Birorta ham jangda g‘alaba qozonmagan sportchi Olimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lganini eshitganmisiz?

2008 yil Pekinda o‘tgan yozgi olimpiya o‘yinlarining taekvondo bahslarida qiziq voqea ro‘y bergan.

+80 kg vazn toifasida qozog‘istonlik Arman Chilmanov ilk bosqichda gretsiyalik Aleksandros Nikolaidisga qarshi dayanga chiqib, 3:4 hisobida yutqazgan. Keyinchalik gretsiyalik sportchi finalga chiqqani bois qozog‘istonlik taekvondochida bronza medali uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoladi.

Ilk bahsda Chilmanov marokashlik Abdulqodir Zruriga qarshi jang qilishi kerak edi. Afrikalik taekvondochi jarohat olgani bois dayanga chiqmaydi va Chilmanov jangsiz keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Bronza medali uchun bahsda qozog‘istonlik taekvondochi kubalik Anxel Matos bilan to‘qnash keladi. 3-raund oxirida Matos 3:2 hisobida oldinda edi, shu vaqtda hujumga o‘tgan kubalik sportchi jarohat oladi.

Matosning barmog‘i singan va qoidaga ko‘ra, hakam 1 daqiqalik tibbiy yordam ko‘rsatish uchun imkoniyat beradi.

Kubalik taekvondochi 60 soniya ichida jarohatini bog‘lab, dayanga chiqishga ulgurmaydi va hakamlar unga texnik mag‘lubiyat yozishadi. Bunga chiday olmagan Anxel Matos shvetsiyalik hakam Chaqir Chelbat bilan bahslashadi va uning yuziga oyog‘i bilan zarba beradi. Shu voqeadan so‘ng, Anxel Matos butun umrga taekvondodan chetlatilgan.

Natijada, Arman Chilmanov Pekindagi Olimpiadada bitta bahsda mag‘lub bo‘lgan, bitta jangda raqibi jarohat olgani bois muddatdan avval g‘olib chiqqan, so‘nggi bahsda raqibi diskvalifikatsiya qilingani sababli yakunda bronza medaliga ega chiqqan.

Shunaqa, sportda omad ham juda katta ahamiyat kasb etadi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!