"Evro-2020" uchrashuvlari o‘tkaziladigan stadionlar (2-qism)

  • 6 iyun, 2021, 20:00
  • 0
  • Futbol

11 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 00:00da Rimdagi "Olimpiko" stadionida Italiya va Turkiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan “Evro-2020”ning final bosqichiga start beriladi. E’tiborlisi, 1928 yilda qurilgan "Roma" va "Latsio" klublarining uy arenasi Evropa chempionatidagi eng tarixiy stadion emas. “Evro-2020” stadionlari orasida qaysilari eng qadimgi, qaysilari eng qimmat va qaysilari hech qachon yirik turnirlarni qabul qilmagan? Bugun shu haqda so‘z yuritamiz.

Milliy stadion (Buxarest)

Sig‘imi: 55,600 (“Evro-2020” paytida 25% dan 33% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

Yangi stadion Maykl Jekson ikki marta kontsert bergan “Arena Natsionale” o‘rnida barpo etilgan. Ushbu stadion "Atletiko" - "Atletik" (3: 0) jamoalari o‘rtasidagi 2012 yilgi Evropa ligasi final bahsiga mezbonlik qilgan. Aynan o‘sha uchrashuvda ispaniyalik muxlislar bilan bir voqea yuz bergan. Gap shundaki, muxlislarning aksariyati shaharlarni chalkashtirib yuborgan va o‘yinga kelolmagan.

Ushbu stadionning qurilishiga sarflangan xarajatlarga kelsak, bunga 234 million evro yo‘naltirilgan. Shundan 20 millioni stadionning harakatlanuvchi tom qismi qurilishiga sarflangan. Stadion tomi o‘z joylashuvini to‘liq o‘zgartirishi uchun 15 daqiqa etarli.

Buxarestda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Avstriya — Shimoliy Makedoniya (13 iyun), Ukraina — Shimoliy Makedoniya (17 iyun), Ukraina — Avstriya (21 iyun) va 1/8 finalning bitta uchrashuvi (28 iyun).

“Yoxan Kroyff Arena” (Amsterdam)

Sig‘imi: 54.990 (“Evro-2020” paytida 25% dan 33% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

“Yoxan Kroyff Arena” 1996 yilda foydalanishga topshirilgan. U tomi ochilib-yopiladigan Evropadagi birinchi stadion hisoblanadi. Stadion 2018 yilda niderlandiyalik afsonaviy futbolchi Yoxan Kroyff sharafiga qayta nomlangan. Ushbu arena ancha oldinroq barpo etilishi mumkin edi. Aniqrog‘i, u 1992 yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlari uchun qurilishi rejalashtirilgan, ammo Niderlandiyaning mezbonlik bo‘yicha topshirgan arizasi rad etilgach, mahalliy hokimiyat uni qurish g‘oyasini keyinga qoldirgan.

2019 yilning 9 may kuni “Yoxan Kroyff Arena” Chempionlar ligasi tarixidagi eng dramatik uchrashuvlardan biriga mezbonlik qildi. Londonda "Tottenxem"ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan “Ayaks” o‘sha kuni o‘z maydonida kutilmaganda 2:3 hisobida engildi va final yo‘llanmasidan maxrum bo‘ldi. "Sensation" xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish an’anasi ham aynan shu erda paydo bo‘lgan.

Amsterdamda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Niderlandiya — Ukraina (13 iyun), Niderlandiya — Avstriya (17 iyun), Niderlandiya — Shimoliy Makedoniya (21 iyun) va 1/8 finalning bitta o‘yini (26 iyun).

“Arena Myunxen” (Myunxen)

Sig‘imi: 75,000 (“Evro-2020” paytida 22% muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

"Alyants Arena" “Evro-2020” paytida "Arena Myunxen" deb nomlanadi. Ushbu stadion katta o‘yinlarni o‘tkazish tajribasiga ega: 2006 yilda bu erda Jahon chempionatining yarim final uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, olti yildan so‘ng esa Chempionlar ligasining hal qiluvchi bahsi o‘tkazildi. Dastlab bu maydon "Bavariya" va "Myunxen 1860"ning uy arenasi sifatida foydalanilgan, ammo keyinchalik Germaniyaning amaldagi chempioni stadion aktsiyalarini to‘liq sotib olib, inshootning yagona egasiga aylandi.

Stadionning alohida ahamiyatga molik jihatlaridan biri shundaki, "Bavariya" ishtirokidagi o‘yinlar paytida stadionning fasad qismi qizil, "Myunxen 1860" o‘yini paytida ko‘k va Germaniya terma jamoasi o‘ynayotgan paytda oq rangdagi ko‘rinishga keladi.

Myunxenda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Germaniya — Frantsiya (16 iyun), Germaniya — Portugaliya (19 iyun), Germaniya — Vengriya (24 iyun) va 1/4 finalning bitta o‘yini (2 iyul).

“Ferents Pushkash” (Budapesht)

Sig‘imi: 67,215 (“Evro-2020” paytida 100% muxlis kirishiga ruxsat berilgan)

Dastlab stadion "Nepshtadion" deb nomlangan. Bu erda 1954 yilda Angliya va Vengriya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tgan va unda inglizlar yirik - 1: 7 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. Ushbu sport inshooti 2001 yilda afsonaviy venger futbolchisi Ferents Pushkash sharafiga qayta nomlangan.

Budapeshtdagi arena 2019 yilda qayta qad ko‘tardi. Shu sababli u “Evro-2020” o‘yinlarini qabul qiladigan stadionlar orasida eng yangisi hisoblanadi. Stadionning ochilish marosimi 2019 yil sentyabrda bo‘lib o‘tdi va u "Bavariya" va "Sevilya" o‘rtasidagi UEFA Superkubogi uchrashuvini qabul qildi. Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida ushbu arenada Chempionlar ligasi va Evropa ligasi pley-off o‘yinlari hamda milliy terma jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Budapeshtda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Vengriya — Portugaliya (15 iyun), Vengriya — Frantsiya (19 iyun). Portugaliya — Frantsiya (23 iyun) va 1/8 finalning 1 ta o‘yini (27 iyun).

“Xempden Park” (Glazgo)

Sig‘imi: 51 866 (“Evro-2020” paytida 25% dan 33% gacha muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

“Xempden Park” arenasida faqat Shotlandiya terma jamoasi va “Kuinz Park Reynjers” klubi o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi. Ushbu stadion “Evro-2020”dagi eng qadimiy stadion hisoblanadi. 1903 yilda ochilgan ushbu arena o‘sha paytda o‘z bag‘riga 100 ming kishini sig‘dira olardi. Hatto 1937 yilda o‘tkazilgan Shotlandiya va Angliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga 149 000 dan ortiq muxlis tashrif buyurgan. Glazgodagi maydonda o‘yinlar Ikkinchi Jahon urushi davrida ham davom etgan. “Xempden Park” 1950 yilgacha, ya’ni Braziliyada 200 ming muxlisni sig‘dira oladigan “Marakana” stadioni qurilgunicha dunyoning eng katta stadioni hisoblangan. Keyinchalik ta’mirlash va xavfsizlik talablari tufayli arenaning sig‘imi kamaytirilgan.

Aytish lozimki, “Evro-2020” Shotlandiya terma jamoasi uchun 1998 yildan buyon birinchi yirik musobaqa bo‘ladi.

Glazgoda quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Shotlandiya — Chexiya (14 iyun), Xorvatiya — Chexiya (18 iyun), Shotlandiya — Xorvatiya (22 iyun) va 1/8 finalning bitta o‘yini (29 iyun)

“Olimpiya” stadioni (Sevilya)

Sig‘imi: 60,000 (“Evro-2020” paytida 30% muxlis kirishiga ruxsat berilgan).

Bilbao o‘rniga "Sevilya" “Evro-2020”ni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi. Ushbu stadion Ispaniya hukumatining Sevilyada 2004 va 2008 yilgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishga da’vogarligi doirasida qurilgan. Ammo har ikkala safar ham ushbu shahar Olimpiada mezbonligi uchun raqobatda imkoniyatni boy bergan. Shundan so‘ng, arenaning hech kimga keragi yo‘q bo‘lib chiqdi. "Sevilya" va "Betis" klublari o‘z uy stadionlariga ega va shuning uchun 60 ming o‘rinlik bu arena o‘tgan yillar davomida shunchaki bo‘sh turdi.

Ba’zida bu erda Ispaniya terma jamoasi o‘ynagan va mamlakat kubogi finallari bo‘lib o‘tgan. So‘nggi yillarda mahalliy federatsiya stadionni "rivojlantirish" bo‘yicha ishlarni faol ravishda olib bordi. Unga ko‘ra, 2024 yilgacha Kubok finallari faqat shu erda o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Evropa chempionatining o‘tkazilishi esa ushbu arena uchun biroz bo‘lsa ham daromad keltiradi.

Sevilyada quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi: Ispaniya — Shvetsiya (14 iyun), Ispaniya — Polsha (19 iyun), Ispaniya — Slovakiya (23 iyun) va 1/8 finalning 1 ta o‘yini (27 iyun).

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!