Paraosiyo o‘yinlari. Jakartada yana O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi

Xabaringiz bor, ertaga Indoneziyada III Paraosiyo o‘yinlari rasman start oladi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi musobaqa o‘tkaziladigan mamlakatga katta tayyorgarlik bilan etib borgan. Asosiy musobaqalar boshlanishiga ikki kun qolganida hamyurtlarimiz navbatdagi rasmiy tadbir – ishtirokchi mamlakatlarning bayroqlarini ko‘tarish marosimida qatnashishdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi vakillari, murabbiylar va sportchilarimiz ishtirok etishdi. Vatanimiz madhiyasi sadolari ostida bayrog‘imiz ko‘tarildi. Endi Jakartadagi Paralimpiya shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ham hilpirab turibdi. Marosim davomida Vatanimiz bayrog‘i bilan bir qatorda Singapur, Livan, Yaman va Mo‘g‘uliston bayroqlari ham ko‘tarildi.

Tadbir yakunida Paralimpiya shaharchasi meri Rafik Hakim Radinal delegatsiyalar rahbarlariga esdalik sovg‘alarini topshirdi. O‘z navbatida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi nomidan mezbonlarga atalgan esdalik sovg‘asi tuhfa qilindi.

Manbaa: MOQ rasmiy sayti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!