Charos Qayumova: Taekvondoni tanlashimga oilam sababchi

Iste’dodli taekvondochi Charos Qayumova ayni paytda terma jamoamiz a’zolari bilan birga Yangiobod o‘quv bazasida yig‘inda ishtirok etmoqda. Charos "Fujaira Open" musobaqasidan oldin O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Taekvondo bilan 14 yoshimdan buyon shug‘ullanib kelaman. Ushbu sportdagi birinchi murabbiyim Adham Azimov. Lekin shu darajaga chiqishimda Pahlavon Sobirovning o‘rinlari juda ham katta.

Taekvondoni tanlashimga ota-onam, opalarim sababchi bo‘lishgan. Oilamdagilar har doim, har ishda meni qo‘llab-quvvatlashadi.

"Fujaira Open"da 2017 yilda ham ishtirok etganman. O‘shanda kattalar o‘rtasidagi men uchun birinchi musobaqa bo‘lgani uchun va tajribam yo‘qligi bois raqibamga yutqazib qo‘ygandim. Bu yilgi musobaqada oldindan nimadir deyish qiyin, ammo "Fujaira Open"da oltin medalni qo‘lga kiritishga bor kuchim bilan harakat qilaman", - dedi Charos Qayumova.

Eslatib o‘tamiz, taekvondo bo‘yicha an’anaviy "Fujaira Open" musobaqasi 31 yanvar - 2 fevral kunlari BAAning Fujayra amirligida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 7 nafar sportchi bilan ishtirok etadi.

Manba: O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!