"Manchester Siti" muxlislari Fodenni tanlashdi

"Manchester Siti" rasmiy saytida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yakunlariga ko‘ra, o‘tgan aprel oyida jamoaning eng yaxshi futbolchisi aniqlandi. Bu nomga yosh hujumkor yarim himoyachi Fil Foden sazovor bo‘ldi.

23 yoshli angliyalik futbolchi aprel oyida “shaharliklar” safida raqib darvozasini olti bor ishg‘ol qilishga erishdi. Ushbu gollarning uchtasi Premer-liga doirasida “Aston Villa” va “Brayton”ga qarshi o‘yinlarda kiritildi. Fil shuningdek, UEFA Chempionlar ligasi chorak finalning birinchi o‘yinida (3:3) “Real” darvozasiga ham yo‘l topgan edi.

Garchi “Manchester Siti” Chempionlar ligasini tark etgan bo‘lsada, yana ikkita sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda. "Shaharliklar" Angliya kubogi finalida "Manchester Yunayted" bilan o‘ynaydi. Gvardiola shogirdlari Premer-liga chempionligi uchun ham asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi. “Shaharliklar” bu boradagi asosiy raqobatchisi "Arsenal"dan 1 ochko kam jamg‘argan holda 2-o‘rinla borishmoqda. Ammo ularning zahirasida yana 1 ta o‘yin mavjud.

Fil Foden joriy mavsum APLda 31 ta o‘yinda maydonga tushdi va 16 ta gol hamda 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!