Qirolning ta’sirli hikoyasi: "Everest"dan to joniga qasd qilish yoqasigacha borgan Tayson Fyuri!

  • 10 dekabr, 2021, 09:00
  • 0
  • Boks

Tayson Fyuri bu boks olamining bugungi kundagi qiroli. U o‘z chiqishlari bilan millionlab muxlislar e’tibor markazida turadi. Har bir jang uchun juda katta gonorar qo‘lga kiritadi. Bir qarashda, u omadli insondek taassurot qoldirishi mumkin, ammo xulosa qilishga shoshilmang! Uning qalbi tubidagi hikoyaga quloq soling! Qahramonimiz barcha-barchasi uchun nimalarni boshdan kechirishga majbur bo‘lganini his etib ko‘ring!

"Hayotimning asosiy maqsadi Klichkoni ringda taslim etish bo‘ldi. Men o‘smirlik chog‘imdan boshlab superog‘ir vazn qirolini taxtdan ag‘darish haqida o‘ylar edim. Shu maqsad bilan yashadim. O‘sha paytlari hayotda boshqa maqsadim qolmagan edi. Havaskor boks bilan shug‘ullanib yurgan chog‘larim Vladimir Klichkoning chempionlik janglarini tomosha qilganman. Men doimo uni taslim etishni orzu qilganman. Bu "Everest" cho‘qqisini zabt etishdek murakkab, ammo yoqimli his etdi. Bu jangdan so‘ng ichimdagi olov so‘nganini his qildim. Uyog‘iga, o‘zimni mashg‘ulotlarda majburan ishtirok etayotganimni seza boshladim. Tongda uyg‘onib, o‘zimni juda yolg‘iz his qilardim. Ichim bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgandi. Vaholanki, farzandlarim, oilam, sevgan yorim, pul, mashina, uy va boshqa barcha narsam bor. Bolaligimdagi orzu - Klichko ustidan qozonilgan g‘alaba ham cho‘ntagimda edi. Afsuski, bu jangdagi g‘alaba qozonish hisi meni tark etdi. Uning o‘rnini esa, hech narsa to‘ldira olmay qoldi. Menda biror bir ish qilish uchun motivatsiya qolmadi. Tishimni yuvish, dush qabul qilish ham malol kela boshladi. Hech narsa qiziq bo‘lmay qoldi. Men "sindim". Men AIBA kamarini himoya qilishdan bosh tortim. Natijada, uni mendan tortib olishdi.

Keyin, qo‘limdagi barcha narsa havoga uchib ketdi. Hamma narsam bor edi. Mashhurlik, pullar, natija, oila - hamma-hammasi, biroq o‘zimni nega bunday baxtsiz his etayotganimni hech kim so‘z bilan tushuntirib bera olmasdi. Bora-bora hayotim endi hech qachon avvalgidek yorqin bo‘lmasligi haqida o‘ylay boshladim. Miyamni omadsiz ekanligim haqidagi fikr tark etmay qo‘ydi. Iloji boricha pozitiv fikrlashga urindim, biroq xayolimdagi negativ fikrlar hech qaerga ketmadi. Negativ, negativ, negativ! Hatto, atrofimdagilar ham mendan yomon energiya olayotganini seza boshladim. Barchasini unutish maqsadida ichkilikka ruju qo‘ydim. Narkotik moddalarga o‘ralashib qoldim. Tunlari uyga kelmaydigan odat chiqardim. Boks, hayot, natijalar, oilam - hech biri qiziqtirmay qo‘ydi. Shunchaki, hammasi tugashini, o‘lishni istay boshladim. Ichkilik ichganimda yoki narkotik qabul qilgan paytlarimda o‘zimni baxtli his qila boshladim. Hammasi chiroyli, hammasi yoqimli, ammo o‘zimga kelgach, muammolar hech qaerga ketmaganini his etaman. Bunday kunlarning oxiri bo‘lishi shart edi. Shu bois, o‘z jonimga qasd qilishga qaror qildim. Ortiq bunday hayot kechirib bo‘lmasligini chuqur his etdim. Men hammaga ozor bera boshladim, o‘zimdan nari qildim. Katta yo‘l boshida yolg‘iz qoldim. 2016 yilning yozida yangi Ferrari sotib oldim. Unga o‘tirdim va uyim oldidagi katta yo‘lda tezlikni oshirdim. 5 km masofaga cho‘zilgan yo‘l oxirida ko‘prik ustuni bor edi. Buni bilib turib mashina tezligini 300 km/soatga qadar oshirdim. Men do‘sltarim, oilam, kareram, barcha-barchasiga tupurdim. Meni hech narsa qiziqtirmay qo‘ydi. Shunchaki, o‘lmoqchi edim. Ko‘prik uzoqdan ko‘rinishi bilan g‘oyibdan ovoz keldi.
"Tayson, bunday qilma! Bolalaringni o‘yla! Ularga barcha seni qo‘rqoq bo‘lganingni aytishini istaysanmi?"

Ko‘prik oldida mashinani to‘xtatdim. Qo‘llarim qaltiray boshladi. Men nima qilish kerakligini bilmas edim. Afsuski, bu voqea meni hayotga qaytara olmadi. Sog‘lig‘im bilan umuman qiziqmay qo‘ydim. Oydan oyga vaznim ortib bora boshladi. 150, 170, 180kg! Birorta kiyimim sig‘may qoldi. Hammasini o‘zgartirib yuborgan voqea 30 yoshga to‘lganimda bo‘ldi. "Xellouin" bayramida bo‘kib ichmoqchi edim. Qo‘rqinchli libosni kiyib barga keldim. Ozgina ichgach, atrofga nazar tashladim. Hamma o‘yin-kulgu qilar, hech kimning hech narsa haqida bosh qotirgisi yo‘q. Ularga razm solar ekanman, o‘zimga o‘zim savol berdim. "Men shunday hayotni istaganmidim?" O‘rnimdan turdim va uyga yo‘l oldim. Kelishim bilan, tiz cho‘kib o‘tirdim. Yaratgandan menga yordam berishini yalinib-yolvordim. Bunga qadar ham ko‘p ibodat qilganman, ammo hech qachon undan yordam so‘ramaganman. Ko‘zlarimdan oqayotgan yoshlarni to‘xtata olmadim. Ko‘ylagimning yoqalari xo‘l bo‘lib ketdi. Men ana shundagina, Yaratganning yordamisiz bu vaziyatdan chiqib keta olmasligimni angladim. 20 daqiqa ibodat qildim. Yaratgandan kuch-quvvat berishini ko‘zda yosh bilan so‘radim. O‘rinimdan turganimda, elkamni bosib turgan g‘am-tashvishlar pastga qulaganini sezdim.
Ertasi kuni tongda sport kiyimlarimni kiyib 2 mil masofaga yugurmoqchi bo‘ldim. Atigi 200 metr yugura oldim, xolos. Ich-ichimdan boshqa yugura olmasligimni his qildim. Vaholanki, men doim kuchli atlet bo‘lganman. Hozir esa, 200 metrdayoq to‘xtashga majbur bo‘ldim. Shunga qaramay, maqsadimdan qaytmadim. 2 milni piyoda bo‘lsa ham bosib o‘tishga qaror qildim. Yurib borar ekanman, "Instagram"da Deontey Uaylderning men haqimda aytgan so‘zlariga ko‘zim tushdi. U meni kurashdan chiqqanimni aytdi. Bunga qadar u Mayk Taysonni birinchi raunddayoq nokautga uchratishi haqida bayonot bergan edi. Videoni ko‘rgach, ortga qaytishga qaror qildim. Endi menda maqsad paydo bo‘ldi! Deontey Uaylderni taslim etish! Endi 60 kg vazn tashlashim va barcha yomon illatlardan voz kechishim shart! 2017 yilning boshida yana boks olamiga qaytganimni e’lon qildim. Har tong erta uyg‘onish va ko‘proq masofaga yugurishni boshladim. Men qaytdim, qo‘limdan chiqib ketgan hamma narsani ortga qaytardim. Yana mashg‘ulotlardan lazzat olishni boshladim. Eng muhimi, oddiy bir haqiqatni tushunib etdim. Hech kim o‘zi haqidagi asl haqiqatni qabul qilishni istamaydi. Avvallari, meni baqaloq yoki piyonista, deyishlariga chiday olmas edim. Hozir, buni tan olaman. Aynan o‘sha kundan boshlab, hayotimdagi eng og‘riqli muammoni engdim. Agar o‘z mag‘lubiyatingni tan olmasang, hech qachon yana kurashga qayta olmaysan! O‘tmish bilan hayot kechirgan inson ulkan g‘alabalarga erishmaydi".

2020 yilning 22 fevral oqshomida Tayson Fyuri butun dunyoni hayratga soldi. 2015 yilda Klichko ustidan qozonilgan g‘alaba ham barchaning yodidan ko‘tarilib ketdi. Ketma-ket 40 ta jangda g‘alaba qozongan Uaylder Tayson Fyuri tomonidan nokautga uchratildi. Britaniyalik sportchi zamonaviy boksdagi eng kuchli texnika egasini barcha frontlarda taslim etdi. Bunisi muhim emas. Asosiysi, u o‘z hayotidagi eng kuchli raqib - o‘zini engdi!
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!