Quvondiq Ro‘ziev: Kuper professionallik bo‘yicha mahalliy murabbiylarga o‘rnak bo‘la olardi

  • 29 mart, 2020, 19:37
  • 0
  • Futbol

Koronavirus kasalligi keng tarqalayotgani tufayli yuzaga kelgan karantin vaqtida "Qo‘qon-1912" yarim himoyachisi Quvondiq Ro‘ziev intervyu berdi. Bu haqda, "Surxon" klubining matbuot xizmati xabar berdi. Ushbu futbolchi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

- Nega bu yili "Surxon" jamoasi taklifini rad etdingiz?

- "Surxon" jamoasi taklifini rad etganim yo‘q. O‘tgan yilgi chempionat tugashidan oldin "Surxon" jamoasi murabbiyi men bilan aloqaga chiqqanda tushuntirdim xorij klublaridan taklif bo‘layotganini va o‘zimni ham xorijda o‘ynash niyatim borligimni aytdim. Shundan so‘ng, men bilan boshqa aloqaga chiqishgani yo‘q.

- Olingan ma’lumotlarga qaraganda, sizga Janubiy Koreya klubi jiddiy qiziqish bildirgan. Nega ushbu transfer amalga oshmadi?

- Ha, xorij klublarining 2-3 tasidan takliflar bor edi. Koreyadan tashqari, yana boshqa davlatlardan ham taklif bor edi. O‘zim ham ketishni niyat qilib turgandim. Rostini aytadigan bo‘lsam, "Qo‘qon-1912" yangi bosh murabbiy bo‘lgan Baxtiyor Ashurmatov menga hech bo‘lmasa yarim yil "Qo‘qon"ga yordam berishim kerakligini aytdi va men ham shu jamoada 2-3 yildan beri mehnat qilib kelayotganligim uchun yo‘q, deya olmadim. Lekin hali ham fikrimdan qaytganim yo‘q, o‘zimni xorij klublarida sinab ko‘rish niyatim bor.

- Sizni futboldagi ilk murabbiyingiz kim?

Futboldagi birinchi murabbiyim emas, yoshligimdan menga futbol sirlarini o‘rgatgan murabbiyim Rustam aka Oripov bo‘ladilar. Aynan shu inson nafaqat futbolda balki hayotda ham menga ko‘p narsalarni o‘rgatgan. Rustam aka mendan tashqari Ikrom Aliboev, Xurshid Muxtorov, Doniyor Usmonov va Timur Usmonovga ham ustoz hisoblanadi.

- "Surxon" jamoasi o‘yinlarini kuzatib borasizmi?

-"Surxon" jamoasi o‘yinlarini imkon qadar kuzatib borishga harakat qilaman. Agar vaqt bo‘lib, mashg‘ulotlarga to‘g‘ri kelib qolmasa, o‘yin kuniga to‘g‘ri kelib qolmasa, albatta, o‘yinini ko‘raman.

- Ektor Kuper haqida fikrlaringiz? Kuperning mahalliy murabbiylardan farqli jihati nimada?

- Kuper birinchi navbatda ajoyib inson edi. Haqiqiy professional murabbiy. U bilan maydondan tashqarida hoxlagancha hazil qilasiz. Muammolaringizni aytsangiz imkon qadar birgalikda hal qilar edi. Lekin maydonda va mashg‘ulotlarda haqiqiy qattiq qo‘l murabbiy. Kuperni mahalliy murabbiylar bilan solishtirmagan bo‘lardim. Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha ustun jihatlari bor. Kuper professionallik jihatidan mahalliy murabbiylarga o‘rnak bo‘la olardi. Kuper - bir so‘zni doim takrorlardi: "terma jamoa eshiklari hamma uchun ochiqdir". Kim o‘zini yaxshi tomonlama ko‘rsatsa, men uni albatta terma jamoaga chaqiraman, derdi. Shu jihatlari bilan ajralib turardi, desam ham bo‘ladi.

- "Surxon" jamoasiga qaytish niyatingiz bormi?

Surxondaryo o‘zim tug‘ilib o‘sgan joy. Albatta bu viloyat sha’nini himoya qilish men uchun sharafdir! Xudo hoxlasa hali albatta qaytish niyatim bor. Faqat boya yuqorida aytganimdek, hozirgi asosiy maqsadim o‘zimni xorij jamoalarida sinab ko‘rish yoki o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan (OChL) jamoalarda o‘ynash.

- Futboldagi eng yaqin do‘stingiz kim?

Futboldagi do‘stlarim judayam ko‘p. Eng yaqin do‘stim Ikrom Aliboev. U bilan yoshligimdan birga katta bo‘lganmiz. Ikrom bilan 12-13 yildan beri birgamiz. Undan tashqari, Xurshid Muxtorov, Sarvar Karimov bilan yoshligimdan do‘stman.

- Qaysi futbolchining o‘yinlari sizga yoqadi?

- Asosan bitta futbolchini aytmagan bo‘lardim. Lekin ko‘proq "Liverpul" sobiq yarim himoyachisi Koutinoni o‘yinlarini doimiy kuzatib boraman.

- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

- Yoshligimdan futbolga kirib kelib, futbolni taniganimdan beri Italiyaning "Milan" jamoasiga muxlislik qilaman. Ushbu jamoa mening futbolga kirib kelishimga mehr uyg‘otgan, desam ham adashmagan bo‘laman. Hozirgacha ham aynan "Milan"ga muxlislik qilaman.

- Futbolchi bo‘lish uchun puli bo‘lishi kerak, degan fikrlarni eshitamiz. Siz bunga qanday javob berasiz?

Bu fikrga mutlaqo qo‘shilmagan bo‘lardim. Nafaqat futbolda balki hayotda ham shunaqangi vaziyatlar bo‘ladiki "pul" hech narsani hal qilmay qoladi. Bu shunchaki oddiy mahalliy odamlar orasidagi gaplar. Lekin futbolchi bo‘lib yoki futbol ichida yashagan inson uchun bu shunchaki kulgili gap tuyiladi. To‘g‘ri, ba’zida bo‘lishi mumkin, masalan yoshligida o‘g‘li boshqa narsaga qiziqsa ham uni majburlab futbolga qo‘yib, murabbiy bilan yaxshi bo‘lib, unga 1-2 so‘m pul berib, o‘g‘lini o‘ynatsa bo‘lar. Bu faqat yoshligida shu ishlarni qilishingiz mumkin. Lekin bu narsa 15-16 yoshga to‘lganda avtomatik tarzda o‘z so‘zini aytadi. O‘sha bolaning futbolchi bo‘lib etishishi 90% dan 10% bo‘lib qoladi. Shuning uchun birinchi navbatda insonda xarakter bo‘lishi kerak. Umuman, hayotda ham xarakter bo‘lmasa biror nimaga erishish qiyin. Bu gaplarim hozir oddiy gapga aylanib qolgan. Yuqorida aytganimdek, futbol ichida bo‘lgan odam uchun futbol umuman boshqacha narsa.

Ba’zida o‘sha bolani o‘zi yoki otasi tan olgisi kelmaydi. Misol uchun o‘g‘lini biror klubga olib bordi, kuchi etmadi, tortolmadi. Keyin nima deydi? Do‘stlariga yoki yaqin qarindoshlariga "meni o‘g‘lim futbolga tortmas ekan, meni o‘g‘limdan ham yaxshilar bor ekan", degan fikrni aytadigan 100 ta odamdan bitta chiqadi. Keyin o‘sha bola nima biz bilan borgan 3-4 tasi tanish bilan kirib ketdi, mendan shuncha pul so‘radi, shu sababli futboldan ketdim, futbolni yig‘ishtirdim, hamma yoq pul bo‘lib yotibdi degan gaplar aytiladi. Shu sababli mana shu gaplar kelib chiqqan, deb o‘ylayman. Tanish-bilish, pul - bu umuman bo‘lmagan narsa. Futbolda umuman yo‘q narsa. Chunki jahon tajribasida ham asosan yulduz o‘yinchilar qiyinchilikda katta bo‘lgan o‘yinchilar hisoblanadi. Xarakter evaziga g‘olib chiqqan o‘yinchilar ular. Misol tariqasida Braziliyani keltirish mumkin. Futbolchilari asosan ko‘chada katta bo‘lyapti va qizig‘i ular keyinchalik yulduz futbolchilarga aylanayapti. Nimani evaziga - qiyinchilik va xarakter evaziga. Shunday ekan puli bo‘lishi kerak degan fikrlar mutlaqo notog‘ridir.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!