Kutilmalar o‘zini oqlamayapti! "Navbahor" ko‘p narsa yo‘qotib bo‘ldi

O‘zbekiston Superligasi 3-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Navbahor" bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi. "Lochinlar" safida Tabatadze dubl muallifiga aylangan bo‘lsa, "qaldirg‘ochlar"ning gollariga Mirahmadov ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 

"Bunyodkor" Superliga joriy mavsumidagi ilk ochkosini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "Navbahor" ketma-ket ikkinchi uchrashuv ochko yo‘qotmoqda. 

Uchrashuvdan so‘ng namanganliklar ustozi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Murabbiy jamoasi etarlicha yo‘qotishlarga duch kelganini ta’kidlab, "Bunyodkor" darajasidagi klublarni taslim etish kerakligini aytib o‘tdi: 



- Dastlabki uch turni o‘tkazdik va ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha omadsiz hodisalar shu uchta o‘yinda ro‘y berdi. Kutilmagan gollar o‘tkazdik. Futbolchi boshi bilan zarba berdi va to‘p noyob traektoriya orqali darvozamizdan joy oldi. Ha, mayli. Mavsum endi boshlandi va hali oldinda o‘yinlar ko‘p. Sabrli bo‘lishimiz kerak. O‘yin sifati, xohish, motivatsiya hammasi joyida, ammo kutilmagan hodisalar ro‘y bermoqda. Xavfli vaziyatlarni golga aylantira olmayapmiz va yo‘q joydan gol o‘tkazib yubormoqdamiz. Oldinda kichik tanaffus bor va tanaffus jarayonida barchasini tahlil qilib chiqamiz. O‘yin haqida gapirgim kelmayapti. “Bunyodkor”ni hurmat qilaman, biroq bunday darajadagi jamoalarni mag‘lub etishimiz kerak.

- “Bunyodkor”da o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bugungi uchrashuvda ular to‘liq yangi tarkib bilan maydonga tushishdi. Avvalgi ikki uchrashuvda ham “qaldirg‘ochlar” yomon o‘ynashmadi, ammo himoyadagi xatolar sababli jamoa ko‘p gol o‘tkazib yuborayotgan edi. Bugun esa umuman boshqa futbolchilar maydonga tushdi. Yangi futbolchilar esa bizga notanish. Birinchi bo‘limda ko‘proq bosim qilishimiz kerak edi. Sababi, raqibimiz tarkibidagi futbolchilar yosh. Tanaffusdan so‘ng bosimni kuchaytirdik va ikkita gol urdik. Birinchi bo‘limni juda yomon o‘tkazdik. “Bunyodkor”ning misoli, mahalliy mutaxassislarga ishonishda davom etishimiz kerakligini ko‘rsatib berdi. Yangi murabbiy jamoani bugungi uchrashuvga yaxshi tayyorlaganini ko‘rdingiz. “Bunyodkor” o‘z akademiyasi bilan mashhur. Bugun maydonga tushgan yosh futbolchilar buni isbotlashdi. “Bunyodkor”ga “respekt”!



Shaxsiy yondashuv 


Qayd etish lozim, ayni damda "Navbahor" 3-turdan so‘ng Superliga turnir jadvalida 5 ochko bilan 6-o‘rinni band etib turibdi. "Lochinlar" ilk turdagi g‘alabadan so‘ng ketma-ket ikki uchrashuvda ochko yo‘qotdi. Joriy mavsum Superligada eng kuchli tarkibga ega va bir qator terma jamoa darajasidagi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan "Navbahor"dan muxlislar har doim ko‘prog‘ini kutadi. Ikkinchi turda OKMKga qarshi o‘z maydonidagi uchrashuvda yo‘qotilgan ochko ham aslida tushunarsiz. Hozir klublar o‘rtasida tarkib va bir qator faktorlarni inobatga olsak, farq katta. Biroq "Bunyodkor" o‘zining ilk ochkosini eng ko‘p narsa kutilayotgan "Navbahor"ga qarshi qo‘lga kiritgani o‘tib tushdi va klub ishqibozlarini biroz ranjitgan bo‘lsa, ajab emas. Demak, bu mavsum ham qaysi jamoa chempion bo‘lishidan qat’i nazar, bu oson chempionlik bo‘lmasligi aniq. Mavsum startining tempni belgilab beryapti. Bizni oldinda uzoq va intrigali jarayon kutib turibdi. Babayan shogirdlari keyingi turni "Surxon"ga qarshi o‘tkazadi va 5-turda "Nasaf" bilan o‘ynaydi. 6-turda ular "Paxtakor"ni sensatsion tarzda mag‘lub etgan va yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan "Lokomotiv"ga, 7-turda "So‘g‘diyona"ga va 8-turda ayni dam Superliga peshqadami bo‘lib turgan "Neftchi"ga qarshi maydonga chiqadi. Mana shu davrga kelib, klubning o‘yini va darajasi maqsadlariga qanchalik monand ekanligini bilib olamiz. Hozircha yo‘qotishlar ko‘lami ancha katta. Taxmin qilingan darajadan kelib chiqib, albatta. 



                                                                                                                                                              Karim Xudayqulov            

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Азимов Хасанбой
18/03/2024 10:49
Навбахор тугри йулда 3 йилдан бери Бабаян Навбахорни пулини кукка совуриб йулини тополмайди АФСУСССССС.
Абдухаликов Мухаммад
18/03/2024 08:08
Бабаянга яхши бош мураббий керак Бабаянни клуб директори вазифасига утказиш керак