Osiyo o‘yinlari qahramoni Sharifa Davronova: "15 metrlik marrani zabt etish biroz keyinroqqa qolmoqda"

Engil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Sharifa Davronova, shubhasiz, Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining qahramonlaridan biri. Endigina 17 yoshni qarshi olgan sportchimiz uch hatlab sakrash dasturida o‘zidan ancha katta, xalqaro maydonda ulkan tajribaga ega raqibalari bilan munosib bellashib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu gal Sharifaning chempionlikka erishishi uchun 14.09 metr natija kifoya qildi. MOQ matbuot xizmati yosh chempionimiz bilan tashkil qilgan kichik suhbatni e’lon qildi:

– 2023 yil boshida yangi yilda oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz haqida gapirganingizda Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonish va 15 metrlik marrani zabt etishni niyat qilganingizni aytgan edingiz. “Osiyo Olimpiadasi”ning chempionligi naqd qilindi. 15 metrlik natijaga erishish uchun nimalar qilmoqdasiz?

"Maqsadlardan eng asosiysini bajara oldim. Osiyo o‘yinlarining oltin medali men uchun juda muhim edi. Afsuski, yoz faslining boshida jarohat olganimdan keyin mashg‘ulotlardagi rejalar butunlay o‘zgarib ketdi. Shu bois, 15 metrlik marrani zabt etish biroz keyinroqqa qolmoqda. Hozir bu yo‘lda murabbiyim bilan ishlayapmiz".

– O‘sha jarohatingiz jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashishga to‘sqinlik qildi. Osiyo o‘yinlarida ham u o‘z ta’sirini ko‘rsatmadimi?

"Yo‘q, ta’siri bo‘lmadi. Jarohat jahon chempionatida ancha pand bergan edi. Osiyo o‘yinlariga yuqori sport formasida etib keldim. Shu bois unda kerakli natijani ko‘rsata oldim".

– Osiyo o‘yinlari davomida uzunlikka sakrash dasturida ham qatnashdingiz. Bu salbiy ta’sir o‘tkazmadimi?

"Aksincha, foyda bo‘lib xizmat qildi deyish mumkin. Ochig‘i, uzunlikka sakrash dasturi men uchun asosiy bo‘lgan uch hatlab sakrash yo‘nalishiga munosib tayyorgarlik bo‘lib xizmat qildi. Uzunlikka sakrash asosiy dasturim bo‘lmagani uchun unda maksimal darajada harakat qilmadim. Bu esa uch hatlab sakrashdagi chiqishimda katta yordam berdi".

– Yil yakunigacha qanday rejalar bor?

– Qisqa dam olishdan so‘ng yana mashg‘ulotlarni boshladik. Bizda yil yakunigacha musobaqalar yo‘q. Kelasi yil boshida yopiq inshootlardagi Osiyo va jahon chempionati bor. Hozir murabbiyim bilan shunga tayyorgarlik olib boryapmiz. Nasib qilsa, ularda Olimpiada normativini bajarishga harakat qilaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!