O‘zbekistonlik jahon chempioni nega to‘rt marotaba operatsiya qilingandi yoxud uning Olimpiadaga borish imkoniyati qanday?

Bir necha yillar avval porlab chiqqan Dimitriy Shokin taekvondo (WT) bo‘yicha salmoqli natijalarni qo‘lga kiritgandi. Jumladan, 2015 yil jahon chempioni, ikki karra Osiyo chempioni va Butunjahon universiadasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi. Biroq Rio Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin faoliyatida pasayish yuzaga kelgandi. Oldinda esa Tokio Olimpiadasi turibdi. U samuraylar yurtidagi to‘rt yillikning eng nufuzli turnirida ishtirok etadimi? Shu va boshqa savolar bilan unga murojaat qildik.

 - 2016 yilgi Rio Olimpiadasidan keyin faoliyatingizda biroz pasayish yuzaga kelgandek taassurot uyg‘ondi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Assalomu alaykum. To‘g‘ri aytdingiz, Rio Olimpiadasidan keyin anchagina jismoniy holatim pasayib ketgandi. Chunki Rioda qo‘lim singan edi. 2016-2017 yillar mobaynida qo‘limni uch marotaba operatsiya qildirdim. 2018 yilda esa, yana bir falokat ro‘y berdi. Aniqroq qilib aytsak, velosipedda mashg‘ulot o‘tkazayotganimda ortimdan mashina kelib, urib yubordi. Shu tufayli, ko‘p mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordim. 2019 yil yana bir operatsiyani boshimdan o‘tkazdim. Bu safar tizzamdagi jiddiy jarohat sababli Germaniyada jarrohlik amaliyotidan o‘tdim. Shukrki, hozirgi kunga kelib, barchasi a’lo darajada. 2020 yil esa barchaga ma’lum pandemiya sababli musobaqalarda ishtirok eta olmadik. Pandemiya mobaynida barcha jarohatlarim tuzalib, hozirgi kunga kelib, yaxshi jismoniy holatimni tiklab oldim.

- Shuningdek, bugungi kundagi eng dolzarb mavzu bu - Tokio Olimpiadasidir. Jahon taekvondo qonun-qoidasiga muvofiq, bitta mamlakat ikkita vazn toifasida ishtirok etishi mumkin. O‘zbekistonda esa, Nikita Rafalovich litsenziyani qo‘lga kiritgan. Yakuniy litsenziya beruvchi turnirga bir sportchi borishi kerak bo‘ladi. Lekin O‘zbekiston terma jamoasi safida boshqa vazn toifalarida ham yaxshi sportchilar bor. Bu borada sizning imkoniyatingiz qanday?

- Albatta, har bir sportchining bosh maqsadi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish, desam yanglishmagan bo‘laman. Men ham buning uchun yaxshi tayyorgarliklar olib bormoqdaman. To‘g‘ri, hozirda Nikita Rafalovich yo‘llanmani naqd qilgan va endi, bir nafar bolagina litsenziya olishi mumkin. Bizda buning uchun uchta vazn toifasi bor. Qaysi vazn toifasidagi sportchi boradi, hali ma’lum emas. Barchamiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida jiddiy tayyorgarlik olib bormoqdamiz. Yakunda, kimning imkoniyat yaxshi, qay birimizning jismoniy holatimiz yuqori darajada bo‘lsa, o‘sha boradi. Albatta, buni rahbariyatimiz imkoniyatlarimizga qarab hal qiladi.   

 - Siz +80 kg vazn toifasida dayanga chiqasiz. Vazn toifangizda o‘sha nigeriyalik Abdulrazzoq Issifu, ivuarlik Firman Zoku, ozarbayjonlik Radik Isaev, janubiy koreyalik Cha Don Min kabi yaxshi saviyadagi ehtimoliy raqiblarga egasiz. Ularning qay birlari siz uchun juda noqulay raqib hisoblanadi? Umuman ular hozirda ham faoliyatini davom ettirayaptimi?

- Shubhasiz, bizning vazn toifamizda juda ko‘p yaxshi sportchilar bor. Sanab o‘tganlaringizdan koreyalik va ivuarlik taekvondochilar faoliyatini yakunlashgan. Radik Isaevning yo‘llanma olish yoki olmasligi hali ma’lum emas. Nigeriyalik Abdulrazzoq Issifu esa, reyting ochkolari orqali litsenziyani qo‘lga kiritgan. Xabaringiz bor, Issifu bilan Rioda finalga yo‘l olish bosqichida to‘qnash kelganman va mag‘lubiyatga uchragandim. U juda noqulay, yanglishmasam bo‘yi 2,08 metr edi. Bunday sportchilar bilan jang olib borish uchun o‘sha vaqtda yuqori tayyorgarlikka emasdim. Hozir esa terma jamoada ham shunday baland sportchilar bilan mashg‘ulotlarda ishladim va bunday raqiblarga ham tayyorman, deb ayta olaman.

 - Agar, Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritsangiz, g‘oliblik yo‘lidagi jiddiy raqiblar kimlar bo‘lishi mumkin? Ehtimol, yaqin orada yana yangi yulduzlar paydo bo‘lgandir?

 - Ha, kundan-kunga yangi yulduzlar paydo bo‘lmoqda. Yoshlar o‘sib kelmoqda. Tokio Olimpiadasini oladigan bo‘lsak, eng jiddiy raqiblar rossiyalik Vladislav Larin, Janubiy Koreya vakili va o‘sha nigeriyalik Issifu bo‘ladi. Biroq Olimpiadada bu sportchi favorit, deyish nisbiy bo‘ladi. Misol uchun, Rio Olimpiadasida Radik Isevdan hech kim kutmagandi, oltin medal olishni. Ammo u barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempion bo‘la oldi. Shuning uchun 100 foiz bu etakchi bo‘ladi, deb aytib bo‘lmaydi. Sportda har narsa bo‘lishi mumkin.

- Hali ham Faxriddin Umarov qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib borasizmi?

 - Ha, yoshligimdan beri Faxriddin aka Umarov qo‘l ostida shug‘ullanib kelaman. Hozirda ham shunday. Shu o‘rinda, ustozimga ushbu darajaga etib kelishimdagi ulkan hissasi uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. O‘ylaymanki, murabbiyim bilan kelajakda ham yaxshi natijalar qayd etamiz.

shokin1

- Yanglishmasam "Tornado" klubi tarbiyalanuvchisi edingiz. Bu klub hamon faoliyat yurityaptimi?

- Albatta, “Tornado” klubida tarbiya topganman. Bu klubning asoschisi ustozim Faxriddin aka Umarov bo‘ladi. Hozirgi kunda ham bu klub faoliyat yuritmoqda. Agar, terma jamoada mashg‘ulotlarimiz bo‘lmasa, ushbu klubimga borib, yosh taekvondochilar bilan birgalikda mashg‘ulotlar olib boraman.

 - O‘zbekiston miqiyosida ham sizga jiddiy raqobat tug‘dira oladigan yoshlar etishib chiqayotgan bo‘lsa kerak. Sizdan keyin bu vazn toifasida kim etakchi bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?

- Bizning sportchilarimiz ham tobora kuchayib bormoqda. Bir necha yillardan buyon O‘zbekiston chempionati finalida surxondaryolik Shohruh Rajabov bilan to‘qnash kelamiz. U juda iste’dodli sportchi. O‘ylaymanki, Tokio Olimpiadasidan so‘ng faoliyatimni yakunlasam, Shohruh bu vazn toifasida yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladi.

 - Bokschimiz Isroil Madrimov bilan qadrdon ekanligingizni yaqindagina ijtimoiy tarmoqqa yuklagan rasmlar va izohlardan ham bilish mumkin. Yana qaysi sportchilarimiz bilan yaqin do‘stona munosabatga egasiz?

 - Isroil bilan juda yaqin do‘stmiz. Nafaqat u balki, bokschilarimizdan Murodjon Ahmadaliev, Bahodir Jalolov va Shahram G‘iyosov ham yaqin o‘rtoqlarim hisoblanadi. Shuningdek, og‘ir atletika bo‘yicha mashhur sportchimiz Ruslan Nuriddinov, erkin kurashchi Bekzod aka Abdurahmonov va yunon-rum kurashchisi Elmurod aka Tasmurodovlar bilan ham do‘stona munosabatga egaman. Umuman bunday sportchi do‘stlarim ko‘p. Yana shuni aytib o‘tishim mumkinki, 2017 yil Isroil Madrimov hamda Ruslan Nuriddinov bilan Chirchiqda birga harbiy xizmatni o‘taganmiz. Shuning uchun ular bilan ko‘proq uchrashib turaman.

 - Adashmasam xorvatiyalik taekvondochi qiz bilan ham do‘st edingiz? Munosabatlar saqlanib qolganmi?

- To‘g‘ri, xorijdagi turnirlar mobaynida ko‘plab taekvondochilar bilan do‘stlashganmiz. Xorvatiyalikdan boshqa yana qizbola do‘stlarim ham bor. :)  Endi, barcha taekvondochilar bir-birini hurmat qiladi. Shuning uchun ko‘pchiligi bilan yaxshi munosabatdamiz. Bevosita internet orqali va turnirlarda ko‘rishib, gaplashamiz, bayramlarda bir-birimizni tabriklab turamiz.

 - To‘g‘risi, men o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatingizga va ravon so‘zlashingizga qoyil qolaman. Keling ushbu holatga izoh bersangiz? Bu o‘zbek mahallasida yashaganingiz bilan bog‘liqmi?

- O‘zbek tilini yoshligimdan o‘rganishni boshlaganman. Sababchisi dadam bo‘ladi. Dadam mahallada o‘sgan. O‘zbek do‘stlari ko‘p bo‘lgan va ulardan o‘rgangan. Hozir ham mahallada yashaymiz. Yarmini dadam, yarmini esa do‘stlarimdan o‘rganganman. Qolaversa, murabbiyim Faxriddin aka ham yordam bergan. Chunki mashg‘ulotlarda barcha o‘zbek bolalar bittagina men rus edim. Shuning uchun o‘zbek tilida gapirardi. Tushunmagan so‘zlarimni bolalardan so‘rab olardim. Maktabda, litseyda va universitetda ham o‘zbek tili darslariga qoldirmasdan kirardim. Hozirga qadar, o‘rganib kelayapman.

- Suhbat uchun tashakkur. O‘ylaymanki, o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga erishasiz. Bu borada sizga omad tilaymiz!

- Katta rahmat. Fursatdan foydalanib, barchani yangi yil bilan muborakbod etaman. Barcha sog‘-salomat bo‘lsin. Yaxshi natijalar bilan xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz!

shokin2

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!