"Olimpiadaga chiqqanimizdan 20 daqiqa o‘tgach, ko‘plab jamoalardan takliflar tushdi, oxirgi o‘yin uchun tayyormiz" - Usmon Toshev

Bugun Qatarda o‘tayotgan U23 Osiyo Kubogining finali. Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoamiz Yaponiyaga qarshi bosh sovrin uchun maydonga tushadi.

Butun xalqimiz ushbu final uchrashuvini katta qiziqish bilan kutmoqda va yurtimizga Kubok bilan qaytishini juda-juda xohlamoqdalar.

O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Usmon Toshev final oldidan bir qator masalalarda Sports.uz uchun quyidagilarni aytdi:

Yaponiya to‘g‘risida

- Chempionatni oladigan bo‘lsak, Yaponiya kuchlilardan biri, qit’amizda ham. Buni bilamiz. O‘yinlarini albatta stadionda kuzatdik, nazorat qildik. Oldin o‘ynaganmiz. Yoshlar termalarimiz ham o‘ynagan. Terma jamoada ishlayotganimdan buyon Yaponiya bilan juda yaqindan ishlayapmiz. Do‘stlarimiz, tanishlarimiz, hamkasblarimiz bor. Yaponiya futboli bilan qiziqamiz, ular ham bizning futbol bilan qiziqib turishadi. Bir-birimizni bilamiz. Lekin boshqa tomoni ham bor. Yaponiyani o‘yinini ko‘rdik. Ammo ertaga ham ular shunaqa o‘ynaydi degan tushuncha yo‘q. Murabbiylar aqlli, texnologiyalar kuchli. Har xil vaziyatlarda turli taktikalardan foydalanadilar. Kuchini, harakatini bilamiz. O‘z o‘rnida ular ham bizning kuchimizni hamda harakatimizni biladilar. Shundan kelib chiqib tayyorlanyapmiz. Finalda yutishga harakat qilamiz.

Fayzullaev, Xusanov va Erkinovning klublariga qaytishi

- To‘g‘ri, uchala futbolchimiz xorijda to‘p surishyapti va barchasini o‘z joyi bor. Ular mahoratli va yigitlar bilan juda yaxshi chiqishadilar. Bilasizmi, agar e’tibor bergan bo‘lsangiz har bir uchrashuvda futbolchilarni 60-70 foizga almashtirib o‘ynadilar. Biror marta ikkita o‘yinda tarkibimiz bir xil chiqmadi. Hamma joyda rotatsiya bo‘ldi. Aytmoqchimanki, murabbiylar futbolchilarga, futbolchilar murabbiylarga ishonadilar. Har bitta joyda 2-3 tadan futbolchilarimiz bor. Bu yaxshi qadam. Albatta, legionerlarimizni o‘z o‘rni bor. Biroq tarkibdagi boshqa yigitlar ham kuchli. Do‘stlarining o‘rnini bilintirmasdan o‘ynaydilar. Hamma 100 foiz borini berib to‘p suradi.

Terma jamoamizning finalga tayyorgarligi qanday?

- Tayyorgarlik odatdagidek. O‘yindan so‘ng dam oldilar. Negaki, katta yo‘lni bosib o‘tdilar. Keyin yana mashg‘ulotlarga kirishdilar. Ko‘rdimki, futbolchilar yana futbolni sog‘inishgan. Garchi bir kun dam olishgan bo‘lishsa ham mashg‘ulotda sog‘inishgani bilinib turdi. Tayyorgarlik juda yaxshi. Kayfiyat a’lo darajada. O‘yinchilarning holati ham ajoyib. Hurmat qilib aytaman, balki Malayziyani kuchi boshqacharoq, Quvaytniki ham. Lekin Yaponiya bu – top jamoa. Olimpiadada barcha termalar top darajada bo‘ladi.

Olimpiadaga tayyorgarlik rejasi

- Olimpiada yo‘lida rejalar tuzganmiz. Birinchi tuzgan rejamiz bu – Yaponiya. Ham final o‘yini, ham Olimpiadaga tayyorgarlik bo‘ladi. Iyunda bitta FIFA kunlarimiz bor. Bundan albatta foydalanamiz. Bizga buning uchun takliflar bor. Indoneziya bilan o‘yinni tugatganimizdan keyin 20 daqiqa o‘tgach, 8-9 ta jamoalar o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish taklifi bilan chiqdilar. Olimpiadada qatnashadigan va qatnashmaydigan jamoalar bor. Qaysi biri bizga foyda keltiradi? O‘yin Toshkentda bo‘ladimi yoki xorijdami? Shularni puxta o‘ylayapmiz. Takliflar ko‘p. Bizga tanlab olish uchun yaxshi sharoit va imkoniyat bor. Avvallari kim bilan o‘ynaymiz deb raqib qidirardik. Endi bo‘lsa  tanlov ko‘pligidan raqib tanlayapmiz. Futbolimizni hurmati va obro‘i oshayotganidan dalolat. Men ishga kelganimda bunaqa narsalar yo‘q edi. Hozir terma jamoalarimizda bir yillik rejalar bor. Olimpiadaga chiqqan Evropa va Afrika jamoalari biz bilan o‘ynashmoqchi. Xudo xohlasa finalda yutib uyga qaytishimiz kerak. Murabbiyimiz ham, futbolchilarimiz ham shuni aytib o‘tishdi. Lekin biz bunga ortiqcha e’tibor qilmaymiz. Jarayon o‘z o‘rnida ketaveradi. Agar xaddan ziyod e’tibor qaratsak bosim va ortiqcha narsalar ko‘payadi. Hamma harakatda. Terma jamoamiz ichida muhit zo‘r. Mehmonxonada yoki boshqa joyda bizni qarsaklar bilan kutib olishyapti. Oxirgi o‘yin uchun tayyormiz. Hamma narsa yaxshi.

Shuhratbek Jo‘raev.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
03/05/2024 16:19
Ҳаётий(Аутентик) мақола, ҳам ёзса бўлар эканку.
Кенжаев Мажид
03/05/2024 11:38
Узбекистон албатта ютади, Иншооллох, Юкоридаги ички мухитни, Терма жамоамизга хам юктирсак улар хам факат ютиб келади! 2:0 булса хам етади! Ортикчасига куз тегади!