Suhrob Rahimbekov: O‘zimga ishonmaganimda olti sport turida chempion bo‘lmasdim

 


Mamlakatimizda mahoratli sportchilar ko‘p. Ular qator sport turlari bo‘yicha xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Ayniqsa, yakkakurash turlari bilan shug‘ullanayotgan sportchilarimizning natijasi yuqori bo‘lmoqda.

Iste’dodli jang ustalarida biri Suhrob Rahimbekov 22 aprel kuni Rossiyada mezbonlar vakili Sergey Raxmatullinga qarshi ringga chiqadi. SPORTS.uz axborot portali instagramdagi UZSPORT_no1 sahifasi bilan hamkorlikda Suhrob Rahimbekov bilan suhbat o‘tkazdi.

- Suhrob, o‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz...

- Men 1991 yili Samarqand shahrida tug‘ilganman. Hozirgacha yakkakurash turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelaman. 

- Sport bilan shug‘ullanishingizga nima sabab bo‘lgan?

- Sport bilan bolaligimdan, ya’ni etti yoshimdan shug‘ullanaman. Qiziqish va sog‘lom bo‘lish istagim tufayli sport hayotimning ajralmas qismiga aylandi.

- Birinchi bo‘lib qaysi sport turi bilan shug‘ullangansiz?

- Dastlab, taekvondo mashg‘ulotlarida qatnashganman. Keyinroq yakkakurashning boshqa turlarini ham o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratdim. Hozir bir necha sport turi bo‘yicha sport ustasiman.

- Qanday yutuqlarga erishgansiz?

- Oltita sport turidan chempionman. Jangovar sambo bilan sakkiz yil shug‘ullandim. Bu sport turidan Chexiyadagi turnir g‘olibi bo‘ldim. Keyinroq Janubiy Koreyada Osiyo chempionligiga erishdim.

Ushu sanda bo‘yicha AQShda jahon chempioni, Toshkentda Osiyo chempioni, degan sharafli nomga ega bo‘ldim.

Sportchilik faoliyatim davomida kombat aykido bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, taekvondodan Amerika ochiq chempionati g‘olibi, MMA yo‘nalishida Osiyo va Qozog‘iston ochiq chempionatida oltin medal sohibi bo‘ldim.

- Suhrob, tez kunlarda muhim jang bo‘ladi. Tayyorgarlik jarayonida nimalarga e’tibor qaratyapsiz?

- Bo‘lajak bellashuvga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘ryapman. Raqibim jiu jitsu ustasi ekan. Mashg‘ulotlarda uning ustun jihatlari va kamchiliklarini aniqlab, shunga yarasha mashq qilyapmiz. Albatta, bo‘lajak jangda o‘zim qo‘llashni maqsad qilgan o‘ziga xos yashirin “qurollarim” va raqibim bilmaydigan usullarim bor.

- Jang oldidan hayajon bormi?

- Yo‘q. Men bunaqa janglarga ko‘nikib ketganman.

- Siz murabbiysiz shug‘ullanar ekansiz. Bu qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

- Men besh yildan buyon murabbiysiz shug‘ullanyapman. Albatta, boshida biroz qiynaldim. Hozir ko‘nikib ketganman. O‘zim uchun nima kerakligini mendan yaxshi bilandigan inson yo‘q.

- Sportni tark etish fikri bo‘lganmi?

- Bolaligimda bir necha marotaba sportdan ketmoqchi bo‘lganman. Bunga mag‘lubiyatlarning ko‘pligi sabab bo‘lgan. Keyin esa mag‘lubiyatsiz g‘alaba bo‘lmasligini tushunib etdim. Hozir har bir jangda g‘alaba qozonish uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman.

- Hozir eng kuchli yakkakurash ustalaridan birisiz. Shu darajaga chiqishingizga ishonarmidingiz?

- Albatta, o‘zimga ishonardim. Bu darajaga etishish uchun ko‘p mehnat qildim. Mashaqqatli mashg‘ulotlar, keskin va murosasiz bellashuvlarda tajriba to‘pladim. Mahoratimni charhladim. Bularning hammasi o‘z kuchimga va salohiyatimga ishonganimdagina foyda berishini bilardim.

- Suhrob, bo‘lajak jangda sizga g‘alaba tilaymiz...

- Rahmat.

 

 

SPORTS.uz

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!