Fayzullaevni kuzatayotgan mashhur klub kuchlilar safiga qaytdi!

Joriy mavsumni Italiya chempionatining “V” Seriyasida o‘tkazayotgan “Parma” jamoasi muddatidan oldin yuqori divizion yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Parmaliklar 36-turda “Bari” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi va ochkolari sonini 74 taga etkazib, peshqadamlik mavqeini mustahkamlab oldi.

Durang natijasida qo‘lga kiritilgan bir ochko samarasida “Parma”  chempionat yakunlanishiga ikki tur qolganida uchinchi o‘rindagi jamoada etti ochkoga o‘zib ketdi va “A” Seriyadagi joyini kafolatladi.

Italiya chempionati qoidalariga ko‘ra, “V” Seriyada dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar kelasi mavsumni eng kuchli divizionda boshlaydi.

Endi “V” Seriya etakchisi “Kremoneze” va “Redjina”ga qarshi bahslarni shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, “Parma” rahbariyati kelasi mavsum oldidan tarkibni kuchaytirishni rejalashtirgan.

Yaqinda “Parma” faoliyatini yoritib borayotgan www.parmalive.com sayti eksperti Juzeppe Emanuele Frizone ushbu jamoa o‘zbek futbolchisi Abbosbek Fayzullaevni kuzata boshlagani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

- “Parma” hozirdan tarkibni kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, klub Markaziy Osiyoning yulduz darajadagi o‘yinchisini kuzatuvga olgan. Bu Abbosbek Fayzullaevdir.

Abbos texnikasi kuchli pleymeyker va yosh hujumchi sifatida Moskvaning TsSKA jamoasi sharafini himoya qilyapti. Bu futbolchi ayniqsa, gollarga assistent sifatida samarali o‘ynamoqda.

Hujumkor o‘zbek futbolchisi o‘z qit’asining eng salohiyatli yosh o‘yinchilaridan hisoblanadi va so‘nggi oylarda unga “Bavariya” qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar chiqarilmoqda, - deb yozgandi Juzeppe Emanuele Frizone.

“Parma” uch yillik tanaffusdan so‘ng “A” Seriyada o‘ynaydigan bo‘ldi. 111 yillik tarixga ega jamoaning yana kuchlilar safiga qo‘shilishida Abbosbe Fayzullaev singari Rossiya Premer-ligasida o‘zini ko‘rsatgan futbolchilarning xizmati katta bo‘ldi.

“Parma” himoyachilaridan Yordan Osorio, Kristian Ansaldi hamda yarim himoyachi Ernani o‘z davrida Sank-Peterburgning “Zenit” jamoasi sharafini himoya qilgan.

Ular Parijda o‘zbek futbolchilariga muxlislik qiladi!

“Kalyari” Shomurodov bo‘yicha bir qarorga keldi. Eldorga boshqa takliflar ham bor!

O‘zbek futbolchilari qilgan ishni ko‘pchilik uddalay olmagan!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
subhidam@yandex.ru
02/05/2024 11:42
Аббосбек Файзуллаев "ПАРМА" билан ШАРТНОМА килиб,бу жамоада уйнаса, албатта янадай кучли футболчига айланади аммр "БАВАРИЯ"га утса,СИНИБ колиши мумкин!