Shevchenko va Sautgeyt hikoyasi: Bu safar kim g‘olib bo‘ladi?

  • 2 iyul, 2021, 09:30
  • 2
  • Futbol

Kecha Evropa chempionatining so‘nggi 1/8 final uchrashuvida Ukraina 120 daqiqadan ortiq davom etgan bahsda Shvetsiya ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi va musobaqaning chorak finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endi Andrey Shevchenko boshchiligidagi ukrainaliklar 3 iyul kuni Garut Sautgeyt boshqaruvidagi Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Kechagi o‘yindan so‘ng, Shevchenko va Sautgeytning maydondagi qarama-qarshiligi aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Biz esa ushbu surat qachon va qaysi o‘yinga taalluqli ekani haqida so‘z yuritmoqchimiz.

2000 yilning may oyida Ukraina terma jamoasi Angliyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish uchun Londonga keladi. Ushbu o‘yindan oldin terma jamoalarning maqsadlari turlicha edi. Masalan, inglizlar “Evro-2000”ga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini o‘tkazayotgan bo‘lsa, ukrainaliklar kuzda boshlanadigan “JCh-2002” saralashi uchun tayyorlanayotgan edi.

Angliya terma jamoasi ushbu o‘yinga to‘liq asosiy tarkib futbolchilari bilan ishtirok etmadi. Bosh murabbiy Kevin Kigan ushbu o‘yin orqali Evropa chempionatidan oldin tarkibda ayrim tajribalarni amalga oshirishni maqsad qilgan edi. Aynan shu sababga ko‘ra, “Oltin to‘p”ning bo‘lajak sohibi Maykl Ouen va asosiy darvozabon Devid Simen hatto o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmadi.

Lobanovskiy esa aksincha, super jangovar tarkibni maydonga tushirdi. Shevchenko, Rebrov, Lujniy, Vashchuk va Timoshchuk. Faqatgina o‘sha paytda tizzasidan operatsiya qilingan Shovkovskiyni o‘sha o‘yinni o‘tkazib yuborgan xolos.

Ukrainlarning dastlabki ikki xavfli vaziyatini Shevchenko yaratgan: ikkala safar ham Sautgeyt bilan birga-bir kurashgan. Birinchi vaziyatda u jarima maydonchasiga xavfli tarzda uzatma amalga oshirdi, ikkinchisida darvoza tomon o‘zi zarba berdi. Ammo bularning hech biri ish bermadi. Ammo Shevchenko va Sautgeyt qarama-qarshiliklaridan biri fotosuratga muhrlandi.

O‘yinning 45-daqiqasida Devid Bekxemning burchakdan oshirgan to‘pini Robbi Fauler Ukraina darvozasiga joylab qo‘ydi va o‘yinda hisobni ochdi.

Ukrainaliklar ikkinchi bo‘limni yanada tetikroq boshlashdi - barchasi Shevchenko tufayli. Avvaliga Andrey to‘pni Toni Adams va Sol Kempbel o‘rtasidan o‘tkazgan holda ajoyib zarba berdi, ammo bu natija bermadi. Shevchenkoning shu kungi darvoza tomon yo‘llagan eng xavfli zarbasi jarimadan amalga oshirildi. Afsuski,  "Lids" darvozaboni Nayjel Martin bu zarbani ham qaytarishga erishdi.

Ko‘p o‘tmay, inglizlar ikkinchi bo‘lib gol urishdi. Bekxemning yana bir super pasidan so‘ng, to‘pni Adams egallab oldi va Kernozenko qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi.

Shundan so‘ng o‘yinda hisob boshqa o‘zgarmadi. Shevchenko va Sautgeyt o‘yinning boshidan to oxirigacha maydonda kurash olib bordi. Ushbu ikki afsonaning murabbiy sifatidagi duelida kimning qo‘li baland kelishini 3 iyul kuni ko‘ramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Эшалиев Шавкат
02/07/2021 11:47
Украинага ва Шевченкога омад!
&
Ашуров Бахтийор
02/07/2021 10:36
Шевченко ва унинг шогирдларига омад!