Andrey Abduvaliev: Radzivil 2 metrga sakrashga tayyor edi

Ma’lum qilganimizdek, ayni kunlarda poytaxtimizda engil atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasida O‘zbekiston engil atletika federatsiyasining "Tokio-2020" yakunlari va yangi Olimpiada tsikli uchun strategik rejalari muhokama qilindi.

Federatsiya binosida o‘tgan yig‘ilishda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Andrey Abduvaliev boshchiligidagi O‘zbekiston engil atletika federatsiyasi mutasaddilari, murabbiy va hakamlar ishtirok etishdi.

Taqdimot avvalida so‘nggi yillar yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan “Save Aral” va “Navruz” xalqaro marafonlari sabab hamyurtlarimiz orasida sportning yanada ommaviylashgani alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng Tokio sarhisobi va yangi rejalar muhokamasiga o‘tildi.

“Tokio-2020" tsiklida Olimpiada normativlari juda baland belgilandi. Shu bois o‘zimiz 6-9 orasidagi yo‘llanmani mo‘ljallayotgan edik. To‘g‘ri, Rio-2016 bilan solishtirganda (16 ta) bu juda kam. Hozir terma jamoada avlodlar almashinuvi kechayotgani bois muammolar uchrab turibdi. Atletlarimiz orasida Svetlana Radzivildan umidimiz katta edi. Tayyorgarlik davridan keyin uning 2 metrga sakrashiga ham ishongandik. Biroq musobaqaga qisqa fursat qolganda kelgani, natijada iqlim va vaqt mintaqasiga to‘liq moslasha olmagani unga pand berdi”, – dedi Andrey Abduvaliev.

Yig‘ilish davomida har bir sportchimizning ishtiroki birma-bir ko‘rib chiqilib, xato va kamchiliklar muhokama qilindi. Federatsiya raisining ma’lum qilishicha, "Parij-2024" tsiklining dastlabki davri uchun 40 nafarga yaqin sportchi saralab olingan. Suhbatda ularning bo‘lajak Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatlari, buning uchun kerakli sharoitlarni yaratish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Manba: olympic.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!