Murabbiy o‘zi xohlamagan muammo bilan to‘qnash keldi yoxud "Neftchi" qaddini rostlaydimi?

  • 11 iyun, 2022, 09:46
  • 0
  • Futbol

O‘tgan yili pro ligada muvaffaqiyatli qatnashib Superligaga qaytgan “Neftchi” bu yil kuchlilar orasida munosib ishtirok etish uchun “katta gapirdi”. Yodingizda bo‘lsa, bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov jamoa oldiga sovrinli o‘rinlardan birini egallash vazifasi qo‘yilgani haqida aytdi. Tarkibga ham o‘zi xohlagan o‘yinchilarni chaqirdi. Eshitishimizcha, mablag‘ masalasida muammo yo‘q.

“Neftchi” avvalgi mavqeini tiklash uchun chempionatga kirishdi. Lekin o‘sha mavqeni qaytarish juda va juda qiyinligini vaqtni o‘zi ko‘rsatib qo‘ymoqda. Yuriy Sarkisyandan keyingi “Neftchi” nima ahvolga tushganini yana qaytarishimiz shart emas, buni hamma biladi. O‘sha Sarkisyan davridagi “Neftchi”ga qaytish uchun yana qancha vaqt kerak, ochig‘i bilmadik.

neftchi4_1

Ilhom Mo‘minjonov Superligada “Neftchi”dagi debyutini g‘alaba bilan boshladi. 2 mart kuni Yaypanda “Qo‘qon-1912”ni kichik – 1:0 hisobida engdi. Go‘yoki, farg‘onaliklar shu bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurashni boshlagandek tasavvur uyg‘otgandi. Yo‘q, ular shunchaki mavsumni g‘alaba bilan boshlagan bo‘lib chiqdi, xolos. Vaziyat shunday tus ola boshladiki, “Neftchi” erinmasdan ketma-ket ochkolarni boy berishga “kirishib” ketdi. Mag‘lubiyatlar va duranglar epidemiyasi sababli farg‘onaliklar g‘alabadan ancha uzoqlashib ketishdi. Bu yoqda esa muxlislar yana qattiq aziyat chekishni boshladilar. Endigina “Neftchi”ning elitaga qaytganidan shod bo‘lishgan ishqibozlar sevimli jamoasining yuta olmayotganini ko‘rib g‘amga botdilar. Klubni tanlagan yo‘li bo‘yicha shubhalar orta boshladi. Tarkib bo‘yicha nolishga hojat yo‘q. Yaxshi futbolchilar. Ammo natija yo‘q. Bosh murabbiy ham bizningcha o‘ylanib qoldi hamda vaziyatdan chiqib ketish yo‘llarini qidirishga tushdi. Yaqinda serbiyalik mutaxassisni o‘ziga yordamchi sifatida taklif qildi. Shuningdek, oxirgi paytlarda matbuot anjumanlarida tarkibdagi o‘yinchilar, ayniqsa legionerlardan qoniqmayotganini ochiq aytdi. Nima qilsa ham tarkibni o‘zi to‘plagan.

neftchi3

Nihoyat, “Neftchi” uzoq muddatli g‘alabasiz seriyadan keyin “ko‘zini ochgandek” bo‘ldi. 2 mart kuni ilk g‘alabasiga erishgan jamoa 22 may oqshomida “Metallurg”ni qabul qilib 3:0 hisobida muvaffaqiyat qozondi. Bu paytga kelib Superliganing 10-turiga ham etib kelgandik. Bo‘larkan-u, dedi ko‘pchilik ushbu g‘alabadan keyin. Bu g‘alaba jamoani “uyg‘otsa” kerak deganlar ham ko‘p bo‘ldi, shekilli. Lekin keyingi turdayoq jamoa yana avvalgi holiga qaytdi. 11-tur, AGMK – “Neftchi” – 3:0! Demak, “Metallurg” ustidan qozonilgan yirik g‘alaba jamoani ruhlantirmabdi (har xolda shunday fikr keldi, xayolimizga). Hozirda klub 11 bellashuvda 2 g‘alaba, 3 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etdi. Shu sababli 9 ochko bilan 11-pog‘onani band etgan.

ilxom1_4

Bizningcha, chempionatimizdagi tanaffus hammadan ham ko‘ra ko‘proq “Neftchi”ga juda zarur edi. Mo‘minjonov jamoasining o‘yinidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun yaxshi fursat. Darvoqe, murabbiy yana bir jiddiy muammo bilan to‘qnashdi. Kutilmaganda “Neftchi”ning asosiy o‘yinchilarida birin-ketin jarohatlar kuzatila boshladi. Oqibatda bir qancha o‘yinchilari bir necha muddatga safdan chiqdi. Bunday holatda har qanday murabbiyning rejasiga o‘zgartirishlar kiritib yuboradi. Farg‘onaliklar ustozi ham o‘zi xohlamagan ravishda shunday muammo bilan to‘qnash keldi. 22 iyun kuni 12-tur doirasida “Nasaf” bilan uchrashuvgacha jarohatdagilar safga qaytishsa ajab emas.

Bir so‘z bilan aytganda, “Neftchi”ni qayta oyoqqa turg‘azish kerak. Bu borada yaxshi niyat bilan harakat boshlangan-u, lekin bu harakatda barakat ko‘rinmayapti. Yuqorida bejizga Sarkisyan paytidagi sovrindor jamoa haqida to‘xtalmadik. Balki o‘sha “Neftchi”ni qaytarishar, balki...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!