Chempionlar ligasida gol urgan darvozabonlar

  • 26 aprel, 2021, 08:00
  • 0
  • Futbol

Chempionlar ligasi madhiyasini eshitish har bir futbolchining orzusi, klublarning eng nufuzli turnirida gol urish eng katta quvonch. Hatto darvozabonlar ham Chempionlar ligasida gol zavqini tuyushga muvaffaq bo‘lgan. Dunyo miqyosida bu yangilik emas, albatta. Futbol tarixida ajoyib to‘purarlik qobiliyatiga ega darvozabonlar bo‘lgan. Rojerio Seni va Xose Luis Chilavert kabi darvozabonlar o‘z hamkasblarini bir necha bor ranjitishgan. Ammo Chempionlar ligasida gol urish faqatgina sanoqli darvozabonlargagina nasib etgan xolos. Ushbu omadli posbonlarning ismi ko‘pchiligi keng jamoatchilikka ma’lum emas. Bugun biz Evropaning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasida gol urgan darvozabonlar haqida so‘z yuritamiz.

Eloy Kazals

Chempionlar ligasida gol urish Andorra klubida o‘ynagan hujumchilar uchun ham orzu hisoblanadi. Ammo "Santa-Koloma" klubi darvozaboni Eloy Kazals imkonsiz ishni uddaladi. Chempionlar ligasining 2014/15 yilgi mavsum birinchi saralash raundida "Santa-Koloma" Armanistonning “Urartu” klubiga qarshi to‘qnash keldi. Dastlabki o‘yinda andorraliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Javob o‘yinida arman klubi 3:1 hisobida oldinda borayotgan edi. Bu hisob ularni mutlaq qanoatlantirardi. Biroq 90+4 –daqiqada bosh hakam mezbonlar darvozasi tomon jarima zarbasi belgiladi. Eloy Kazals bu vaziyatda jamoadoshlariga yordam berish uchun o‘z postini tashlab chiqdi. U zarbadan so‘ng, to‘pni egallab oldi va raqib darvozasini ishg‘ol qilishga erishdi. Ushbu gol nafaqat tarixda qoldi, balki "Santa-Koloma" jamoasini EChL saralashining keyingi bosqichiga olib chiqdi.

Xans-Yorg Butt

Nemis darvozaboni o‘zi faoliyat yuritgan jamoalarda muntazam penaltilar amalga oshirib kelgan va bu unga bir necha bor gol zavqini tuyushga imkon bergan. Ammo uning Chempionlar ligasida gol urishi juda qiziq bo‘ldi. Gap shundaki, Butt EChLdagi 3 ta golining barchasini “Yuventus” darvozasiga urgan. Biroq u ushbu gollarni Germaniyaning turli jamoalarida (“Gamburg”, “Bayer” va “Bavariya”) kiritgan. Darvozabonga qarshi darvozabonning dueli penaltilar seriyasining eng yuqori cho‘qqisidir. Hamkasbi ustidan qozonilgan g‘alaba, ayniqsa Chempionlar ligasida g‘oyat ajoyib va ahamiyatlidir.

Aftidan, Chempionlar ligasidagi eng sermahsul darvozabon unvoni Buttga juda uzoq vaqt tegishli bo‘ladi, chunki ayni damda uning natijasini takrorlaydigan darvozabon yo‘q.

Vinsent Enyama

Ushbu nigeriyalik darvozabon ham 11 metrlik masofadan hamkasblarini ranjitishni yaxshi ko‘rardi. Unga ham Chempionlar ligasida gol urish nasib qilgan. Tel-Avivning “Xapoel” klubi posboni 2012/13 yilgi mavsumda “Zaltsburg”ga qarshi mehmonda o‘tkazilgan pley-off uchrashuvida penalti tepishga qaror qildi. U o‘shanda ham 11 metrlik zarbani aniq amalga oshirdi va o‘z ismini Chempionlar ligasi tarixiga yozdirib qo‘ydi. Keyinchalik Enyama faoliyatini Frantsiyada davom ettirdi va “Lill” klubida uzoq yillar asosiy darvozabon sifatida o‘ynadi.

Sinan Bolat

Turkiyalik darvozabon nafaqat Chempionlar ligasi, balki 2008-2013 yillarda to‘p surgan Belgiyaning “Standart” klubi tarixiga ham kirdi. 2009/2010 yilgi mavsumda guruh bosqichining so‘nggi turida “Standart” Evropa ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Gollandiyaning AZ jamoasiga mag‘lub bo‘lmasligi talab etilar edi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda hakam AZ darvozasi tomon jarima zarbasi belgiladi. Vaziyatni o‘nglash uchun “Standart” darvozaboni Bolat ham jarima maydoniga etib keldi. Uning bosh bilan yo‘llagan aniq zarbasi darvozani ishg‘ol qildi va shu tariqa, belgiyaliklar evrokuboklardagi yurishini davom ettirdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!