Chempiondan o‘ziga xos tavsiyalar yoxud uning uy sharoitidagi ajoyib mashg‘ulotlaridan zavq oling

Ma’lumki, ayni vaqtda butunjahonda koronavirus pandemiyasi tufayli, karantin holati joriy qilingan. Jumladan, bizning yurtimizda ham shunday jarayon kuzatilmoqda. Albatta, karantin - ushbu kasallikni avj olmasligi va mazkur baloni bartaraf etish yo‘lidagi eng odilona qarordir.

Garchi, butun mamlakat bo‘ylab shunday holat hukm surayotgan bo‘lsa-da, har kim o‘zi uchun bu vaziyatdan ham unumli foydalangan holda, o‘z bilimini, sportdagi salohiyatini oshirish imkoniyatiga ega... Buning uchun esa, uy sharoitida sport mashg‘ulotlari, o‘qish-o‘rganish kerakligi zarur bo‘ladi.

Shuni inobatga olib, biz mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan mashhur sportchilarining tavsiyasiga quloq tutamiz. Zero, ularning maslahatlari yoshlarimizga umuman olganda barchamizga qisman bo‘lsa-da, foyda berishiga ishonchimiz komil.

jas

Bu borada birinchi bo‘lib o‘zbek MMA olamining bayroqdori Sunnat Ilyasov boshlab bergan edi. Bu safar esa, Taekvonda WT bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi, bir so‘z bilan aytganda ushbu sport turi bo‘yicha yurtimizning eng sovrindorlaridan biri, hozirda O‘zbekiston taekvondo WT terma jamoasi yordamchi murabbiyi Jasur Boyqo‘ziev o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Inson chin ko‘ngildan xohlasa, har qanday holatda ham o‘zi uchun etarli sharoitni qilib oladi. Garchi, sharoit mukammal bo‘lmasada, o‘zi uchun foydali ishlarni amalga oshirishi mumkin.

Koronavirus tufayli karantin holati hukm surmoqda. Barcha o‘z uylarida... Lekin bu sport bilan shug‘ullanish kerak degani emasku to‘g‘rimi? 

Nafaqat yosh sportchilar, balki barcha insonlarni jismoniy tarbiya va sport bilan hamnafas bo‘lishlarini tavsiya etgan bo‘lardim. Chunki sog‘lom turmush tarzi orqaligina bunday kasalliklarga chalinmasligimiz mumkin. Ya’ni, sport va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan muntazam shug‘ullanib borish, inson immun tizimini kuchaytiradi. Bu tibbiyotda ham tasdiqlanganligini barcha bilsa kerak. Shuning uchun bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslik lozim. Qolaversa, ota-onalar, kattalar shu narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishi, yoshlarimizning ham bunday foydali ishlar bilan oshno tutinishlariga sabab bo‘ladi.

Jasur2

Yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, yosh sportchilarimizga, ushbu holatdan unumli foydalangan holda horij tillarini mukammal o‘rganib olishlarini maslahat berardim. Chunki sportchilar uchun horijiy tillar juda zarur bo‘ladi. Mana biz buni boshimizdan o‘tkazganmiz.

Qolaversa, badiiy kitoblarni ko‘proq o‘qish zarur. Bu insonning fikrlash doirasini kengaytiradi. Maktab darsliklarini o‘zlashtiring, har qanday fan hayotimizda qachondir kerak bo‘lishi aniq. Ota-onalarga yoshlarimizga ushbu davrda ko‘proq e’tiborli bo‘lishlarini, ularni yanada foydali ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishlarini ta’minlashini aytib o‘tgan bo‘lardim. Zero, bekorchilik tufayli yoshlarimizda salbiy holatlarni yuzaga keltirish moyilligi yuzaga kelishi mumkin.

Eng asosiysi esa, hozirgi sharoitda belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilgan holda, uyda qoling va o‘zingizni asrang!

Quyida Jasur Boyqo‘zievning uy sharoitida qay tarzda mashg‘ulotlar olib borayotganligini tomosha qilishingiz mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!