Gongkong bosh murabbiyi: "O‘zbekistonga shunchaki sayohat qilish uchun kelmadik..."

Xabaringiz bor, ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi "JCh-2026" saralashi doirasida Gongkongga qarshi bahs olib boradi. Mazkur o‘yin oldidan gongkongliklar bosh murabbiyi Yorn Andersen matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

"Avvalambor, hammaga xayrli kun. Ertangi o‘yin biz uchun oson bo‘lmasligi aniq. Eron, O‘zbekiston kabi jamoalarga qarshi o‘ynash biz uchun oson emas. Ammo biz shunday bellashuvlar orqali rivojlanib boramiz va xatolarimizni yaqqol ko‘rib olish imkoniga ega bo‘lamiz. 

O‘zbekistonga shunchaki sayohat qilish uchun kelmadik. Bilasiz, FIFA reytingiga qarasak, tafovut ancha katta ekani ko‘rinadi. Shunga qaramay, biz osonlikcha taslim bo‘lmaymiz va g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

Katanetsni yaxshi bilaman. U bilan futbolchilik faoliyatim davomida Bundesligada o‘zaro kurash olib borganmiz. O‘ylashimcha, Srechkoning ertaga bahsda ishtirok etmasligi juda katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Mutaxassis qo‘l ostida yaxshi murabbiylar shtabi bor va ular munosib harakat qila oladi, deb o‘ylayman. 

Oxirgi paytlarda O‘zbekistonga qarshi juda ko‘p uchrashuvlar o‘tkazdik. Ochig‘i, Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biriga qarshi to‘p tepish oson emas. O‘zbekiston qit’adagi olti eng kuchli termadan biri, menimcha. 

Ammo futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. G‘alaba qozonish uchun bor kuchimizni to‘g‘ri sarflay olishimiz katta ahamiyatga ega. 

Har bir bellashuv biz uchun muhim. Ertangi raqibimiz bilan kechgan uydagi o‘yinni eslasak, O‘zbekiston hujumkor harakat qildi. Biz juda oson tarzda ikkita gol o‘tkazib yubordik. 

Shunday ekan, bu mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosalar chiqara oldik, deb o‘ylayman. Ko‘rdikki, o‘tgan uchrashuvda ancha vaqtgacha gol o‘tkazib yubormaslikni uddalay oldik. Aytishim mumkinki, ertaga nima bo‘lishidan qat’iy nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz. 

Biz butun Osiyo bo‘ylab futbol uchrashuvlari o‘tkazdik. Ammo Gongkong mediasida maydon holati haqida salbiy fikr bildirgani men uchun ahamiyatli emas. Menga va sheriklarimga vataningiz juda yoqdi. Shuningdek, maydon holatidan ham qoniqish hosil qildim", - dedi mehmonlar bosh murabbiyi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!