Evropani titratgan "Deportivo"ni eslab. Yoxud La-Korunya klubi hozir qay ahvolda?

Diego Tristan, Albert Luke, Valter Pandiani, Roy Makaay, Jorje Andrade, Xaver Irureta…Agar siz uchun ushbu nomlar nimanidir anglatsa, demak, siz futbolga bugun yoki kecha “kasal” bo‘lmagansiz. Asr boshlarida nafaqat Ispaniya, balki Evropada ham katta “portlash” qilgan “Deportivo”ni eslasangiz kerak. Biz bugun La-Korunya klubining qanday holatda ekani haqida so‘z yuritmoqchimiz.

153

1999/2000 yilgi Ispaniya chempionatini anomal, deb atash mumkin. 69 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritish bunga yaqqol dalildir... Noyob holat. Chunki g‘alaba uchun 3 ochko berilgan davrdan boshlab, bu qadar kam ochko bilan chempion bo‘lish holati tarixda boshqa kuzatilmagan. Ha, "Real" va "Barselona"ning yomon holati "Deportivo"ga o‘z tarixidagi yagona chempionligini yutishiga yordam berdi. Ammo baribir La-Korunya klubining porlashiga yulduz futbolchilar ko‘maklashdi, deyish biroz noto‘g‘ri. O‘sha paytdagi “Deportivo” haqiqatan ham kuchli edi. Chempionlik mavsumidan so‘ng, jamoani "SuperDepor" deb atashgan. “Deportivo” chempionlikdan so‘ng birdan yo‘q bo‘lib qolmadi. Jamoa Ispaniya chempionatida yana to‘rt marta ketma-ket shohsupaga ko‘tarildi. Avval ikki marta ikkinchi, keyin esa ikki marta uchinchi o‘rinni egalladi.

66

O‘sha "Deportivo" ham Evropada shov-shuv ko‘targan. Ko‘pchilik La-Korunya jamoasining 2003/2004 yilgi mavsum Chempionlar ligasi chorak finalida ajoyib kambek ko‘rsatganini eslasa kerak. “Deportivo” “Milan” maydonida o‘tkazilgan dastlabki o‘yinda birinchi bo‘lib gol urdi. Ammo keyinchlik "rossonerilar"ning Kaka, Shevchenko va Pirlo kabi etakchi futbolchilar birin-ketin to‘p kiritib, hisobni 4:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Ispaniyada bo‘lgan javob o‘yini oldidan ko‘pchilik “Milan”ning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lsa-da, "Deportivo" bu taxminlarni puchga chiqardi. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq Xaver Irureta shogirdlari uch marotaba gol urib, tarozi pallasini o‘z tomonlariga og‘dirib oldi. Ikkinchi bo‘limda “SuperDepor” “Milan” darvozasini yana bir bor ishg‘ol qildi va hisobni 4:0 ko‘rinishiga olib keldi.

depor_1

O‘sha mavsum "Deportivo" Chempionlar ligasini yutish uchun real imkoniyatga ega edi, ammo ular yarim finalda yosh va qaynoq Joze Mourino boshchiligidagi "Portu"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Yakunda EChL g‘olibligi aynan “Portu”ga nasib etdi.

Vaqt o‘tishi bilan “Deportivo”ning natijalari yomonlasha boshladi va 2005 yilda Xaver Irureta bosh murabbiylikdan iste’foga chiqarildi. Klubdagi haqiqiy inqiroz so‘nggi o‘n yillikning boshida boshlandi. “SuperDepor” maqomidan allaqachon mahrum bo‘lib ulgurgan La-Korunya klubi Primera va Segunda o‘rtasida arosatda qoldi. Bularning barchasi moliyaviy muammolar bilan bog‘liq edi.

FNK - Liga Chempionov

O‘tgan yili "Deportivo" Ispaniya futbol ligasi tizimida bundan ham pastroq ligada edi. Qirq yil ichida birinchi marta jamoa hozirgi Segunda B, deb nomlanadigan uchinchi divizionga tushib ketdi. Vaziyat shunday darajaga bordiki, joriy mavsum oxirida "Deportivo" uchinchi divizionda jon saqlab qolish uchun kurash olib boradi. Gap shundaki, Ispaniya quyi ligalarida tubdan qayta tashkil etish ishlari olib borildi. O‘zgarishlar keyingi mavsumdan kuchga kiradi. "Deportivo" yo uchinchi divizionda qoladi yoki to‘rtinchisiga tushadi. Hammasini "Langreo" va "Numansiya"ga qarshi qolgan ikkita o‘yin hal qiladi.

Ayni damda La-Korunya jamoasi o‘z guruhida 2-o‘rinda bormoqda. Ular uchinchi o‘rindagi “Numansiya”dan bor yo‘g‘i ikki ochko oldinda. Mavsum oxirida uchinchi divizionda faqatgina dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar jon saqlab qoladi. Shu sababli, “Deportivo” o‘z o‘rni uchun bor kuchini sarflashi kerak.

Deportivo La Coruña » Squad 2020/2021

17 yil oldin Chempionlar ligasi yarim finalida o‘ynagan “Deportivo” hozir Ispaniya uchinchi divizionida jon saqlash uchun kurashmoqda. Futbol olami naqadar beqaror ekanligini La-Korunya jamoasi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bugun siz eng yaxshisiz, ertaga esa...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!