"Chelsi" - "Arsenal". SPORTS.uz muxbirlarining taxminlari qanday?

  • 21 yanvar, 2020, 23:35
  • 1
  • Futbol

Angliya Premer ligasining 24-turida "Chelsi" o‘z uyida "Arsenal" klubini qabul qiladi.

APL doirasida so‘nggi bor Lempard shogirdlari safarda "Nyukasl"ga qarshi o‘tkazishgan edi va 1:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.

"Arsenal" esa o‘z maydonida "Sheffild Yunayted" jamoasiga qarshi bahs olib borib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

29 dekabr kuni "Arsenal" va "Chelsi" o‘zaro to‘qnash kelgandi va uchrashuvda Obameyang hisobni ochgan bo‘lsa, Jorjino hamda Abraxam tomonidan kiritilgan gollar evaziga "aristokratlar" g‘alabani ilib ketishgandi.

Qiziqarli kechishi kutilayotgan javob uchrashuvi oldidan SPORTS.uz muxbirlari o‘z fikrlarini bildirishdi.

 

Toshtemirov Baxtiyorjon:

- Menimcha, bugungi bahsda "Chelsi" g‘alabaga erishadi. Chunki, jamoaning so‘nggi o‘yinlarida omad kelmayapti. Shuning uchun, futbolchilar o‘yinga boshqacha tayyorgarlik ko‘rishsa kerak va Lempard ham o‘yinchilarga vaziyatni tushuntirgan bo‘lsa kerak. Ustiga-ustak, uchrashuv "Stemford Brij"da bo‘lib o‘tadi.

"Arsenal"ga Arteta kelgani bilan jamoaning o‘yinida sezilarli o‘zgarish kuzatilmayapti. Buni natijalar ham ko‘rsatib turipti. Shulardan kelib chiqsak, ertangi bahsda "Chelsi" favorit!

 

Umarov Azamat:

- Qiziqarli o‘yin kutmoqdaman, bu o‘yinda neytralman lekin o‘yin jihatdan "Chelsi" ustunroq nazarimda. Tarkibi yoshargan bo‘lsa-da, "aristokratlar" yomon o‘yin ko‘rsatishmayapti, "Arsenal"da esa turg‘unlik yo‘q.

 

Eshmatov Ahmad:

- Garchi, so‘nggi vaqtlar London derbilari avvalgidek dahshatli ko‘rinmayotgan bo‘lsada, baribir ushbu ikki klub o‘rtasidagi uchrashuvlar har qanday muxlisda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Chunki, o‘z vaqtida Dennis Bergkamp, Anri, Overmars, Vieyra, Adams, Dzola, Tur Andre Flu, Terri, Lempard, Drogba kabilar o‘z o‘yinlari bilan bunga o‘rgatib qo‘yishgan edi.

Afsuski, so‘ngi vaqtlarda har ikki klubning ham ishlari a’lo darajada emas. “Arsenal” hozir qanday vaziyatda ekanligini, uning egallab turgan o‘rnidan bilsa ham bo‘ladi. Qolaversa, Arteta birinchi to‘qnashuvda Lempardga imkoniyatni boy berdi. Boz ustiga bu safar ikki asosiy figura Obameyang va Kolashinatsni o‘ynamasligi yanada “to‘pchi”larning imkoniyatini pasaytirib yuborgandek... Biroq, futbolda bunday holatlar baribir nisbiy tushuncha hisoblanadi. “Chelsi” ham barqaror o‘yin ko‘rsatayotgani yo‘q. Shuning uchun, Abramovich klubi yaqqol ustunlik qiladi deb o‘ylamayman. Imkoniyatlar

55%-45% deb o‘ylayman.

 

Mahkamov Botirali:

- Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, "Chelsi" favorit! Aslida ham shunday bo‘lishi mumkin, ammo "Arsenal" sovg‘a bo‘ladigan jamoa emas! Garchi, natijalari qoniqarli ko‘rinish olmayotgan bo‘lsada, menimcha "Arsenal" yaxshi o‘yin ko‘rsatadi.

Aslida betarafman. Top jamoalarda shunday payt bo‘ladiki, oxirgi vaqtlarda omadi kelmayotgan jamoa muhim o‘yinlarda natijaga erishib ketadi yoki ahvol battarlashadi. Menimcha, "Arsenal"ning o‘yini ochilib ketsa, g‘alabani qo‘lga kirita oladi. Aksincha "Chelsi"ning o‘yini qovushsa, hisob yiriklashib ketishi mumkin.

 

Xolboev Shahzod:

- London derbisi kelayotgan turning eng markaziy uchrashuvi sanaladi. Ammo so‘nggi vaqtlarda mazkur derbining obro‘yiga biroz putur etgandek. Boisi, "aristokratlar" o‘zaro o‘yinlarda raqibiga nisbatan katta ustunlikka ega bo‘lmoqda.

O‘tgan tur Frenk Lempard shogirdlari so‘nggi daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol tufayli "Nyukasl"ga mag‘lub bo‘lishdi. "To‘pchilar" esa mavsum kashfiyoti - "Sheffild Yunayted" bilan murosa ko‘chasini tanlashdi - 1:1.

Har ikkala jamoa ham ertaga o‘z muxlislarini xushnud etish uchun, g‘alaba uchun harakat qilishadi. Shunday bo‘lsada, "Chelsi"ning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lar edim. Boisi, Mikel Arteta shogirdlari 11 safar bahsining faqat ikkisida g‘alabaga erishgan xolos. Qolaversa, jamoa etakchisi Per-Emerik Obameyang diskvalifikatsiya bois derbini ham o‘tkazib yuboradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
DJ UZBEKISTAN
22/01/2020 09:07
Javob chelsi yutadi