"Evro-2020" uchrashuvlari o‘tkaziladigan stadionlar (1-qism)

  • 6 iyun, 2021, 16:40
  • 0
  • Futbol

11 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00da Rimdagi "Olimpiko" stadionida Italiya va Turkiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan “Evro-2020”ning final bosqichiga start beriladi. E’tiborlisi, 1928 yilda qurilgan "Roma" va "Latsio" klublarining uy arenasi Evropa chempionatidagi eng tarixiy stadion emas. “Evro-2020” stadionlari orasida qaysilari eng qadimgi, qaysilari eng qimmat va qaysilari hech qachon yirik turnirlarni qabul qilmagan? Bugun shu haqda so‘z yuritamiz.

“Olimpiko” stadioni (Rim)

Sig‘imi: 72 700 (“Evro-2020” paytida 25% dan 33% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

Rimdagi arena eng boy tarixga ega. Sayyohlar nuqtai nazaridan Rim chempionatning eng jozibali shaharlaridan biri hisoblanadi. Italiya poytaxtidagi ushbu stadion qurilishi 1927 yilda mamlakatning o‘sha paytdagi etakchisi Benito Mussolini tashabbusi bilan boshlangan. “Olimpiko” o‘zida bir qator afsonaviy o‘yinlarni qabul qilgan. Bu erda “Evro-1968” va “Evro-1980”, “JCh-1990” va to‘rtta Chempionlar ligasi/Kubogi final (1977, 1984, 1996, 2009) uchrashuvlari o‘tkazilgan.

"Roma" va "Latsio"ning uy arenasi “Evro-2020” guruh bosqichining 3 ta uchrashuvi hamda 1 ta chorak final o‘yiniga mezbonlik qiladi.

Rimda quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi: Turkiya - Italiya (11 iyun), Italiya - Shveytsariya (16 iyun), Italiya - Uels (20 iyun) va bitta chorak final o‘yini (3 iyul).

“Olimpiya” stadioni (Boku)

Sig‘imi: 69,870 (“Evro-2020” paytida 50% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

Bokudagi sport inshooti 2015 yilda o‘sha yili o‘tkazilgan Evropa o‘yinlari uchun ochilgan. Shuning uchun stadion yugurish yo‘laklari bilan jihozlangan. "Chelsi" va "Arsenal" o‘rtasidagi Evropa ligasi (2018/2019) finali ushbu stadionda bo‘lib o‘tganida, ko‘plab muxlislar stadiondagi kameralarning joylashuvi va translyatsiyadan norozi bo‘lgan. Aytgancha, "Arsenal" yarim himoyachisi Genrix Mxitaryan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi uzoq yillik mojaro tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yuborgan edi. Ushbu finaldan tashqari, stadion mahalliy "Qorabog‘" klubining Chempionlar ligasidagi bir nechta uchrashuvlariga ham mezbonlik qilgan.

Bokudagi arena nafaqat mamlakatdagi ko‘p funktsional sport inshootiga aylandi, balki ko‘p yillik ekologik muammoni ham hal qildi. Aniqrog‘i, stadion qurilishi tufayli Beyuk-Shor ko‘li neft chiqindilaridan tozalandi.

Bokuda quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi: Uels - Shveytsariya (12 iyun), Turkiya - Uels (16 iyun), Turkiya - Shveytsariya (20 iyun) va chorak finalning bitta o‘yini (3 iyul).

“Parken” stadioni (Kopengagen)

Sig‘imi: 38 076 (“Evro-2020” paytida 25% dan 33% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

“Parken” stadioni “Evro-2020”dagi eng kichik va Daniyadagi eng katta stadion hisoblanadi. 38000 o‘rinli arena 1990 yilda qurilgan bo‘lib, stadion 1994 yilgi Kubok egalari kubogi finali ("Arsenal" - "Parma") va 2000 yilgi UEFA Kubogi finaliga ("Arsenal" - "Galatasaroy") mezbonlik qilgan. Odatda ushbu stadionda mahalliy “Kopengagen” klubi va Daniya terma jamoasi o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Yana bir jihati, “Parken” stadioni turli xil musiqa san’atkorlari uchun sevimli maskan hisoblanadi. 2001 yilda “Eurovision” qo‘shiqlar tanlovi aynan mana shu stadionda bo‘lib o‘tgan.  Bundan tashqari Tiësto, Depeche Mode, The Rolling Stones, Selin Dion, U2, Jorj Maykl, Erik Klepton, Pink Floyd, Metallica ham o‘z vaqtida shu joyda chiqish qilgan. Stadion tarixidagi rekord miqdordagi tomoshabinlar ishtiroki 2007 yilning 23 iyunida qayd etilgan. O‘shanda Jastin Timberleyk kontsertiga 55 mingta chipta sotilgan.

Kopengagenda quyidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi: Daniya - Finlyandiya (12 iyun), Daniya - Belgiya (17 iyun), Daniya - Rossiya (21 iyun) va 1/8 finalning bitta o‘yini (28 iyun).

“Gazprom Arena” (Sankt-Peterburg)

Sig‘imi: 68,134 (“Evro-2020” paytida 50% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

“Zenit” klubi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan ushbu arena dunyoning eng qimmatbaho stadionlaridan biri hisoblanadi ("Uembli"dan keyin). Ushbu inshoot Kise Kurokavaning dizayni asosida qurilgan. Yapon me’mori tomonidan o‘ylab topilgan “Gazprom Arena” ko‘rinishidan Finlyandiya ko‘rfazining qirg‘og‘iga tushgan kosmik kemaga o‘xshaydi.

O‘tgan to‘rt yil davomida Sankt-Peterburgdagi arenada 2017 yilgi Konfederatsiyalar kubogi, 2018 yilgi Jahon chempionati va Chempionlar ligasi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bu yil stadion Chempionlar ligasi finalini o‘tkazishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli Sankt-Peterburgga berilgan mezbonlik 2021/2022 yilgi mavsumga qoldirildi.

Dastlab “Evro-2020”ning to‘rtta o‘yini shu stadionda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo UEFA Dublindagi arenani mezbonlar safidan chetlashtirgandan so‘ng, Rossiyaning ikkinchi poytaxtida guruh bosqichining yana uchta o‘yini o‘tkaziladigan bo‘ldi. 11 kun ichida “Gazprom Arena”da guruh bosqichining oltita uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu bois stadion maysasini jiddiy “sinov” kutmoqda!

Sankt-Peterburgda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Belgiya - Rossiya (12 iyun), Polsha - Slovakiya (14 iyun), Finlyandiya - Rossiya (16 iyun), Shvetsiya - Slovakiya (18 iyun), Finlyandiya - Belgiya (21 iyun), Shvetsiya - Polsha (23 iyun) va bitta chorak final uchrashuvi (2 iyul).

“Uembli” (London)

Sig‘imi: 90,000 (“Evro-2020” paytida 25% muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

"Uembli" sig‘imi bo‘yicha Evropadagi ikkinchi eng katta stadion hisoblanadi. Arena qurilishi 2003 yilda afsonaviy Empire stadioni o‘rnida boshlangan. Yangi arenani qurish uchun rekord miqdordagi 798 million funt sterling (2007 yil kursi bo‘yicha 1,59 milliard dollar) sarflangan. 2007 yilda qayta qurilgan Buyuk Britaniyadagi eng katta stadion o‘tgan davr mobaynida 21 million tomoshabinga xizmat qildi.

Londonda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi : Angliya — Xorvatiya (13 iyun), Angliya — Shotlandiya (18 iyun), Chexiya — Angliya (22 iyun), 1/8 finalning 2 ta o‘yini (26 va 29 iyun), 2 ta yarim final (6 va 7 iyul) va final (11 iyul).

Davomi bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!