"Evro-2020"da qaysi klublar va qaysi chempionatlar etakchilik qilyapti?

  • 1 iyul, 2021, 10:30
  • 0
  • Futbol

Evropa chempionatida 1/8 final uchrashuvlari o‘z nihoyasiga etdi. Chorak final oldidan yuzaga kelgan qisqa muddatli tanaffus paytida musobaqaning ayrim raqamlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Bugun “Evro-2020”da qaysi klub vakillari eng ko‘p gol urayotgani va eng ko‘p assistentlikni amalga oshirayotgani haqida gaplashamiz.

Muhim eslatma: futbolchilarning qaysi klubga tegishli ekani terma jamoalarning Evropa chempionatiga bergan talabnomalariga asoslanadi. Masalan, David Alaba allaqachon "Real" futbolchisi, Veynaldum esa hali ham "Liverpul" futbolchisi sifatida qayd etilgan.

“Yuventus” futbolchilari hammadan ko‘p gol urmoqda, APL hisobida bor yo‘g‘i 3 ta gol bor

Ushbu Evropa chempionatida 48 ta klub vakillari o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yishdi. Ularning yarmi bittadan gol urgan. Hozircha to‘purarlar ro‘yxatida "Yuventus" futbolchilari eng ko‘p gol urgan - 9 ta. E’tiborlisi, ushbu gollarning 5 tasini Ronaldu (3 tasi penaltidan) kiritdi. Bundan tashqari Alvaro Morata 2 ta, Aaron Remzi va Fede Kese hisobida 1 tadan gol mavjud. “Evro-2020”da gol urgan futbolchilar soni bo‘yicha "Yuventus" uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Kecha bo‘lib o‘tgan Shvetsiya – Ukraina (1:2) uchrashuvida Aleksandr Zinchenko tomonidan kiritilgan goldan so‘ng “Manchester Siti” “Atalanta”ga etib oldi. Hozircha ushbu ikki klubning 5 tadan futbolchisi Evropa chempionatida gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Chempionatlar kesimida oladigan bo‘lsak, “Evro-2020”da shu paytgacha eng ko‘p golni Italiya A Seriyasi futbolchilari kiritdi. Ushbu chempionat hisobida 30 ta gol bor. Kuchli uchlikdan Bundesliga (26) va APL (23) joy olib turibdi. Ispaniya La Ligasidan bor yo‘g‘i 5 ta futbolchi 8 ta gol urgan xolos.

“Real” –  assistlar bo‘yicha etakchi

David Alabaning “Real”ga o‘tishi assistlar jadvalida madridliklar uchun ijobiy ko‘rsatgich olib keldi. Aniqrog‘i, avstriyalik futbolchi “Evro-2020”ga "Real" futbolchisi sifatida keldi va ikkita golli pas berdi. Shunday natija o‘tgan mavsumni "Tottenxem"da ijarada o‘tkazgan “Real” futbolisi Garet Beylga ham tegishli. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Florentino Peres yangi mavsumda uelslik futbolchini yana Madridga qaytaradi.

Aleksandr Zinchenkoning Shvetsiya darvozasiga kiritilgan ikkinchi golga assistentlik qilgani ortidan “Manchester Siti” “Ayntraxt”dan o‘zib ketdi va “Real”dan so‘ng 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. E’tiborlisi, “Shaharliklar” hisobidagi 5 ta assistga 4 ta futbolchi mualliflik qilgan bo‘lsa, frankfurtliklarning 4 ta assistini birgina Stiven Tsuberning o‘zi amalga oshirdi.

Assistlar bo‘yicha Angliya premer-ligasi etakchilik qilmoqda. Hozircha “Evro-2020”da APLning 16 ta futbolchisi jami 21 ta golga assistentlik qilgan. Bu borada kuchli uchlikdan Bundesliga (17) va A Seriya (15) joy olgan.

“Gol+pas” tizimi bo‘yicha etakchi “Manchester Siti” bo‘lib turibdi. “Shaharliklar” hisobida 13 ochko mavjud. Keyingi o‘rinlarda “Yuventus” (12), “Real” (10), “Atalanta” (10) va “RB Leyptsig” (10) klublari bormoqda.

Bundesliga va A Seriyaga futbolchilari eng ko‘p avtogol muallifi bo‘lmoqda

“Yuventus”ning ikki futbolchisi – Merix Demiral (Turkiya) va Voytsex Shensniy (Polsha) Evropa chempionatida o‘z darvozalariga gol kiritib yubordi. Shuningdek, “Borussiya” Dortmundning ikki futblchisi – Rafael Gerreyro (Portugaliya) va Mats Xummels (Germaniya) ham bittadan avtogol “sohibi”ga aylandi.

To‘purarlar poygasida etakchilik qilayotgan Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema va Emil Forsberg musobaqani tark etdi. Turnirda 3 tadan ko‘p gol urgan faqatgina Patrik Shik qoldi. Chexiyalik futbolchida ushbu ro‘yxatda peshqadamga aylanib olish imkoniyati yaxshiroq. Chexiya terma jamoasi 2 iyun kuni chorak final bosqichida Daniyaga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!