"Man Siti" - "Real". SPORTS.uz muxbirlarining taxminlari qanday?

  • 7 avgust, 2020, 18:50
  • 0
  • Futbol

Evropa Chempionlar ligasining nimchorak final bosqichida "Manchester Siti" klubi o‘z maydonida "Real"ni qabul qiladi.

APLning joriy mavsumini 9 ta mag‘lubiyat bilan yakunlagan Gvardiola shogirdlari o‘z uyida La Liga chempioniga qarshi ChLning chorak finali uchun kurashadi.

Qiziqarli kechishi kutilayotgan uchrashuvdan oldin, saytimiz ijodkorlari o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

 

Toshtemirov Baxtiyorjon:

- Madriddagi bahsdan so‘ng, "Manchester Siti"ning imkoniyatlari ancha yuqori. Jamoa bir necha yillardan buyon EChLni yutishga harakat qilyapti, bu borada ularning ambitsiyasi kuchliroq. Qolaversa, inglizlar mavsumning so‘nggi bellashuvlarini ancha ko‘tarinki kayfiyatda va yirik hisoblardagi g‘alaba bilan yakunladi. Ammo bugun Aguero yo‘q va bu "Real"ga qo‘l kelishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, bizni qiziqarli bahs kutib turibdi.

 

Umarov Azamat:

- Vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar Angliya va Ispaniya grandlarining qarama-qarshiliklari doim qiziqarli bo‘lib kelgan. Hozirda ko‘pchilik Gvardiola shogirdlarining imkoniyatlarini yuqori baholamoqda. Bunga birinchi uchrashuvdagi g‘alaba, Ramosning yo‘qligi va "shaharliklar"ning restartdan keyin ko‘rsatayotgan bir maromdagi o‘yini sabab bo‘lmoqda.

"Real" Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgani va bunday bellashuvlarda raqamlar hech qanday rol o‘ynamasligiga alohida e’tibor qaratish lozim, deb bilaman.

 

Eshmatov Ahmad:

- “Manchester Siti” hamda “Real” to‘qnashuvi juda shiddatli o‘tishi turgan gap. Lekin Madrid jamoasiga oson bo‘lmaydi. Birinchi uchrashuvdagi g‘alaba Gvardiola shogirdlariga ruhiy ustunlik beradi.

Qolaversa, “Real” tarkibida Serxio Ramos o‘ynamasligi va bir qator futbolchilarning maydonga tushishi so‘roq ostida ekanligi ham katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin. “Manchester Siti”da esa katta ishtiyoq bor. Odatda, bu jamoa chorak final yoki yarim final ostonasidan o‘tishga har doim qiynalgan. Bu safar mehmonda 2:1 hisobidagi g‘alaba "shaharliklar"ga ajoyib imkoniyatni berdi. Bundan Pep boshchiligidagi "drujina" oqilona foydalana olsa kerak. Hatto, 1:0 hisobidagi g‘alaba ham madridliklarga keyingi bosqich eshigini ochmasligini inobatga olsak, Zidan shogirdlari ham bor kuchini ishga soladi.

Har ikki jamoada ham g‘alaba qozonish uchun elementar bo‘lsa-da, omillar mavjud. “Real”ning mavsum yakuniga ko‘ra, La Liga g‘olibiga aylanganligi ko‘tarinki kayfiyat bilan to‘p surishga sabab bo‘ladi.

Bunday holatda, barchasi o‘xshayveradi. “Siti”ga esa, chempionlar ligasini yutishga bo‘lgan ishtiyoq, Premer-ligadagi alamzadalik katta motivatsiya beradi, degan fikrdaman. Bular o‘yinning jangovor o‘tishiga sabab bo‘ladi. Xullas, bir qator gollarni ko‘ramiz. Shu o‘rinda, o‘yin qaysi jamoaning birinchi gol urishiga qarab, o‘zgarib ketishi mumkinligini ham aytib o‘tish lozim...

 

Xolboev Shahzod:

- "Manchester Siti" karantindan so‘ng, chempionatdagi 8 ta o‘yinning 6 tasida g‘alabaga erishdi. Biroq, o‘ylashimcha, jamoa eng katta g‘alabani sudda qo‘lga kiritdi. Endi "shaharliklar" moliyaviy feyr-pley haqida qayg‘urmasalar ham bo‘ladi. Jamoa bugungi kungacha 2 ta transferni amalga oshirdi. Bular Ferran Torres va Natan Ake. To‘g‘ri, ular yangi jamoasiga maydonda yordam bera olmaydi, ammo klubdagi ichki muhitga bu ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Gvardiola ko‘proq himoyadagi o‘yindan xavotirda.

Mendi diskvalifikatsiya bois uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Uning o‘rnida bugun Kanselu yoki Zinchenkoni ko‘ramiz. Shuningdek, oldingi chiziqda Agueroning yo‘qligini ta’kidlash joiz.

Aynan bugungi o‘yin "Manchester Siti"ning EChLdagi ishtirokini belgilab beradi. Jamoa haqiqiy, grand klub ekanligini aynan bugun isbotlashi kerak bo‘ladi.

Madriddagi o‘yin natijasi "Real"ni qiyin ahvolda qoldirmoqda. Ammo, "Qirollik klubi" hisobga qarab o‘ynay olish qobiliyatiga ega jamoa sanaladi. Qolaversa, EChL bu "qaymoqranglilar"ning DNKsida bor, degan qarashlar ham mavjud. Albatta, Ramosning yo‘qligi — juda ham katta yo‘qotish. Zidan "Siti"ga qarshi javob bellashuvi uchun 10 kun tayyorgarlik ko‘rganligini ta’kidladi. Bu davr ichida jamoa sardorining o‘rnini qanday to‘ldirishni o‘rganib chiqqani aniq. Zidan o‘ynamaydigan Ramosni Manchesterga olib ketdi va kiyim almashtirish xonasida aynan uning yordamidan foydalanishni maqsad qilgani ko‘rinib turibdi. "Siti"dan farqli o‘laroq, "Real" chempionatda g‘olib chiqdi va juda yaxshi kayfiyatda. Shularni inobatga olgan holda madridliklar bugun o‘zlari uchun kerakli hisob qayd etishlariga ishonaman.

 

Mahkamov Botirali:

- Mana shunday o‘yinlarni juda sog‘ingandik. Pandemiya davrida EChLning katta o‘yinlarini ko‘rish nasib qilmayotgan edi. Gvardiola va Zidan shogirdlarining qarama-qarshiligini tomosha qilish juda zavqli bo‘ladi, ammo tarozi pallasi biroz inglizlar tomoniga og‘ib turgani bellashuvning sifatiga ta’sir qilishi mumkin. Lekin madridliklar har qanday vaziyatni o‘zgartirishga qodir jamoa hisoblanadi.

Ko‘ramiz, bugun "Qirollik klubi" nimadir qilib bera olarmikan?

 

Valixonov Abdulvosid:

- Prevyuda yozganimdek, birinchi bo‘limda ikkala jamoadan shaxmat partiyasini kutyapman. Ehtiyotkorlik birinchi o‘ringa chiqadi. "Siti" doimgidek to‘p nazoratini qo‘lga olishga harakat qilsa kerak. Ammo joriy mavsumdagi Real ham to‘pni juda yaxshi ko‘radigan jamoalar sirasiga kirib qoldi.

Ikkinchi bo‘limgacha vaziyat o‘zgarmasa, bizni 45 daqiqa, balki undan ham ko‘proq shiddatli o‘yin kutib turibdi. Ushbu o‘yinda Pep shogirdlari kichik ustunlikka ega va favorit maqomiga aynan ular munosibroqdek.

 

Jo‘raev Shuhratbek

- Ha, bu o‘yinni katta qiziqish bilan kutyapman. Aslida bunday jamoalar finalga haqli. Shu ma’noda aytganda, bu final oldidan final maqomiga teng o‘yin bo‘ladi. To‘g‘risi, birinchi o‘yindagi natija javob bahsi oldidan u qadar katta ahamiyat kasb etmaydi. Chunki Ispaniya chempioni bo‘lgan "Real" Chempionlar ligasida qanday o‘ynashni biladi. Qolaversa, birinchi uchrashuvdan keyin ancha vaqt o‘tdi va "Real" yanada kuchaygan. Ushbu bahsda istalgan natija sodir bo‘lishi mumkin. Rosti, Zidan jamoasi "Citi"ni yutib keyingi bosqichga chiqsa, bundan mutlaqo ajablanmayman. Zero, "Real"ning imkoniyatini yuqori baholayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!