Bugun EChL finali yoxud final oldidan SPORTS.uz sayti ijodkorlarining taxminlari bilan tanishing

  • 28 may, 2022, 13:26
  • 1
  • Futbol

Xabaringiz bor, bugun butun dunyodagi futbol ishqibozlarining bor e’tibori Parij shahriga qaratiladi. Boisi Evropa chempionlar ligasi final o‘yini doirasida "Liverpul" "Real" Madrid jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

SPORTS.uz internet-nashri ijodkorlari ham bu qiziqarli va shiddatli o‘tishi kutilayotgan o‘yin oldidan o‘zlarining taxminlarini bildirib o‘tdi.

Quyida saytimiz ijodkorlarining taxminlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Azamat Umarov - 3:1. "Real" foydasiga. Tajriba, noaniq uslub va qachon nima qilish kerakligini biladigan "ayyor" shaxslar evaziga nominal mehmonlar g‘alaba qozonishini kutyapman. 

Axmad Eshmatov - 2:1. Liverpul klubining shu hisobdagi g‘alabasini taxmin qilmoqdaman. Tajriba borasida mersisaydliklar raqibdan juda orqada, deb o‘ylamayman. Hal qiluvchi gol so‘nggi daqiqalarda urilsa kerak.  

Shuhratbek Jo‘raev - 2:0. "Qirollik klubi" foydasiga. Madridliklar raqib qanchalar kuchli bo‘lmasin, chempionlar ligasi doirasida bo‘lib o‘tadigan har bir bahsda favorit. Ular bu musobaqada 13 marta g‘olib bo‘lgani bejizga emas. 

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev - 2:0. "Liverpul" g‘alabasini kutyapman. Sababi, jamoa avvalgi finalda "Real"ga yutqazgan "Liverpul"dan ancha tajribali. Futbolchilar katta o‘yinlarda etarlicha mahorat to‘play oldi, deb o‘ylayman.  

Odilbek Fayzullaev - 2:1. "Qirollik klubi" bunday o‘yinlarda oxirgi marta qachon yutqazganini eslay olmadim, to‘g‘risi. Taxminim bu safar ham ispaniyaliklar chempion bo‘ladi. Mabodo teskari holat kuzatiladigan bo‘lsa, bu men uchun ajablanarli hol bo‘ladi. 

Baxtiyorjon Toshtemirov - 2:0. "Real" yutsa kerak, deb o‘ylayman. Katta sahnaga yana o‘sha Benzema chiqadi va bu safar "Oltin to‘p" borasidagi mish-mishlarga butunlay chek qo‘yadi. Albatta, bu bir taxmin, xolos.   

Jalol Ahmedov - 2:1. "Liverpul" shu hisobda g‘olib bo‘lsa, xayron qolmayman. Klub oxirgi o‘yinlarda ancha kuchlidek taassurot qoldirmoqda. Biroq mersisaydliklar qarshisidagi raqib "Real" ekanini ham yoddan chiqarmaslik lozim. "Qirollik klubi" osonlikcha engiladigan jamoalardan emas.  

Shahzod Xolbaev : Hisobni bilmadim-u, "Real" 2 ta to‘p farqi bilan chempion bo‘lsa kerak. Madridliklarda baribir tajriba o‘z so‘zini aytishini taxmin qilmoqdaman.   

Jaloliddin Qobiljonov - 2:1. "Real" shu hisobda zafar quchadi, deb o‘ylayman. Chempionlar ligasida hech bir klub madridliklar kabi barqaror o‘yin ko‘rsata olmaydi. Shu tomonlama "qirollik klubi" bugungi bahsda favorit.   

Javohir Azimov - 3:2. Ispaniya chempionlari foydasiga. Finalda ko‘p gol urilishiga sabab ikki jamoaning ham hujumi optimal holatda. Himoyaga qaraganda, oldingi chiziq stabil ko‘rinishda. Shu sabab kamida 3 ta gol urilsa kerak, deb o‘ylayman. "Liverpul"da ishtiyoq kuchli bo‘lishi mumkin. Biroq "Real"ning futbolchilari katta o‘yinlarda ancha "pishgan". Shuningdek, tarkibdagi ko‘plab futbolchilar uchun bu oxirgi katta final bo‘lishi mumkin.   

Karim Xudayqulov - 3:1. Bugun qattiq kurash bo‘ladi maydonda. "Liverpul" uchun oson g‘alaba bo‘lmaydi. "Qizillar" stabil va ruhan sog‘lom jamoa. Ularning o‘yini o‘xshasa, raqiblarga qiyin bo‘ladi va so‘nggi paytlarda ko‘pincha shunday bo‘lyapti. Demak, ularni mag‘lub etish uchun ulardan-da kuchliroq o‘ynash kerak. "Real"ni nima qila olishini o‘zingiz yaxshi bilasiz. O‘yin so‘nggida qiladigan "tryuklari" bor Madrid klubini.  

Shoxruh Zoirov - 2:1. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlanib, qo‘shimcha bo‘limlarda Madrid jamoasi zafar quchsa kerak. Final bo‘lganligi bois jamoalar juda ko‘p gol uradi, deb o‘ylamayman. Birinchi "Liverpul" gol urib,  keyin "Real" yana kambek amalga oshirsa, ajab emas. Nima bo‘lganda ham, muhimi, chiroyli va tomoshabop futbol ko‘ramiz, deb umid qilaman.   

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Shoximardon Rajabov
28/05/2022 20:49
Қ