Ibragimovichdan avval faoliyatini yakunlagan "ukalar"

Yana yarim yildan so‘ng, aniqrog‘i 3 oktyabr kuni Zlatan Ibragimovich 40 yoshga to‘ladi. U yaqindagina “Milan” bilan amaldagi shartnomasini 2022 yilning yozigacha uzaytirdi. Zlatan faoliyati davomida to‘p surgan 9 ta klubda ko‘plab mashhur futbolchilar bilan birga o‘ynadi. Biz esa Ibragimovichdan yoshroq bo‘lgan va faoliyatini allaqachon yakunlagan ana shunday futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Afsuski, butun faoliyati davomida Ibragimovichni ta’qib qilgan, aniqrog‘i u bilan eng ko‘p birga o‘ynagan Maksvell ushbu ro‘yxatga kiritilmadi. Braziliyalik futbolchi Zlatan bilan birga "Ayaks", "Inter", "Barselona" va PSJ da jami 325 ta o‘yinda birga o‘ynagan. Maksvell Zlatandan bir oyga kattaroq, ammo u 4 yil avval butsalarini mixga ilib ulgurgan.

Tiago Motta (38 yosh) – 2012 – 2016 yillarda PSJda birga o‘ynagan

Motta 2018 yilning mayida faoliyatini yakunladi. Futbolchilikdan murabbiylikka qadam qo‘ygan Tiago o‘tgan vaqt mobaynida PSJ U-19 hamda “Jenoa” klublarini boshqarishga ulgurdi.

Esekiel Lavessi (35 yosh) – 2012 – 2016 yillarda PSJda birga o‘ynagan

Argentinalik iqtidor egasi 2019 yilning noyabrida professional faoliyatini tugatganini e’lon qildi.

Kim Chelstrem (38 yosh) – 2000 – 2016 yillarda Shvetsiya terma jamoasida birga o‘ynagan

“Arsenal” afsonasi Zlatan bilan deyarli 100 ga yaqin o‘yinda birga harakat qildi. Ammo ularning barchasi terma jamoa safida bo‘ldi. Kim faoliyatini 2017 yilda yakunlagan.

Robino (37 yosh) – 2010 – 2012 yillarda “Milan”da birga o‘ynagan

Braziliyalik futbolchi hali faoliyatini yakunlamagan, ammo 2020 yilning oktyabr oyidan beri o‘ynamayapti. Uning “Santos” bilan shartnoma tuzgan edi, ammo klub muxlislarning noroziligi tufayli uni buzishga majbur bo‘ldi. Italiyada Robino 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud dekabr oyida uning apellyatsiyasi rad etdi. Jarayon davom etmoqda.

Rafael van der Vart (38 yosh) – 2001 – 2004 yillarda “Ayaks”da birga o‘ynagan

Gollandiyalik futbolchi faoliyatini 2018 yilda yakunlagan. Ammo 2019 yil Daniyaning 9-divizionida ishtirok etuvchi “Esberg” klubi safida 1 ta o‘yinda maydonga tushdi.

Stiven Pinar (39 yosh) – 2001 – 2004 yillarda “Ayaks”da birga o‘ynagan

Janubiy Afrika terma jamoasi sobiq sardori rasman 2018 yilda futbolchilik faoliyatiga nuqta qo‘ygan. Uning so‘nggi jamoasi Angliyaning “Sanderlend” klubi bo‘lgan.

Viktor Valdes (39 yosh) – 2009 – 2010 yillarda “Barselona”da birga o‘ynagan

Ushbu ikki futbolchi “Manchester Yunayted”da ham birga o‘ynashi mumkin edi, ammo ispaniyalik posbon 2016 yilning yozida, ya’ni aynan Zlatan MYuga ko‘chib o‘tganida “Midlsbro”ga o‘tib ketgan. Valdes 2017 yilda faoliyatini yakunlagan.

Salli Muntari (36 yosh) – 2008 – 2009 yillarda “Inter”da va 2011 – 2012 yillarda “Milan”da birga o‘ynagan

Ganalik futbolchi 2019 yilda butsalarini mixga ilgan. Uning so‘nggi jamoasi Ispaniyaning “Albasete” klubi bo‘lgan.

Uesli Sneyder (36 yosh) – 2002 – 2004 yillarda “Ayaks”da birga o‘ynagan

“Ayaks”dagi sobiq jamoadoshlar “Inter”da uchrashishlari ham mumkin edi. Ammo Sneyder “neradzurrilar” safiga o‘tganida Ibragimovich PSJga yo‘l oldi. Gollandiyalik futbolchi 2019 yilning avgustida faoliyatini yakunlandi.

Bastian Shvaynshtayger (36 yosh) – 2016–2017 yillarda “Manchester Yunayted”da birga o‘ynagan

Germaniyalik futbolchi Ibragimovich bilan MYuda bir yil birga o‘ynadi. Ammo ular bor yo‘g‘i 2 ta o‘yinda birga maydonga tushishdi. Ular keyinchalik MLS klublarida bir-birlariga qarshi bir necha bor harakat qilishdi.

Shvaynshtayger faoliyatini 2020 yilning yanvarida tugatdi.

Jonni Xeytinga (37 yosh) – 2001 – 2004 yillarda “Ayaks”da birga o‘ynagan

Zlatanning “Ayaks”dagi yana bir sobiq jamoadoshi. Xeytingga 2016 yil fevralda butsalarini mixga ilgan. Hozirda u “Ayaks”ning yoshlar jamoasiga ustozlik qilmoqda.

Adriano (39 yosh) – 2006 – 2009 yillarda “Inter”da birga o‘ynagan

Uzoq vaqt ruhiy holatini izga sololmagan braziliyalik futbolchi 2016 yilning may oyida faoliyatini yakunladi.

Yoan Kabay (35 yosh) – 2013 – 2015 yillarda PSJda birga o‘ynagan

Frantsiyalik futbolchi o‘tgan yilning yozida “Sent-Eten”dan ketgach o‘ziga yangi jamoa topolmadi va shu yilning fevralida faoliyatini yakunlashga qaror qildi.

Antonio Kassano (38 yosh) – 2011 – 2012 yillarda “Milan”da birga o‘ynagan

Italiyalik futbolchi 2018 yilning oktyabrida faoliyatini yakunlagan.

Yaya Ture (37 yosh) – 2009 – 2010 yillarda “Barselona”da birga o‘ynagan

2020 yilning yanvarida butsalarini mixga ilgan afrikalik futbol yulduzi hozirda Donetskning “Olimpik” klubida murabbiylik qilmoqda.

Ueyn Runi (35 yosh) – 2016 – 2017 yillarda “Manchester Yunayted”da birga o‘ynagan

Angliyalik futbol yulduzi 2021 yilning yanvarida faoliyatini yakunladi. U “Derbi Kaunti”da to‘p surishda davom etishi mumkin edi, ammo klub rahbariyati undan jamoaga ustozlik qilishni iltimos qildi. Hozir Runi ushbu jamoaning bosh murabbiyi hisoblanadi.

“Milan” o‘z uyimdek bo‘lib qolgan. Agar imkon bo‘lsa, umrimning oxirigacha shu erda qolgan bo‘lardim”, - dedi Ibragimovich “rossonerilar” bilan shartnomasini uzaytirgandan so‘ng.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!