Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 ta medalni qo‘lga kiritib, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qo‘shdi.

2.jpg 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 18 sentyabrdagi farmoyishiga muvofiq Osiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida XVIII Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosimda mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.
 
3.jpg 

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning erkin va ozod, tinch-osoyishta, farovon va baxtli hayot kechirishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga etkazishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuq va marralarimiz xalqimizning g‘urur-iftixorini yuksaltirmoqda. 

Navqiron avlodni barkamol insonlar etib voyaga etkazish, aholi, ayniqsa, bolalar va xotin-qizlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qila olishga qodir sportchilarni tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir.
 
5.jpg 

Mamlakatimizda ko‘plab sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlarning yuqori saviyada tashkil etilayotgani va sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani tufayli dunyo hamjamiyati O‘zbekistonda sport keng rivojlanganini e’tirof etmoqda. 

Osiyo Olimpiya kengashi tomonidan tashkil etilgan bu galgi musobaqada 232 nafar hamyurtimiz sportning 30 turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qildi. 

O‘zbekiston sportchilarining qit’amizning eng nufuzli musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risidagi qarori muhim omil bo‘ldi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 

– Xalqaro maydonlarda tug‘ilib o‘sgan Vatani sha’nini himoya qilish har bir sportchi uchun katta sharaf, – deydi boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi Isroil Madrimov. – Sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarga erishishimiz uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgan, biz yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan behad minnatdormiz. 

Jakarta va Palembang shaharlarida erishilgan yuqori natijalar asnosida mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sport tobora ommalashib borayotgani, sportning qizlarga mos turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samara berayotgani namoyon bo‘ldi. Engil atletikachimiz Svetlana Radzivil XVIII Osiyo o‘yinlarining balandlikka sakrash bahslarida Osiyo rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritgani buning isbotidir.
 
4.jpg 

– Nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalarimiz zamirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan sportni, jumladan, xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor mujassam, – deydi S.Radzivil – Indoneziyada qo‘lga kiritgan g‘alabamni 2020 yili Tokioda o‘tkaziladigan XXXII Olimpiya o‘yinlarida ham takrorlashga bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman. 

Tadbirda oltin medalni qo‘lga kiritgan 21 sportchining har biriga 5 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Osiyo o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan 24 sportchining har biriga 3 ming AQSh dollari, bronza medalni qo‘lga kiritgan 25 sportchining har biriga esa 2 ming AQSh dollari pul mukofoti berildi. 

Shuningdek, Osiyo o‘yinlarida birinchi o‘rinni egallagan sportchilarning murabbiylari 2,5 ming AQSh dollari, kumush medal sohiblarining murabbiylari 1,5 ming AQSh dollari va bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilarning murabbiylari 1000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov so‘zga chiqdi. 
 
Manba: UzA.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!