Madinabonu Mannopova: "Turkish Open"da ketma-ket ikkinchi yil oltin medal yutmoqchiman

O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi ayni paytda Yangiobod o‘quv bazasida yangi xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Fevral oyi boshida "Turkish Open" musobaqasida qatnashadigan terma jamoamiz a’zosi Madinabonu Mannopova O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga o‘z fikrlarini bildirdi.

"Taekvondo bilan 9 yildan buyon muntazam shug‘ullanib kelayapman. Birinchi murabbiyim - Sobir Nazaraliev. Kichkinaligimdan ushbu murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanib kelayapman.

Taekvondoga kelishim aslida tasodifan sodir bo‘lgan. Yakkakurashlar orasida aynan taekvondo meni o‘ziga rom qilgan. Sport kiyimi, sport jihozlari va zarbalari chetdan qaraganda juda ham chiroyli ko‘rinadi.

"Turkish Open" musobaqasida 2015 yil kadetlar toifasida oltin, 2016 yil o‘smirlar toifasida kumush va 2019 yil kattalar o‘rtasida oltin medalini qo‘lga kiritganman. Bu yil to‘rtinchi marta ushbu musobaqada ishtirok etaman. "Turkish Open" G1 turkumiga mansub hisoblanadi va ketma-ket ikkinchi yil oltin medalni qo‘lga kiritishga harakat qilaman", - deydi Madinabonu Mannopova.

3-5 fevral kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida taekvondo bo‘yicha an’anaviy "Turkish Open" musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar a’zosi qatnashadi.

Manba: O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!