Akbar Jo‘raev: "Otamni so‘nggi kunlarida yonida bo‘la olmadim"

SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni taqdim etishda davom etadi. Bu safargi mehmonimiz - Tokio Olimpiadasi g‘olibi va Toshkentda o‘tgan so‘nggi jahon chempionati oltin medali egasi - Akbar Jo‘raev! Ushbu suhbat davomida, sportchi bosib o‘tgan yo‘li va uning qiyinchiliklari haqidagi ko‘plab haqiqatlar bilan o‘rtoqlashdi.

Qanday oilasida katta bo‘lgansiz?

- Biz Bo‘stonliqning soyliq qishlog‘ida katta bo‘lganmiz. Dadam oddiy ishlarda ishlagan. Onam uy bekasi. Akam og‘ir atletika bilan shug‘ullangani bois, men ham unga mehr qo‘ydim. Oila a’zolarim boshqa kasbni tanlashimni juda istagan. Ular bir oilaga bitta sportchi etadi deb hisoblashar, meni shifokor bo‘lishimni xoxlashgan. O‘ylashimcha, eng muhimi hayotda o‘zi sevgan kasb bilan shug‘ullanish. 16-17 yoshga to‘lgan paytlarim dadam ishlash uchun Rossiyaga ketdi. Akam o‘qishga kirdi. Moliyaviy og‘ir kunlar boshlandi. Kechga mashg‘ulotlarda ishtirok etib, kunduzlari qora mehnat qilib ishlar edim. Kuniga 15 ming so‘m topsam, mendan baxtli odam yo‘q edi. To‘g‘ri, och qolib ketmaganmiz, ammo ro‘zg‘orimiz ancha muddatga qadar go‘sht ko‘rmagan. Hozir hamma narsam bor. Pulim barcha istaklarimni amalga oshirishga etadi, biroq tejamkorlikni hush ko‘raman. Kechagi kunimni unutmoqchi emasman.

Siz tayyorgarlik ko‘rgan mashg‘ulot zalidagi sharoitlar juda og‘ir deb eshitgan edim?

- Haqiqatni tan olish lozim. Avvallari ko‘mirxona bo‘lgan kichik xonani tozalab, og‘ir atletikaga moslashtirilgan. Bizda atigi 3 ta shtanga bo‘lgan. Ularning ikkitasi ayollarniki edi. O‘sha bir dona shtanga katta musobaqalar uchun ko‘prik vazifasini o‘tab berdi. Men kuchli sportchi etishib chiqishi uchun barcha sharoitlar bo‘lishi kerak deb hisoblamayman, ammo shunisi aniq-ki, sharoitlar yaxshilansa chempionlarimiz soni ortadi. Ota-onalar juda kamdan-kam xollardagina o‘z farzandlarini og‘ir atletikaga olib keladi. Bu sport turida jarohat olish va bolalarning bo‘yi o‘smay qolishidan xavotir olishadi. Aslida unday emas. Barchasi murabbiylar qo‘l ostidagi mashg‘ulotlardan boshlanadi. Sekin-asta tosh ko‘tarish texnikasi o‘rgatiladi.

gpl324pgl3pgl34

Tokio Olimpiadasi g‘olibligini orzu ham qilmagan edim...

- 2016-yilgi Rio Olimpiadasini teleekran orqali tomosha qildim. Ruslan aka barcha raqiblarni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga ega bo‘ldilar. Buni ko‘rib juda havas qildim, ammo men ham 4 yildan so‘ng shu shohsupaga ko‘tarilaman deb o‘ylamagan edim. Ishlashda davom etdim. Avvaliga yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida kumush, keyin kattalar o‘rtasidagi JChda oltin va yana yoshlar o‘rtasidagi JChda oltinga ega chiqdim. 2019-yilda esa, katta orzu sari tayyorgarlik boshlandi. Deyarli 3 yil davomida har kuni tinmay mashq qildik. Yakunda, orzuyim ushaldi. Yurtimiz sharafini munosib himoya qilib ortga qaytdim.

So‘nggi Jahon chempionatidagi Ruslan Nuriddinov bilan oltin medal uchun kurash haqida

- To‘g‘risi, Toshkentdagi turnirni o‘tkazib yubormoqchi edim. Olimpiadadan qaytgach, juda ko‘p tadbirlarda ishtirok etishga to‘g‘ri keldi. Natijada, ancha formadan chiqib qoldim. Ish shu darajaga etib bordiki, vaznimda muammolar paydo bo‘la boshladi. Keyin, murabbiylarim bilan kelishgan xolda 3 oylik kuchli rejimdagi tayyorgarlikni boshladim. Natijada, sport formamni zo‘rg‘a tiklab oldim. JCh boshlanishiga bir hafta qolganida ham unda ishtirok etishim kattagina savol ostida turgan edi. Yaratganga shukur bo‘lsin, vazn borasida muammolarni hal etdim. Finalda esa, Ruslan aka bilan chinakam kurash olib bordik. To‘g‘risi, men uchun armanistonlik raqib asosiysi edi. U Toshkentga kelishdan avval o‘zbekistonliklarni o‘z yuritda engib kelmoqchi ekanligini aytgan edi. O‘sha gaplari uchun uni jazoladim. Agar mening o‘rnimga Ruslan aka g‘olib bo‘lganlarida, birdek xursand bo‘lgan bo‘lardim. Ruslan aka ham meni musobaqadan so‘ng, tabrikladilar. O‘rtada sog‘lom raqobat bor, ammo hech qanday kurash yo‘q.

flp34pfl34f

Kelajakdagi maqsadi haqida

- Yaponiyada oltin medalni qo‘lga kiritib o‘ylab qoldim. "Demak harakat qilsa, yana bir bor Olimpiadada tengsiz bo‘lish mumkin." Yurtimizga qaytgach, bor e’tiborimni yana mashg‘ulotlarga qaratishga qaror qildim. Niyatim yana 2 ta Olimpiadada ishtirok etib, og‘ir atletikamiz tarixida abadiy qolish. Buning uchun menda barcha imkoniyat mavjud deb hisoblayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!