Azim Ahmedov "Lokomotiv"ga qarshi o‘yin oldidan nimalarni aytdi?

O‘zbekiston Superligasining 6-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 32 yoshli tajribali sardori Azimjon Ahmedov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jamoamiz O‘zbekiston Kubogida “o‘lim guruhi”dan joy olganligiga qaramay, guruh bahslarini muvaffaqiyatli tarzda yakunlab, peshqadam sifatida nimchorak finalga yo‘l oldi. Kubokdagi mazkur muvaffaqiyatli odimimizni Superliga o‘yinlarida ham davom ettirish niyatidamiz. Bo‘lajak bahs va raqibimiz borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, “Lokomotiv” Superliganing joriy mavsum bellashuvlarini yaxshi o‘tkazmoqda hamda ayni paytda turnir jadvalining  yuqori pog‘onalarida bormoqda. Shu bois, “temiryo‘lchilar” jamoamizga munosib qarshilik ko‘rsatishga intilishadi.

Ta’kidlaganimdek,  biz ham bo‘lajak o‘yinda maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushib, muxlislarga xursandchilik ulashishga harakat qilamiz va buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz. Ishqibozlardan esa jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman.

Fursatdan foydalanib, jamoamizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov va “Navbahor” klubi vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatovlarga futbolchilar  nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Xudo xohlasa, joriy mavsum yakunida “Navbahor” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi,degan umiddaman, - dedi Azimjon Ahmedov.        

“Navbahor” PFK matbuot xizmati. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!