "Paxtakor"

Cheran - O‘zbekiston Superligasining ayni paytdagi eng kuchli futbolchisi! Ketma-ket uchinchi mavsumda to‘purar bo‘lgan serbiyaliksiz "Paxtakor" ancha qiynaladi. Hatto, Cheransiz Superliga yanada qiziqarliroq bo‘lardi, degan hazil fikrlar ham yo‘q emas. U joriy mavsum 16 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol etdi, 4 marta sheriklari gollariga hammualliflik qildi. O‘zining aytishicha, "sherlar" safidan hali ketmaydi. Shunday ekan, hujumchilarimiz faolroq harakat qilishga majbur. Aks holda, Cheran Superliga to‘purari sovrinini qo‘lga kiritish bo‘yicha "poker" qiladi!

1O7A9955 (1)

Markaziy hujumchi: Azizbek Amonov "Lokomotiv"

"Nayzaning uchi"ga mavsumning ikki kashfiyotini joylashtirdik. Ularning joriy mavsum namoyish etgan o‘yinini qancha e’tirof etsak arziydi. Avvalo, Amonov haqida. "Loko" forvardi katta tezlikda uyushtirgan reydlari bilan himoyachilarga muntazam jiddiy muammo tug‘dirib turdi. "Temiryo‘lchilar"ga biroz tajriba va omad etishmagan bo‘lsa-da, Azizbek Sekeyra qurgan jamoaning yulduzi edi. Undan jabr ko‘rgan klublar ichida "Nasaf" alohida ajralib turadi. Boisi, 24 yoshli hujumchi qarshiliklar darvozasiga har ikki uchrashuvda ham yo‘l topishga muvaffaq bo‘ldi.  

IMG_9781

Markaziy hujumchi: Husain Norchaev "Nasaf"

Yana bir kashfiyot, yana bir bo‘lajak yulduz - Norchaev yildan yilga ochilib bormoqda. Endigina 19 yoshga qadam qo‘ygan Husain mavsum avvalida ketgan Bobir Abduxoliqovning o‘rnini umuman bildirmadi. Penaltilarsiz hisoblangan to‘purarlar jadvalida Norchaev peshqadam! Terma jamoamiz uchun yana bir iste’dodli nomzod bo‘lgan futbolchi mavsum davomida gol+pas tizimida 14 ochko jamg‘ardi, 13+1. Berdiev yoshlarni kashf etib berishda davom etmoqda. Muhimi, ular Qarshidagi "Markaziy"ni chiroyli duo bilan tark eta olsa kifoya. Husain ham qaror qabul qilishda 7 o‘ylab 1 kesishi lozim. Hozircha, u Superligamizning eng kuchlilaridan biri!

IMG_0900

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
08/12/2021 23:03
Himoyaga Anzur va boshqalari. shu yil kutilgan uyinni namoyish qilmadiki. Husniddin siz aytkanladan. 1 bosh balan uyinchi hozirki kunga. keyin Erkin Boydulloev quyibsiz. Boydulloev katta uyinlarga yuq bulib qoladiki. ochigi sastavdan ayrinlari aytmasa qolganlari tortmaydi. klass bobiga