4 ta da’vogar: La Ligada bu mavsum kim chempion bo‘ladi?

  • 28 aprel, 2021, 14:10
  • 0
  • Futbol

Mavsumning katta qismida “Atletiko”ning La Ligada chempion bo‘lish ehtimoli juda yuqori bo‘ldi. Ayrim muxlis va mutaxassislar “matraschilar”ni bu mavsum chindan ham osonlikcha chempion bo‘lishiga ishongan edi. Ammo Diego Simeone jamoasi birdan sustkashlikka yo‘l qo‘ya boshladi va ortidan kelayotgan “Real” va “Barselona”ga chempionlik poygasiga qaytishga sharoit yaratib berdi. Bugungi kunga kelib g‘oliblik uchun “Sevilya”da ham imkoniyat bor. Keling, hozir jadvalning yuqori qismidagi vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqamiz va Ispaniya chempionligi uchun jamoalarda imkoniyat qandayligini baholaymiz.

Agar Evropaning kuchli beshlik chempionatlariga nazar tashlasak, Angliya, Italiya va Germaniyada allaqachon chempionlik masalasi hal bo‘lib ulgurganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Ispaniya va Frantsiyada esa chempionlik uchun kurash avj pallasida. Ayni damda La Ligada birdaniga 4 ta klub – “Atletiko”, “Real”, “Barselona” va “Sevilya”da chempionlik uchun imkoniyat mavjud. Quyida turnir jadvaliga nazar tashlaymiz.

tab1

Ko‘rib turganingizdek, vaziyat o‘ta zich va shuning uchun to‘rt jamoaning har biri chempionlik umidi bor. Da’vogarlarning imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash uchun ular mavsumning qolgan qismida qaysi jamoalar bilan to‘qnash kelishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish lozim.

tab2

Joriy mavsum avvalida “Barselona” mavsumni muvaffaqiyatsiz yakunlashi va Ronald Kuman iste’foga chiqarilishi mumkindek taassurot qoldirgan edi. Biroq kataloniyaliklar o‘zlariga kelib olishdi. Ha, ular Chempionlar ligasida muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ammo ichki musobaqalarda g‘oliblik uchun yaxshi imkoniyat hosil qilishdi. “Ko‘k-anor ranglilar” yaqinda “Atletik” Bilbaoni engib, Ispaniya kubogini ham qo‘lga kiritishdi. “Barselona” ertaga “Granada”ga qarshi 33-turning qoldirilgan bahsida ishtirok etadi. Agar kataloniyaliklar ushbu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, mavsum yakunlanishiga 5 tur qolganida peshqadamga aylanib oladi.

Taqvimga ko‘ra, mavsumning qolgan qismida chempionlik uchun da’vogarlarning o‘zaro o‘yinlarini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Jumladan, “Barselona” o‘z maydonida “Atletiko”ni, “Real” esa “Sevilya”ni qabul qiladi. Agar kataloniyaliklar mavsumning qolgan o‘yinlarida g‘alaba qozonishsa, “matraschilar”ga qarshi o‘yindagi durang ham ularning chempion bo‘lishlari uchun etarli bo‘ladi. O‘z navbatida “Atletiko” chempionlik imkoniyatini saqlab qolishi uchun “Kamp Nou”da g‘alaba qozonishi talab etiladi. “Atletiko”ning bunday ahvolga tushib qolishiga birinchi navbatda o‘zi aybdor. Agar ular haddan tashqari ko‘p o‘yinlarda ochko yo‘qotmaganlarida, hozir vaziyat ular uchun tamoman boshqacha ko‘rinishda bo‘lgan bo‘lardi.

“Real” Madrid joriy mavsum “Barselona”ga qarshi o‘tkazilgan har ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozondi, ammo chempionlik odatda “el-klasiko”da qo‘lga kiritilmaydi. Zinedin Zidan jamoasining chempionlik poygasidagi holati shundayki, ular qolgan har bir o‘yinda g‘alaba qozonishlari va eng muhimi, “Atletiko” va “Barselona”ning ochko yo‘qotishini kutishlari shart. “Qirollik klubi” uchun mavsumning qolgan qismi u qadar murakkab emas. Ammo madridliklar qolgan raqobatchilar orasida EChLda kurashni davom ettirayotgan yagona jamoa ekanligini ham unutmaslik lozim. Ikkita frontda jang qilayotgan “Real” mavsum yakunida qanday sovrinlarni qo‘lga kiritishini ko‘ramiz.

Ajoyib o‘yinlari sabab "Sevilya" ham chempionlik poygasiga qo‘shila oldi, garchi andalusiyaliklarning chempionlik uchun imkoniyatlari raqiblaridan kam bo‘lsa ham. Xulen Lopetegi jamoasi baribir 1-o‘rindagi “Atletiko”dan 3 ochkoga ortda qolmoqda va ularni oldinda "Real" va "Vilyarreal"ga qarshi bo‘ladigan ikkita qiyin safar kutmoqda. Bunday vaziyatda “Sevilya” Madridda g‘alaba qozonishi kerak, bu oson bo‘lmaydi. Biroq, shunisi aniqki, Lopetegi jamoasi kurashsiz taslim bo‘lmaydi.

Bizning taxminimizcha bu mavsum chempionlik "Barselona"ga nasib etadi. Ronald Kuman jamoasi ayni damda juda yaxshi formada va ularning vaziyati qolgan da’vogarlarnikidan yaxshiroq. Jadvaldagi vaziyatni hisobga olgan holda, "Barselona" yuqorida aytganimizdek, "Atletiko" bilan bo‘ladigan duelda hatto durang ham qanoatlantiradi. "Real"ni ham hisobdan chiqarish kerak emas, ammo Zinedin Zidan shogirdlarida Chempionlar ligasida ham yurishni davom ettirmoqda. "Barselona" esa bor e’tiborini faqat chempionlikka qaratgan. "Sevilya"ga kelsak, og‘ir taqvim tufayli andalusiyaliklar chempionlikka nisbatan uzoqroq.

SPORTS.uz portalining telegram kanali La Ligada joriy mavsum qaysi jamoa g‘olib bo‘lishi mumkinligi haqida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlari quyidagicha ko‘rinish oldi:

“Barselona” – 46%

“Real” – 44%

“Atletiko” – 7%

“Sevilya” – 2%

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!