TsSKA Fayzullaevni Parijga qo‘yib yuboradimi?

Abbosbek Fayzullaevning TsSKA o‘yiniga ta’siri juda katta. “Armiyachilar”ning aksariyati hujumlari aynan o‘zbek legioneri ishtirokida tashkil etiladi.

Biroq 20 yoshli legionerimizni tarixiy musobaqa kutib turibdi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yozda Parij mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi.

Futbolchilarimiz to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga ilk marotaba yo‘llanma oldi. Abbosbek Fayzullaev ushbu turnirda qatnashishi uchun TsSKA rahbariyati uni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishi kerak.

Legionerimiz jurnalistlar savollariga javob berish jarayonida bu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi.

— O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Olimpiy o‘yinlariga chiqdi...

— Bu mamlakatimiz uchun juda muhim tarixiy natija. Men ana shu jamoaning bir bo‘lagi bo‘lganimdan faxralanman. Biz odamlarga katta xursandchilik taqdim etdik.

— So‘nggi uchrashuvda o‘ynamaganingga qanday munosabat bildirasan?

— Klub va federatsiya o‘rtasidagi kelishuvni hurmat qilaman. O‘zim finalda o‘ynashni istagandim, lekin kelishuv bor edi va unga ko‘ra hammasi shunday yakunlandi.

— Olimpiadaga borasanmi?

— Bu masalani hali muhokama qilmadik. Hozir bor e’tiborimni TsSKAga qaratganman. Biz Rossiya kubogida g‘olib chiqishni istaymiz, “Zenit”ni mag‘lub eta olamiz. Bu chempionat bo‘ladimi yoki kubok o‘yini farqi yo‘q. Finalga chiqish juda muhim va chempionatning ham ahamiyati katta.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo kubogida ikkinchi o‘rinni egallab, Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Olimpiadaning futbol musobaqasi 24 iyuldan 9 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.

Rossiya Premer-ligasining yangi mavsumi esa 19 iyul kuni boshlanadi.

O‘zbekiston olimpiy terma jamoasi yozgi o‘yinlarning “S” guruhiga tushgan. Futbolchilarimiz bu kvartetdan chiqish uchun Ispaniya, Misr, Dominikan Respublikasi olimpiyachilari bilan kuch sinashadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
07/05/2024 21:21
"Тупой"мисилар?! ФИФАни расшифровка" қилиб кўринглар.