Bugun paralimpiyachilarimizni Paraosiyo o‘yinlariga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi

An’anaga ko‘ra, musobaqa nihoyasiga etgach, oradan bir qancha vaqt o‘tib Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi Paraosiyo o‘yinlari 6-13 oktyabr kunlari o‘tkaziladi. O‘yinlarda o‘zbekistonlik paralimpiyachilar ham ishtirok etishlari rejalashtirilmoqda.

Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasida Indoneziyadagi Paraosiyo o‘yinlariga rasmiy kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbariyati, yaqinlashib kelayotgan o‘yinlarda ishtirok etuvchi sportchilarimiz va ularning murabbiylari hamda ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov so‘zga chiqar ekan, Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish navbati paralimpiyachilarimizga kelgani haqida gapirdi:

«Vaqt juda ham tez o‘tyapti. Yaqindagina paralimpiyachilarimizning Rio Olimpiadasidagi munosib ishtiroklarini katta shodiyona bilan qarshi olgandik. Endi esa boshqa bir katta musobaqa — Osiyo Olimpiadasida vatanimiz sharafini himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

Barchangiz guvohi bo‘lganingizdek, Jakarta mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, tarixiy natija qayd etishdi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev talablari bilan sportda katta o‘zgarishlar bo‘lgani Jakartdagi musobaqada o‘z isbotini topdi. O‘zbekiston terma jamoasining qit’amizda beshinchi bo‘lishi hamda tarixda ilk bor yigirmadan ziyod oltin medalning qo‘lga kiritilishida katta mehnat va mashaqqat yotibdi. Barchangiz ko‘rdingiz, vatandoshlarimiz umumiy hisobda 70 ta medalni qo‘lga kiritib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatishdi.

Endi esa navbat sizniki. Xuddi Rio Olimpiadasida bo‘lgani kabi, bu safar ham mamlakatimiz paralimpiyachilari o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yishlariga ishonamiz. Musobaqa davomida xalqimiz ishonchi va Prezidentimiz madadi doim sizlar bilan bo‘ladi. Umid qilamizki, yana bir necha kundan so‘ng barchangizni Toshkent xalqaro aeroportida katta shodiyona bilan kutib olamiz. Biz sizga doimgidek ishonamiz! Bo‘sh kelmang, azamatlar!», – dedi Umid Ahmadjonov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!