Buffondan Kostakurtagacha. Yoxud EChLda o‘ynagan eng yoshi katta futbolchilar "TOP-5"

43 yosh 252 kun – Marko Ballotta (03.04.1964)

"Real" – "Latsio" 3:1 (11.12.2007)

"Santyago Bernabeu"dagi bahsning birinchi bo‘limidayoq, Rim klubi o‘z darvozasidan 3 ta gol o‘tkazib yubordi. Ammo ushbu gollarning hech birida Balottaning aybi yo‘q edi. Shu kuni "Latsio" ustozi Delio Rossi o‘zidan bor yo‘g‘i 4 yosh kichik bo‘lgan 43 yoshli posbonga ishonch bildirdi. Ballotta ushbu o‘yinda juda yaxshi harakat qildi, hatto 3 ta ajoyib seyvni amalga oshirdi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Ballottaning ushbu o‘yinda maydonga tushishi shunchaki tasodif bo‘lmagan. O‘sha mavsum “Latsio” safida Markodan ko‘ra faqatgina 4 ta futbolchi ko‘proq o‘yin o‘tkazgan xolos.

42 yosh 315 kun – Janluiji Buffon (28.01.1978)

"Barselona" – "Yuventus" 0:3 (08.12.2020)

Joriy mavsum "Kamp Nou"da bo‘lib o‘tgan “Barselona” hamda “Yuventus” o‘rtasidagi EChL uchrashuvda 42 yoshli Buffon afsonaviy Messining naqd 7 ta zarbasini qaytardi. Shu kuni hamma Ronaldu va Messi o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kutgan edi, ammo o‘yinning asosiy qahramoni Buffon bo‘ldi. Italiyalik posbon gap yoshda emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. U “Barsa”ga qarshi juda zo‘r o‘ynadi.

Buffon rekordchi Ballottaning ko‘rsatkichini yaxshilay olish imkoniyatiga ega bo‘lib turgan yagona darvozabon hisoblanadi. Biroq bu Chempionlar ligasining yangi mavsumida sodir bo‘lishi mumkin.

41 yosh 255 kun – Aleksandr Shovkovskiy (02.01.1975)

"Dinamo" Kiev – "Napoli" 1:2 (13.09.2016)

2016/2017 yilgi mavsum Chempionlar ligasi guruh bosqich 1-turida kievliklar ustozi Sergey Rebrov darvozani tajribali Aleksandr Shovkovskiyga ishonib topshirdi. “Dinamo” birinchi bo‘lim o‘rtalarida hisobni ochdi, ammo tanaffusga qadar Arkadiush Milik o‘z dubli bilan “Napoli”ni hisobda oldinga olib chiqdi. Shu kuni Shovkovskiy yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadi va 2 ta yaqqol vaziyatda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Oradan 5 kun o‘tib, u professional futboldagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi. Afsuski, ushbu o‘yinda ham “Dinamo” mag‘lubiyatga uchradi.

41 yosh 206 kun – Marko Shvartser (06.10.1962)

"Chelsi" – "Atletiko" 1:3 (30.04.2014)

Avstraliyalik darvozabon Marko Shvartserning natijasi noyobligi bilan ajralib turadi. Boisi, u Chempionlar ligasida 41 yoshida debyut qilgan. Biroq Shvartserning mo‘’jizasi shu bilan yakun topgani yo‘q. Oradan bir necha oy o‘tib, Marko “Chelsi”ning asosiy darvozaboni Petr Chex o‘rniga "Atletiko"ga qarshi bo‘lgan EChL yarim final o‘yinida ishtirok etdi. Mark Madridda o‘tgan dastlabki o‘yinda (0:0) o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan bo‘lsa, “Stemford Brij”dagi bahsda mehmonlar 1:3 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ammo “Atletiko”ning “Chelsi” darvozasiga kiritgan uchala golida ham bevosita darvozabonning aybi yo‘q edi.

40 yosh 211 kun – Alessandro Kostakurta (24.04.1966)

AEK – "Milan" 1:0 (21.11.2006)

Alessandro ushbu reytingdagi yagona maydon o‘yinchisi hisoblanadi. Kostakurta “Milan” klubining afsonaviy futbolchisi hisoblanadi. U “rossonerilar” safida 600 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan.

Kostakurta uchun tarixiy hisoblangan Gretsiyada AEKga qarshi o‘yin “Milan” uchun hech narsani hal qilmas edi. Boisi Italiya grandi ushbu bahsga qadar guruhdan chiqish vazifasini uddalab bo‘lgandi. Grek klubi shu kuni Xulio Sezarning jarimadan kiritgan yagona goli evaziga g‘alaba qozondi. Bu 40 yoshli himoyachi uchun Chempionlar ligasidagi so‘nggi uchrashuv bo‘ldi. O‘sha mavsum “Milan” musobaqa g‘olibi bo‘ldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!