Paralimpiyachilarimiz Jakartaga etib borishdi

Hamyurtlarimiz ushbu musobaqada ishtirok etish uchun poytaxtimizdan jo‘nab ketganliklari haqida xabar berib o‘tgandik.

Bugun O‘zbekiston delegatsiyasining katta qismi Paraosiyo o‘yinlari o‘tkaziladigan Jakarta shahriga etib bordi. Bu haqda MOQ rasmiy sayti xabar bermoqda.

Ularni mahalliy «Soekarno Hatta» xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi favqulotda va muxtor elchisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi ishchi guruhi a’zolari, Jakartada istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz, shuningdek, tashkiliy qo‘mita tomonidan O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun biriktirilgan ko‘ngillilar kutib olishdi.

Sportchi va murabbiylarimiz aeroportdan to‘g‘ri Kemayoran dahasidagi Paralimpiya shaharchasiga yo‘l olishdi. Ular Paraosiyo o‘yinlari davomida aynan shu erda istiqomat qilishadi. Mazkur o‘yinlarda sportchilarimiz paralimpiya sportining dzyudo, suzish, engil atletika, o‘q otish va pauerlifting turlarida yurtimiz sharafini himoya qiladilar.

Ma’lumot uchun, 6 oktyabr soat 18:08da (Toshkent vaqti bilan 16:08) Jakartadagi «Gelora Bung Karno Stadium»da musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 7 oktyabrdan esa asosiy musobaqalarga start beriladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!