Jahon chempionatida 10 ta medal qo‘lga kiritgan karatechilarimiz tantanali kutib olindi

Joriy yil 2-7 iyul kunlari AQShning Florida shahrida sportning karate-do (ITKF) turi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur chempionatga O‘zbekiston sport delegatsiyasi jami 14 nafar ishtirokchi bilan qatnashdi.

Quvonarlisi, hamyurtlarimiz ushbu musobaqada 10 ta medalni qo‘lga kiritishdi (2 ta oltin, 8 ta bronza).

Karate-do (ITKF) bo‘yicha O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolari bugun, 12 iyul kuni erta tongda yurtimizga uchib kelishdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchilarimiz Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston karate-do (ITKF) federatsiyasi hamda sportchilarning yaqinlari tomonidan munosib kutib olindi.

“Musobaqaga barcha raqiblarim yaxshi tayyorgarlik bilan kelishgani ma’lum bo‘ldi. Shunga qaramay, murabbiyim bergan ko‘rsatmalar asosida raqiblarimdan ustun keldim. Finalda amerikalik raqibimni qiyinchilik bilan bo‘lsa-da mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘ldim”, — jahon chempionatining oltin medali sohibi Shahobiddin Shodmonxonov.

O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!