Chempionlar ligasida maydondan eng tez chetlatilgan futbolchilar "TOP-5"

  • 25 aprel, 2021, 15:38
  • 0
  • Futbol

Ektor Errera (6:47)

22.10.2013. "Portu" – "Zenit" – 0:1. Guruh bosqichi

Bu ikkita epizoddan tashkil topgan hayratlanarli chetlatish edi. Birinchi vaziyatda Ektor Errera Xalkka nisbatan juda qo‘pol o‘ynadi va hakam uni haqli ravishda ogohlantirdi. Ikkinchi vaziyatda italiyalik hakam Paolo Tagliavento emotsiyalarga berildi va shov-shuvli harakatlarni amalga oshirdi. "Portu" devori qulab tushdi. Errera bir daqiqa ichida ikkinchi marta sariq kartochka bilan ogohlantirildi va bu o‘z-o‘zidan qizil kartochkaga aylandi. Shundan so‘ng, portugaliyaliklar butun o‘yin davomida himoyani ushlab turishdi, ammo yakunda "Zenit" g‘alaba to‘pini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Gol muallifi Aleksandr Kerjakov bo‘ldi. Aytgancha, o‘sha uchrashuvdagi g‘alaba yakunda peterburgliklarni guruhdan chiqishini ta’minlagan edi.

Frederik Deyu (6:00)

09.12.1998. “Lans” – “Dinamo” Kiev – 1:3. Guruh bosqichi

Ukraina grandini guruh bosqichining so‘nggi turida faqatgina g‘alaba qanoatlantirar edi. Kievliklarning niyati jiddiyligi ilk daqiqalardanoq o‘z tasdig‘ini topdi. Kaxa Kaladze birgina uzatma bilan hujumchi Andrey Shevchenkoni darvozabon bilan birga-bir vaziyatga olib chiqdi. Frantsuz klubi sardori Frederik Deyu esa, Shevchenkoning oyog‘iga “podkat” tashlashdan boshqa chora topa olmadi. Natijada, bosh hakam Lyubosh Mixel tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka bilan “siylandi”. Yuzaga kelgan ustunlikka qaramay, "Dinamo" frantsuzlarni faqat ikkinchi bo‘limdagina yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ilk golga Kaladze mualliflik qildi. Keyinchalik Vladislav Vashchuk hisobni ikki baravar oshirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Vladimir Shmittser hisobni bittaga qisqartirishga erishdi. Ammo so‘nggi gol baribir "Dinamo"ga tegishli bo‘ldi. Andrey Shevchenko o‘z goli bilan uchrashuvga so‘nggi nuqtani qo‘ydi. Shu tariqa, "Dinamo" "Real"ga qarshi bo‘lgan chorak finalga yo‘l oldi.

Kreyg Bellami (5:59)

27.11.2002. "Nyukasl" – "Inter" – 1:4. Guruh bosqichi

O‘sha paytlarda murabbiylarga zaxira o‘rindig‘ida tamaki chekishga ruxsat berilgan edi. “Neradzurrilar” ustozi Ektor Kuper shu kuni juda ko‘p tamaki iste’mol qildi va bu holat translyatsiya paytida bir necha bor namoyish etildi. Argentinalik mutaxassisning bu qadar hayajonlashishi bejiz emasdi va buning uchun unda etarli sabablar bor edi. “Inter” o‘sha o‘yinning 2-daqiqasidayoq gol o‘tkazib yubordi. 2000 yillarning boshida Marko Materatstsi hali provakator sifatida u qadar “tanilmagan” edi, ammo o‘sha oqshom u tarixiy chetlatishga sababchi bo‘ldi. “Nyukasl” futbolchisi Kreyg Bellami aynan Materatstsi bilan bo‘lgan kurashda unga nisbatan jiddiy qo‘pollik ishlatdi. Shundan so‘ng, bosh hakam Stefan Bre uelslik futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi va uni to‘ppa-to‘g‘ri kiyinish xonasiga ravona qildi. Bu paytga kelib, hali o‘yinning 6-daqiqasi ham yakunlanmagan edi. Bellami shu kuni maydonni ko‘zlarida yosh bilan tark etdi. Kreyg haligacha ushbu vaziyatni faoliyatidagi eng yomon holat, deb eslaydi.

Valeren Ismael (5:52)

14.09.2004. "Inter" – "Verder" – 2:0. Guruh bosqichi

Uchrashuv boshida mehmonlar "Inter"ning tezkor hujumini o‘tkazib yuborishdi va "Verder" himoyachisi Valeren Ismael “neradzurrilar” hujumchisi Adrianoni jarima maydonchasida yiqitishga majbur bo‘ldi. Natijada, bosh hakam Lyubosh Mixel “Verder” futbolchisi Ismaelga qizil kartochka ko‘rsatdi va darvoza tomon penalti belgiladi. Biroq nemis klubi posboni Andreas Raynke tajribali Kristian Vierining zarbasini qaytarishga erishdi va jamoasi joniga oro kirdi. Ammo, bremenliklar o‘yinni bir kishi kam bo‘lib yakunlashga majbur edi. Butun o‘yin davomida ozchilikda harakat qilgan Tomas Shaaf jamoasi yakunda baribir raqib hujumlariga bardosh bera olmadi. Adrianoning ikki goli “Inter”ga g‘alaba keltirdi.

Aleksandr Kucher (3:59)

11.03.2015. "Bavariya" – "Shaxtyor" – 7:0. 1/8 final bosqichi

Donetskda kechgan dastlabki o‘yinda qayd etilgan 0:0 hisobidan so‘ng, “Shaxtyor” Myunxendagi bellashuvga katta umidlar bilan yo‘l olgan edi. Ammo ushbu umid o‘yinning 3-daqiqasidayoq yo‘qqa chiqdi. “Konchilar” himoyachisi Aleksandr Kucher mezbon jamoa futbolchisi Mario Gyottsega nisbatan jarima maydoni ichkarisida qo‘pollik ishlatdi, shotlandiyalik referi Uilyam Kollum ushbu vaziyatda “Shaxtyor”ni ikki barobar qiyin ahvolga solib qo‘yadigan qaror qabul qildi. Hakam penalti bilan cheklanib qolmadi va Kucherni maydondan chetlatdi. 11 metrlik zarbani Tomas Myuller aniq amalga oshirdi va shundan so‘ng maydonda faqat bir jamoa harakat qildi. O‘sha oqshom “Shaxtyor” darvozaboni Andrey Pyatov o‘z darvozasidan naqd 7 ta gol o‘tkazib yubordi.

"Albatta, dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi 90 daqiqa kamchilik bo‘lib o‘ynash qiyin. Bu natijaga men aybdorman, deb o‘ylayman", - deya Aleksandr Kucher o‘yindan so‘ng o‘zining tarixiy chetlatilishi haqida jasorat bilan gapirgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!