Ilhom Mo‘minjonov nima uchun ikki xil gapiryapti? Bu erda boshqa gap bormikin-a?!

  • 22 may, 2022, 23:09
  • 1
  • Futbol

Mavsumni g‘alaba bilan boshlagan “Neftchi” ketma-ket 8 ta o‘yinda erinmasdan raqiblariga ochko ulashib g‘alabani unutayozdi.

Nihoyat, 10-turga kelib farg‘onaliklar g‘alaba qozonish qanday ekanligini yodga olishdi. Yaypanda “Metallurg”ni qabul qilgan Ilhom Mo‘minjonov jamoasi birinchi bo‘limda qiyinchiliklarga duch keldi. Tanaffusdan keyin o‘yin sur’ati butunlay o‘zgardi.

Aniqrog‘i, farg‘onaliklar tezkor qarshi hujumlar orqali raqibni uch marta jazoladi. O‘yindan keyin “Neftchi” ustozi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Bugungi g‘alabamizni juda ko‘p kutib qolgan muxlislarimizga bag‘ishlaymiz. G‘alabamizni shuncha kutib chidashganiga murabbiylar shtabi va futbolchilar nomidan rahmat aytaman. Safardagi uchrashuvlarda ham bizni qo‘llab-quvvatlashdi. O‘yinchilar g‘alaba uchun bor mahoratlarini ishga solishdi. Murabbiylar shtabi tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarishdi.

- “Metallurg”ni ancha o‘rganganingiz ko‘rinib turibdi. Ayniqsa, qarshi hujumda yaxshi ishlar olib borildi. Bu bo‘yicha alohida tayyorgarlik ko‘rildimi?

- Ahamiyat bersangiz, oxirgi uchta o‘yinda himoyamiz nolga o‘ynayapti, ko‘z tegmasin. Ammo hujumda ikkita uchrashuvdan beri gol urmayotgandik. Bugun uchta gol urdik. Oldingi “Olimpik”, “Navbahor” va bugun “Metallurg” bilan uchrashuvlarda qarshi hujumlarda o‘ynadik. Bu mashg‘ulotlarda ishlagan usulimiz. Futbolchilarimizdan kelib chiqqan holda ikkinchi raqam bo‘lib o‘ynayapmiz. Jarohat olgan ayrim o‘yinchilarimiz endi o‘ziga kelishdi. Qolganlar ham asta-sekin qaytishadi.

- “Navbahor” bilan o‘yindan keyin murabbiylar shtabida o‘zgarish bo‘lishi haqida aytib o‘tgandingiz. Shu xususida to‘liqroq ma’lumot bersangiz?

- Yordamchilarimda almashuv bo‘ladi deb aytgandim. Shu kunlarda o‘zgarish bo‘lib qolsa kerak. Chetdan murabbiylar keldi, hozircha muzokara olib borilyapti. Ma’qul kelsa qolishadi, har xil variantlar bor.

- Bugun Sunnat Abdullajonov o‘ng qanot himoyasida o‘ynadi. Bu o‘zini oqlagandek tuyuldi. Himoyachi yo‘qligi uchun shunday qarorga kelganmisiz?

- Muhsin Ubaydullaev bugungi o‘yinni o‘tkazib yubordi. Oxirgi uchta uchrashuvlarda qarshi hujumlar ustida ishlab, Sunnat Abdullajonovni o‘ng qanot himoyasiga o‘tkazdik. Bu qaror o‘zini oqladi desa bo‘ladi. Chunki uchta turdan beri himoyamiz nolga o‘ynab, darvozamizdan gol o‘tkazmayapmiz. Bu katta gap. Ammo zaxira bo‘yicha baribir murabbiylar shtabi bilan bu borada siqilyapmiz. Futbolchilar kam, ular asta-sekin tiklanishyapti. Abdullajonov himoyada yaxshi o‘ynadi. Ha, oldinga o‘tishda faol bo‘lmadi. Chunki murabbiylar tomonidan yuklatilgan vazifasini bajardi. Faqat himoyani o‘ylash kerak edi. Pozitsion hujum uyushtirmadik, qarshi hujumlarda gol urdik.

- Hakamlar borasida fikringiz qanday?

- Yaxshi hakamlik qilishdi deb o‘ylayman. Ularga e’tiroz yo‘q. Yutqazganimizda ham, durang o‘ynaganimizda ham hech qachon hakamlarni gapirmaganman.

- Selektsiya ishlari boshlanganmi?

- Boshlangan desa ham bo‘ladi. Hujum chizig‘imiz oqsoqlanyapti. Hozir 10-tur, 9-turga kelib eng kam gol urgan jamoa biz edik, 4 ta golimiz bor edi. Bugun 3 ta urdik. Hoshimov va Ubaydullaev harakat qilishyapti. Sharich esa talabga javob bermayapti. Lekin mashg‘ulotlarda ishlayapti va o‘z vaqtini kutyapti. Imkonyat bo‘lsa, unga ham beramiz.

“Navbahor”ga qarshi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Mo‘minjonov evropalik mutaxassislar bilan muzokaralar olib borilgani va ijobiy yakunlanganini aytdi.

Kuni kecha “Neftchi” klubi rasmiy ravishda xorvatiyalik ikki nafar murabbiy – Zoran Vulich bilan Mladen Praliya bundan buyon Ilhom Mo‘minjonovga murabbiylar shtabida yordam berishi haqida yozdi. Lekin “Metallurg” bilan uchrashuvdan keyin murabbiy ushbu xabarni tasdiqlamagani hayron qoldirdi.

Aksiga olib muzokaralar olib borilyapti dedi. Uni qaysi gapiga ishonish kerak? Axir “Navbahor” bilan bahsdan so‘ng kelishuvga erishildi degandi, bugun esa boshqacha gap?! Boz ustiga “Neftchi” matbuot xizmati xorvatiyalik mutaxassislar ish boshlaganini rasman e’lon qilib turibdi-ku!

Qiziq, Ilhom Ibragimovich nima uchun ikki xil gapiryapti? Yoki bu erda boshqa gap bormikin-a?!

"Neftchi"da xorvatiyalik murabbiylar ish boshladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Aziz Yuldashev
23/05/2022 10:25
Беш хил гапирсин хохласа, натижа қилсин мухлис кечиради