Bilichdan Shukergacha. Yoxud “JCh-1998”da 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Xorvatiya terma jamoasi qahramonlari hozir qaerda?

  • 7 iyun, 2021, 08:05
  • 0
  • Futbol

Rossiyada bo‘lib o‘tgan “JCh-2018”ga qadar 1998 yilgi jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan bronza medali Xorvatiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi natija bo‘lib keldi. Miroslav Blajevich boshchiligidagi Xorvatiya terma jamoasi Frantsiya yashil maydonlarida o‘tkazilgan mundial chorak finalida Germaniya terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga chiqdi. Afsuski, bu bosqichda ular turnirning bo‘lajak chempioni – Frantsiyaga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Xorvatlar uchinchi o‘rin uchun bahsda Niderlandiya (2:1) ustidan zafar quchdi va bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Yigirma yil o‘tgach, Modrich va uning jamoadoshlari Rossiyadan kumush medal bilan qaytdi. Ular Shuker, Boban va Bilich kabi yulduzlarning tarixiy natijalarini yaxshilay oldi. Shunga qaramay, ko‘plab katta yoshli muxlislar o‘sha davr qahramonlarini yaxshi eslashadi. Biz esa “JCh-1998”da mo‘’jiza ko‘rsatgan yulduzlarning hozirgi hayoti haqida so‘z yuritamiz.

Slaven Bilich, 52 yosh

O‘sha paytda "Everton" himoyachisi hisoblangan Bilich jahon chempionatida Xorvatiya terma jamoasi himoyasining etakchisi bo‘lgan, ammo musobaqadan keyin u son mushaklaridan qattiq jarohat oldi. Natijada, Bilich uzoq vaqt davolanishga majbur bo‘ldi. Slaven oldingi darajasiga qaytolmagach, Splitning "Xayduk" klubiga ketdi. Bilich aynan shu erda murabbiylik faoliyatini boshladi. Keyinchalik Xorvatiya yoshlar terma jamoasini shug‘ullantirdi. So‘ngra unga Xorvatiyaning asosiy terma jamoasi ishonib topshirildi.

2012 yilda u Moskvaning “Lokomotiv” klubiga taklif etildi. Afsuski, Bilich futbolchilar bilan til topisha olmadi va natijada jamoa mavsumni 9-o‘rinda yakunladi. Shu tariqa, uning Rossiyadagi faoliyatiga yakun yasaldi. Slaven shundan keyin “Beshiktosh” (2013-2015), “Vest Xem” (2015-2017), “Al-Ittihod” (2018-2019) va “Vest Bromvich” (2019-2020) klublarini boshqardi. U 2021 yilning yanvaridan buyon Xitoyning “Beytszin Goan” klubiga ustozlik qilmoqda.

Alyosha Asanovich, 55 yosh

Xorvatiyalik yarim himoyachi 1998 yilgi jahon chempionatida Bilich bilan birga 7 ta uchrashuv o‘tkazgan. E’tiborlisi, mundialdan ham so‘ng ular uzoq vaqt yonma-yon faoliyat olib borishdi. Asanovich ham faoliyatini Bilich kabi Splitning “Xayduk” klubida yakunladi, so‘ngra Xorvatiya yoshlar terma jamoasida Bilichga assistentlik qildi. Keyin ular birgalikda 6 yil davomida mamlakatning asosiy terma jamoasini boshqardi. Ular boshqargan Xorvatiya “Evro-2008”ning chorak finaliga qadar etib bordi.

Alyosha 2012 yilda “Lokomotiv”da ham Bilich bilan birga ishladi va shundan so‘ng, ular ajralib ketishdi. Asanovich Slovakiyaning "DAK 1904" klubi texnik direktori bo‘ldi va oradan biroz vaqt o‘tgach, Avstraliyaga jo‘nab ketdi. U u erda yarim professional hisoblangan "Melburn Nayts" klubini boshqardi. Eski tanishlar 2018 yilda Saudiyaning “Al-Ittihod” klubida yana birlashishdi, ammo keyin yana ajralib ketishdi. Asanovich hozir Xorvatiya futbol ittifoqida faoliyat yuritmoqda.

Zvonimir Boban, 52 yosh

Ammo "Milan" afsonasi Boban faoliyatini yakunlaganidan so‘ng murabbiy bo‘lmaslikka qaror qildi. U sport jurnalistikasini tanladi va Xorvatiya hamda Italiya telekanallarida ekspert bo‘lib ishladi. Zagreb markazida joylashgan Boban restorani ham unga tegishli.

2016 yilda Zvonimir FIFA bosh kotibining o‘rinbosari bo‘ldi. Biroq uch yildan so‘ng u bu lavozimni tark etib, “Milan”ga futbol bo‘limi boshlig‘i sifatida qaytdi. U “San-Siro”da uzoq qolmadi. 2020 yil mart oyida Boban ishdan bo‘shatildi. Zvonimir ishdan bo‘shatilishiga qarshi chiqdi va "Milan" ustidan sudga shikoyat qildi. O‘tgan yilning oxiriga kelib, u bu ishni yutib chiqishga muvaffaq bo‘ldi, natijada «rossonerilar» unga 5,3 million evro tovon puli to‘lashi belgilandi. Boban bir oy oldin UEFAda yangi lavozimni egalladi. Endi u ittifoq prezidenti Aleksandr Cheferinning maxsus maslahatchisi hisoblanadi.

Robert Prosinechki, 52 yosh

“Dinamo” Zagreb yarim himoyachisi 1998 yilgi jahon chempionatida Yamayka (guruh bosqichida 3:1) va Niderlandiya terma jamoalariga qarshi (uchinchi o‘rin uchun o‘yinda 2:1) uchrashuvlarda ikkita gol urgan. Shu tariqa, Prosinechki ikkita terma jamoa safida (Yugoslaviya va Xorvatiya) Jahon chempionatida gol urgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylandi.

Robert futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so‘ng Zagrebning "Dinamo" klubida yordamchi murabbiyga aylandi. Keyinchalik u Xorvatiya terma jamoasi murabbiylar shtabida Bilich va Asanovich bilan birga ishladi. Prosinechki bosh murabbiy sifatida ilk bor Serbiyaning "Tsrvena Zvezda" klubini boshqardi. Shundan so‘ng u Ozarbayjon, Bosniya va Gertsegovina terma jamoalariga ham ustozlik qildi. 2019/2020 yilgi mavsumda Robert Turkiyaning "Kayserispor" klubida ishladi. Keyin esa "Denizlispor"ga ko‘chib o‘tdi va uch yarim oydan so‘ng u erdan iste’foga chiqarildi. Shundan buyon Prosinechki ishsiz hisoblanadi.

Davor Shuker, 53 yosh

“JCh-1998” Shukerning faoliyatidagi eng yuqori cho‘qqi bo‘ldi. Davor Yamayka, Yaponiya, Ruminiya, Germaniya, Frantsiya va Niderlandiya terma jamoalari darvozasini ishg‘ol qilib, musobaqaning eng yaxshi to‘purariga aylandi va kumush to‘pni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, u mundialning ramziy jamoasiga kiritildi. Jahon chempionatidan bir yil o‘tib, Shuker "Real"ni tark etdi va APLga yo‘l oldi - avval "Arsenal"da, so‘ngra "Vest Xem"da o‘ynadi. U faoliyatini Germaniyaning "Myunxen 1860" klubida yakunladi.

Davor o‘z akademiyasini ochdi va 2010 yilda Xorvatiya futbol ittifoqiga ishga joylashdi. Ikki yildan so‘ng, u Vlatko Markovich o‘rniga tashkilot prezidenti etib tayinlandi. Endi Shuker UEFA ijroiya qo‘mitasi a’zosi bo‘lish bilan bir qatorda Xorvatiya futbol ittifoqini ham boshqarib kelmoqda.

Goran Vlaovich, 48 yosh

“Valensiya” hujumchisi mundialda Shuker bilan juftlik hosil qildi va Germaniya terma jamoasiga qarshi o‘yinda ikkinchi golni urdi. “JCh-1998”dan keyin Vlaovich “ko‘rshapalaklar” safida Ispaniya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. Goran asr boshida Gretsiyaga yo‘l oldi va “Panatinaikos” safida 4 mavsum to‘p surdi. U ushbu jamoa tarkibida 2003/2004 yilgi mavsuma “oltin dubl” qayd etdi.

Faoliyatini tugatgandan so‘ng, Goran ekspertlikka qayta o‘qidi. U tez-tez Xorvatiya terma jamoasining o‘yinlarini muhokama qiladi va bu haqda intervyular beradi. U yaqinda ikkinchi turmushi hisoblangan 32 yoshli xorvatiyalik model Ivana Mishuradan qiz farzand ko‘rdi.

Miroslav Blajevich, 86 yosh

Xorvatiyalik mutaxassis 1998 yilgi jahon chempionatida bronza medallari qo‘lga kiritilganidan ikki yil o‘tib, Xorvatiya terma jamoasini tark etdi. Keyinchalik, Blajevich Eron hamda Bosniya va Gertsegovina terma jamoalariga, shuningdek, Xorvatiyaning bir qator klublariga ustozlik qildi. Qisqa muddat Xitoy Olimpiya terma jamoasi bilan ishladi. 2005 yilda u hatto Xorvatiya prezidentligiga mustaqil nomzod sifatida qo‘yildi, ammo bir foiz ham ovoz to‘play olmadi.

Oradan o‘n yil o‘tgach, 2015 yilda Blajevich Xorvatiyaning “Zadar” klubini tark etdi va shu yilning o‘zida murabbiylik faoliyatini yakunladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!