Abdumalik Xalokov: "Endi bor e’tiborim faqat Olimpiadaning oltin medalida bo‘ladi"

  • 26 dekabr, 2023, 17:28
  • 0
  • Boks

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdumalik Xalokov uchun bu yil muvaffaqiyatli o‘tdi. Iqtidorli bokschimiz Toshkentda o‘tgan jahon chempionati va Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonish barobarida Parij-2024 Olimpiadasiga ham yo‘llanma qo‘lga kiritdi. Bu natijalarning mantiqiy davomi sifatida u kuni kecha o‘tgan “Milliy sport mukofoti-2023” tanlovida “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildi. Bokschimiz yil sarhisobi bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Ortda qolayotgan yil nimasi bilan yodda qolmoqda?
– 2023-yil men uchun juda ham omadli o‘tdi. Toshkentda o‘tgan jahon chempionati, Osiyo o‘yinlarida oldimga qo‘ygan maqsadlarimni bajara oldim. Ushbu natijalarim evaziga “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildim. Shubhasiz, bunday sermahsullikdan keyin yilni omadli keldi, deyish mumkin.

– 2018-yil “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” deb tan olingan edingiz. O‘shanda hali kattalar o‘rtasida ham eng yaxshi bo‘laman, degan maqsadni oldingizga qo‘ygan bo‘lsangiz kerak. Amalda bunga 5-yil vaqt ketdi. Endi reja qanday?
– Bularning barini murabbiylarim bilan qilayotgan mehnatlarimizning samarasi deb bilaman. Bu natijalar to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizni ko‘rsatmoqda. Davlatimiz tomonidan biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgan ekan, bundan unumli foydalanishimiz kerak. Menimcha, shunday bo‘lmoqda. Kuni kecha qo‘lga kiritgan yutug‘im endi butun boks olamida ham eng yaxshi bo‘lishga motivatsiya berdi. Albatta, buning uchun yanada ko‘proq mehnat qilishimiz talab etiladi.

– Kirib kelayotgan yangi 2024-yildan nimalar kutmoqdasiz?
– 2023-yildan ham muvaffaqiyatli o‘tishini. Shubhasiz, yangi Olimpiada yilida asosiy e’tibor Parij-2024 ga qaratiladi. Murabbiylar shtabi bilan rejamizga ko‘ra, 4-yillikning eng nufuzli musobaqasigacha 1-2 ta turnirda qatnashib ko‘raman. Yil davomida bor e’tiborimiz, fikrimiz faqat Olimpiada oltin medali va bu yo‘lda tinimsiz mehnat qilish bo‘ladi", - dedi Xalokov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!